Islombek Ismoilov: "Meni hayron qoldirgan jamoalar "Lokomotiv" va "Surxon". "Paxtakor" va "Navbahor"da 18 yoshlik yigit asosiy tarkibda o'ynayotgani yo'q"

Aslanov Jasurbek
20 sen 2026, 23:34
Bugun Superliga 22-turidan o'rin olgan "Lokomotiv" - "Neftchi" (0:1) o'rtasidagi o'yindan so'ng farg'onaliklar ustozi Islombek Ismoilov o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Assalomu alaykum barchaga. Birinchi navbatda "Lokomotiv" jamoasini bilan tabriklayman. Ular sifatli hamda ishonchli o'yin namoyish etishdi. Yigitlar munosib qarshilik ko'rsatdi, oxirgi o'yinlarni tahlil qilganimizda, Namanganda "Navbahor"dan ochko oldi, undan tashqari uyda Samarqandning "Dinamo" jamoasini mag'lub etdi. Natijalar, "Lokomotiv" qandaydir o'sishga erishayotganini ko'rsatib turibdi. Shu narsalarni hisobga olgan holda bu o'yinga bor kuchimiz bilan, finaldagidek e'tibor qaratishni rejalashtirgan edik, sababi chempionatdagi eng muhim o'yinlardan bittasi edi. Yigitlarga rahmat aytaman, aytilgan ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishdi va o'ylaymanki g'alabaga haqli edik. Barcha ancha uzoq yo'l bosib kelgan, sovuq havoga qaramasdan bizni qo'llab-quvvatlagan barcha muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman va ajoyib g'alabalar bilan ularni tabriklayman.

- O'yin oson kechmadi. Bitta savolim bor edi. 30-daqiqadan keyin zaxira futbolchilari maydonga tushguncha to'liq ustunlik sizlarning tomoningizda edi. Juda ham katta ustunlik edi. Lekin maydonga zaxiradan 3 ta futbolchi tushgandan so'ng, o'yin mutlaqo boshqacha kechdi. "Lokomotiv" o'yinga qo'shdi va oxirida ko'rdik 2-3 ta yaxshi vaziyatlarni yaratdi. Muammo nimada edi deb o'ylaysiz?

- Endi bunaqa o'yinlarda o'zi aslida zaxiradan qo'shilib ketish ham qiyin. Zaxira bazida zo'r o'yinni kuchaytirib berishi mumkin, bazida mana shunaqa holatga keltirib qo'yishi ham mumkin. Lekin doim maqsadimiz o'yinni kuchaytirish, o'sha hujum chizig'ida 3 ta futbolchimizda charchoq alomati bor edi. Umuman biz uchta frontda kurash olib boryapmiz, chempionlar ligasida ham baribir juda katta kuch yo'qotildi va o'shaning uchun o'yin davomida ham futbolchilarning o'sha holatidan kelib chiqib almashtirish qilishga majbur bo'lyapmiz. 30 daqiqagacha bo'lgan davrga keladigan bo'lsak, to'g'ri, ikkala jamoada ham imkoniyatlar bo'ldi, lekin o'ylaymanki biz pozicion hujumda ko'plab imkoniyatlar yaratdik. O'yin oxirida zaxiralardan keyin o'yinning o'zgarib ketishiga sabab birinchi navbatda ruhiyat bilan bog'liq. Sababi jamoa hisob uchun o'ynashga o'tdi, hisobni saqlab qolish uchun harakat qildi. Lekin biz hech qachon bunaqa ko'rsatma bermaymiz, doimiy ravishda yuqorida pressing qilish hamda hujumlarni uyushtirish bo'yicha ko'rsatmalar beramiz, hisob qanday bo'lishidan qatiy nazar. Endi bir xilgi holatda ruhiyat baribir o'z so'zini aytadi, bu qiyin o'yinlarda ruhiyat katta rol o'ynaydi va futbolchilar oldinga yuqoriga ko'tarilib ketishdan qo'rqib qoladi. Chunki "Lokomotiv" 65-daqiqadan boshlab qanotlardan yoshlarni tushirdi, ular qanotlarda juda ko'p harakatlarni amalga oshirgandan keyin hujumlari o'tkirlashishni boshladi. Shuning hisobiga balki jamoa pastroqda harakatlanishni lozim topdi, lekin murabbiy sifatida men hech qachon chuqur himoyalanishni futbolchilarga o'rgatmayman yoki ko'rsatma bermayman. Endi bunaqa holatlarda, o'yin tempidan, o'yin darajasi yuqoriligidan hamda yuqori bosimdan kelib chiqib, balki jamoa shunaqa harakatlangan bo'lishi mumkin. Mavsum oxiri, har bir ochkoni qadri baland, har bitta xato qimmatga tushishi mumkin. Mavsum boshida erkinroq o'ynashimiz, bunaqa vaziyatlarda erkinroq harakat qilgan bo'lar edik, lekin qancha o'yinlar o'z yakuniga etayotgani sari bosim shuncha oshib boryapti va bir xilgi holatlarda jamoa asosan pozicion himoyalanishga ham majbur bo'lyapti. Men aynan o'sha 65-daqiqadan keyin jamoa o'tirib qolganini shu narsadan deb o'ylayman.

- Siz hozir bosim va ruhiy masala haqida aytib o'tdingiz. Menga Abdug'anievning harakatlari juda yoqdi. Yosh futbolchi bo'lishiga qaramay o'yinlarni zo'r o'tkazayotgandi, Fabio Kannavaro ham uni bekorga terma jamoaga chaqirmadi. Adashmasam Farg'onadan faqatgina shu futbolchini jalb etdi. Ammo bugungi o'yinda Fabio Kannavaro tribunadan kuzatib turganiga u hayajonlanib o'ynadimi, bir-ikkita vaziyatlarda juda ham qo'pol xatolarga yo'l qo'ydi. Bu nimadan, Fabio Kannavaroning katta bosimi ta’sir qildimi?

- Albatta, umuman olganda Superligada tepada harakat qilayotgan jamoalarda 18 yoshli futbolchi deyarli yo'q. Kuchli uchtalikdagi, to'rttalikdagi jamoalarda topolmaysiz. Masalan "Paxtakor", "Navbahor" kabi jamoalarda 18 yoshli futbolchi asosiydan maydonga tushayotgani yo'q. Bundan xulosa qilish mumkinki, bosim yo'q joyda istalgan futbolchi o'ynashi mumkin. U yosh bo'lishiga qaramasdan bosim ostida o'ynashga harakat qilyapti va uning xato qilishi tabiiy holat. Birinchidan, bugungi o'yindagi bosim baland edi. Ikkinchidan, terma jamoaga taklif oldi, ruhiyatga bu baribir o'z ta’sirini o'tkazadi. Terma jamoa murabbiyi o'yinni kuzatgani ham o'z navbatida qandaydir hayajon bergan bo'lishi mumkin. Yosh bola qanchalik kuchli tomonlarga ega bo'lmasin, baribir ruhiyat tomonlama hayajon bosishi mumkin. Bugungi o'yinda o'sha narsa kuzatildi. Buning hammasini bosim hamda o'yin qadri baland bo'lganligi hisobiga deb bilaman.

- Yana bitta savol bor edi. Yil boshida sizlarda shunaqa tarkib yig'ilgandiki, bo'ldi "Neftchi" shubhasiz chempion bo'ladi deyishgandi. Lekin ko'rib turibmiz, hech qaysi jamoaning darvozasini osonlikcha ochib, gol urib bo'lmayapti. Siz o'zi shuni kutganmidingiz yoki haqiqatdan shunchalik qiyin o'tyaptimi?

- Bilamiz, tarkibimiz kuchli, lekin "Paxtakor"ning tarkibi ham biznikidan aslo kam emas. Terma jamoada ulardan 6 kishi bormi, "Navbahor"dan qancha? To'rt kishi, bizdan esa bir kishi. Bu degani boshqa jamoalarning ham tarkibi bizdan kam emas, haqiqatan obektiv qaraydigan bo'lsak, masalan, "Paxtakor"ning tarkibi eng zo'rlaridan biri. "Navbahor"da ham baribir ko'p yillik loyiha bo'yicha kelayotgan o'yinchilar yig'ilgan. "Nasaf"ning ham tarkibi yillar davomida shakllanib kelyapti, to'g'ri, "Nasaf"da ham yo'qotishlar bo'lishi mumkin, lekin o'zak ko'p yillardan beri saqlanib qolgan. Ochig'i, bu yil meni chempionatda hayron qoldirgan jamoa shu "Lokomotiv" va "Surxon" bo'ldi deb o'ylayman. Chunki "Lokomotiv" umuman boshqatdan yig'ildi, juda ham ko'p futbolchilarni taklif qildi, "Surxon" jamoasi esa yoshlar bilan ajoyib futbol namoyish etyapti. Shuning uchun "Neftchi" oson chempion bo'ladi degan fikrlarga umuman qo'shilmagan bo'lardim. Bizda futbolchilar juda yaxshi bo'lgani, O'zbekiston chempionatini oson yutib qo'yishimizni anglatmasdi. Yana shuni ham aytish kerakki, jarohatlar sabab ham yo'qotishlar qilyapmiz. Masalan Yovovich o'ynamadi, Ibrohim Xalilov o'ynamadi... Juda ko'p asosiy futbolchilarimiz o'ynamayapti. Ikkinchi davrada biz har o'yinda har xil tarkibda, o'zgarishlar qilib o'ynashga majbur bo'lyapmiz. Shuning uchun u fikrga qo'shilmayman. O'zbekiston chempionati har doim qiyin bo'lgan, buni o'zingiz ham bilasiz, sizlar bilan gaplashganda ham aytgan edik. Bu narsani chetdan kelgan murabbiylar ham his qilishyapti, masalan, Kapadzedan o'zidan ham so'rasangiz, O'zbekiston chempionati bunchalik qiyin bo'lishini kutmagan edim degan fikrlarni aytyapti. Shuning uchun qanaqa vaziyat bo'lishidan qatiy nazar, qanaqangi yulduzlarni yig'sak ham, masalan bugun "Paxtakor" 160 millionlik jamoaga qarshi 12 millionlik jamoa bo'lib Osiyoda qanday munosib futbol namoyish qilishini isbotlab qo'ydi. Yoki Iroqning "Eyr Fors" klubi Farg'onada... Iroqda hozir inqiroz, hammamiz bilamiz ahvoli og'ir, lekin ular bu erga kelib boshqacha futbol namoyish etib ketishdi. Shuning uchun hech bitta o'yin oson bo'lmaydi. Hatto Pro liganing yoki ikkinchi liganing jamoasi bilan o'ynasak ham baribir qarshilik ko'rsatiladi. Bu narsaga qo'shilmagan bo'lardim, chempionat qiyin bo'lishini avvaldan bilgan edik va oxirigacha bundan ham qiyin bo'ladi deb o'ylayman.

- Keyingi raqib yana Kubokda "Lokomotiv" bo'ladi. Bugungi o'yindan kelib chiqib aytsak, Kubokdagi imkoniyatlar 50 ga 50mi? Bugungi raqibingiz haqida nima deya olasiz?

- Hamma futbolchilarimiz sog' bo'lishsa asosiysi yaqqol favoritimiz deb o'ylayman. Har holda bizda zaxirada hozir 3-4 kishi 2008, 2007 yilgi bolalar o'tiribdi. Albatta, Kubokda "Lokomotiv" bilan o'ynaganimizda bizga umuman oson bo'lmaydi, qiyin bo'ladi. Bu o'yinni kelgusi o'yin bilan aslo solishtirib bo'lmaydi, umuman boshqa atmosfera va umuman boshqacha o'yin, boshqacha futbol bo'lishi mumkin. Mana shuning uchun ham futbol qiziq-da, oldindan hech narsani rejalashtirib bo'lmaydi va bitta o'yin ikkinchisiga umuman o'xshamaydi. Albatta bu o'yinga ham jiddiy e'tibor qaratiladi, xudo xohlasa o'z uyimizda g'alaba qozonishga maksimal harakat qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia