

Bu haqda 22 oktyabr kuni "Mundo Deportivo" muxbiri Ramon Fuentes xabar berdi. Har bir turning ikkita uchrashuvidan so'ng referilar chempionatni namoyish etish huquqiga ega bo'lgan "Movistar" va DAZN telekanallari efirida savollarga javob qaytarishadi.
Mazkur g'oya Ispaniya ligasi tomonidan ilgari surilgan. Uning amalga oshirilishi yangi jamoaviy bitim doirasida Ispaniya qirolligi futbol federatsiyasi, Fran Soto boshchiligidagi hakamlar qo'mitasi hamda arbitrlar kasaba uyushmasi bilan kelishib olindi. Dastlab bunday tajribani mavsumning ikkinchi yarmida joriy etish rejalashtirilgandi, biroq muddatni qisqartirishga qaror qilindi.
2026/27 yilgi mavsum boshidan beri ispaniyalik hakamlar ayrim o'yinlar oldidan qisqacha intervyu berib kelishmoqda. Bundan tashqari, uchrashuvlar boshlanishidan avval hakamlar kiyinish xonasida teleko'rsatuv uchun tasvirga olishga ham ruxsat berilgan.



