Islom Ahmedov: "Besh nafar himoyachiga qarshi o'yin olib borish oson emas"

Administrator
11 sen 2026, 00:45
Superliga 21-turdan o'rin olgan "Andijon" – "Qo'qon-1912" uchrashuvidan so'ng "Andijon" bosh murabbiyi Islom Ahmedov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo qo'lga kiritilgan qiyin g'alaba bilan muxlislarimizni tabriklaymiz hamda futbolchilarga oxirigacha kurash olib borishgani uchun katta rahmat aytaman. Yigitlar borini berib harakat qilishdi. Baribir besh nafar himoyachiga qarshi o'yin olib borish oson emas. Raqib qarshi hujumdan foydalanib gol urdi. Bizda hamma futbolchilar yaxshi harakat qildi. Xarakter ko'rsatganimiz bois g'alaba qozondik.

- O'yin davomida "Andijon" ko'plab burchak zarbalariga ega bo'ldi, ammo omadsiz chiqdi.
- Har bir uchrashuvga reja bo'yicha hozirlik ko'ramiz. Mashg'ulotlarda burchak zarbalarini amalga oshirganda ham kichik-kichik elementlarni qo'shib boramiz. Futbolda raqib ham sizni o'rganib chiqadi. Qo'qon jamoasi bizni juda yaxshi o'rgangani ko'rinib turdi, shu bois burchak to'plarimiz yaxshi amalga oshmadi.

- Ikkinchi o'yindirki Sandro tarkibda ko'rinmayapti. Agar futbolchida jarohat bo'lsa, buni muxlislarga vaqtliroq etkazgan maquldir. Biz ko'pincha bu haqda o'yin payti ma'lumot olyapmiz.
- Bu kabi holatlar bilan klubimiz mediasi shug'ullanishi kerak.

- To'g'ri, g'alaba qo'lga kiritildi, lekin o'yindan qoniqmagan bo'lsangiz kerak?
- Men bunday demagan bo'lardim. Agar raqib ochiq futbol namoyish etganida yanada ko'proq vaziyatga ega bo'lardik. Bo'sh hududlar ko'payardi. Chuqur himoyaga o'tgan jamoani yorib o'tish qiyin. Natijada ikkinchi bo'limda hujumchilarimiz individual qobiliyatga suyanib harakat qilishdi.

- Jarima zarbalaridan realizaciya kam. Qolaversa raqib pressing qilganida jamoangiz o'yini deyarli o'xshamadi.
- Raqib bizga bizning hududda pressing qildi deb o'ylamayman. Biz ikkinchi zonaga o'tganda ular 11 kishi bo'lib himoyalandi.

- "Andijon"da qizil kartochkalar ko'payib ketyapti. Ichki muhitda muammolar bormi?
- Jamoamiz ichki muhiti yaxshi. Qizil kartochka ko'proq emociya bilan bog'liq, balki toliqish bilan bog'liqdir. Futbolchilarimiz hozir qo'pollik qilaman degan fikrda o'ynashmaydi. Kuchli jamoalarga qarshi mas'uliyat ikki barobar bo'ladi. Shu bois o'yinchilarimiz o'zlarini boshqara olishmayapti va buning ortidan qizil kartochka kelib chiqyapti.

- Navbatdagi o'yin O'zbekiston Kubogi doirasida "Olimpik Mobiuz"ga qarshi kechadi. Bu jamoa Proliga klubi ekanligini inobatga olsak, jamoani tayyorlash qiyin bo'ladi deb o'ylaysizmi?
- Baribir qiyin bo'ladi. "Paxtakor", "Neftchi"ga qarshi futbolchilarda boshqacha tayyorgarlik bo'ladi. Lekin biz Proliga klubi bilan o'yinga tayyorgarlikka befarq bo'lmasligimiz, futbolchilarimiz o'zlarini erkin qo'yib yubormasligi kerak. Yigitlarga o'z maqsadimizni tushuntiramiz: maqsadimiz oxirigacha borib Kubokni qo'lga kiritish.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia