Andrey Shipilov: "Oddiy vaziyatlarda nima uchun to'pni yo'qotdik, hayronman"

Administrator
11 sen 2026, 00:29
Superliga 21-turdan o'rin olgan "Andijon" – "Qo'qon-1912" uchrashuvidan so'ng "Qo'qon-1912" bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Chiroyli bahs guvohi bo'ldik. "Andijon" muxlislariga alohida respekt. Agar ishqibozlik bu darajada bo'lmaganida, "Andijon"ga yanada qiyin bo'lardi. Muxlislar sabab raqib kuchli energiya bilan o'ynadi va g'alaba qozondi. Bahsni yaxshi boshladik, birinchi taym zo'r o'tdi. Ikkinchi bo'limni ham yaxshi boshladik. Raqib hisobni tenglashtirgandan keyin ham yaxshi harakat qildik.

Oddiy vaziyatlarda nima uchun to'pni yo'qotdik, hayronman. Balki hushyorlikni yo'qotgandirmiz. Uchinchi o'yindirki 1:0 hisobida oldinda boryapmiz, lekin omad kelmayapti. Bugun mag'lubiyatga uchramasligimiz kerak edi. To'p nazorati bizda edi, ammo nima bo'ldi hayronman. Hozir o'yinni tahlil qilishga vaqtimiz kam. Oldinda Kubok uchrashuvi kutmoqda. Keyin yana chempionat o'yinini o'tkazamiz. Katta tanaffusdan keyin yigitlarga har bir ochko oltinga teng bo'lishini aytgandim.

- Jamoangiz 70 daqiqa pressingda harakat qilib raqibga deyarli o'yin bermadi. Futbolchilar almashganidan keyin taktikani ham o'zgartirdingizmi? Shundan so'ng hujumga o'tish to'xtadi.
- Kartinkani ko'rdingiz, "Andijon" deyarli hech narsa qila olmadi. Ularda o'yin o'xshamadi hatto. Biz har bir bahsga jiddiy qaraymiz. Bu o'yinga derbi sifatida qarashdi, lekin biz uchun har bir uchrashuv derbi. Biz deyarli hech narsani o'zgartirmadik. Zaxiradan tushganlarga ham shu gapni aytdik. Demak, qayerdadir sifat rol o'ynadi. Bizga Aliboev, Iskanderov o'xshagan o'yinchilar kerak. Hech bir jamoa iflos o'yin ko'rsatmadi, hech kim erga yotib olmadi. Qiziqarli bahs guvohi bo'ldik. Biz sovuqqonlik bilan o'yinni tugatib qo'yishimiz kerak edi. O'zimiz yutqazib qo'ydik.

- Tajribali Tabatadzeni asosiy tarkibda tushirsa bo'lmasmidi?
- Uning o'rnida harakat qilgan Elbek ham yaxshi o'yin ko'rsatdi. Tabatadzeda tajriba ko'p, Elbekda esa yoshlarga xos bo'lgan shijoat kuchli. Bu o'yinda Elbek o'ziga topshirilgan ishni yaxshi bajardi.

- Gadoev bilan Sohibjonov qaydnomaga kiritilmadi. Ularda jarohat bormi?
- Sohibjonovning ichi og'rib qoldi. Biz uning o'ziga kelishini kutdik, 2-3 kg. vazn yo'qotdi. Gadoev o'z maydonimizdagi "Dinamo" bilan bahsda jarohat oldi. Shu o'yinda bizning uch nafar o'yinchimiz safdan chiqdi. Umid qilamizki, Gadoev Kubok o'yinigacha safga qaytadi. Sohibjonov haqida bir narsa deya olmayman. Egor Kondratyuk esa jarohati sabab 6-8 oyga safdan chiqdi deb o'ylayman.

- Futbolchi paytingizni yaxshi eslaymiz. "Andijon"da to'p tepgansiz va bosh bilan yaxshi o'ynaydigan himoyachi bo'lgansiz. Sizga o'xshagan "jangchi" himoyachilar nega yetishib chiqmayapti?
- Bilasizmi, bu savolni kutgandim va menga ko'p mutaxassislar bergan. Menda Otabek Djuraev bilan katta suhbat bo'ldi, unga ham ko'p narsalarni aytib berdim. Bizda hozir markaziy himoya bilan bog'liq muammolar ko'p.

Yaxshiyamki, bir futbolchimiz Angliyada, yana biri Shveytsariyada o'ynayapti. "Andijon" futbolchisi yaqinda Rossiyaga ketdi. Futbolchilarimiz chetda o'ynashi terma jamoa uchun yaxshi. Hozir nega zo'r markaziy himoyachilar yo'q, bilmayman.

O'z paytida "Paxtakor"da Boyan Miladinovich zo'r faoliyat olib borgandi. Ammo uning atrofidagi futbolchilar ham zo'r edi: Egor Krimec, Anzur Ismoilov... Shveycariga ketgan futbolchimiz u yerda ko'p muddat ushlanib qoladi deb o'ylamayman: balki bir yil, balki bir yarim yil. Keyin yanada kuchli chempionatga ketsa kerak.

"Manchester Siti"da o'ynayotgan futbolchimiz markaziy himoyachilarga yaqqol namuna bo'la oladi. Oldingi paytlarni eslang: Farhod Magometov, Andrey Fyodorov kabilar bo'lardi. Hozir darvozabonlar orasida ham ko'pchiligini legionerlar tashkil qilyapti. Jahon chempionatida o'ynab qaytganidan so'ng Kannavaro kimni terma jamoaga chaqirgan bo'lsa, shular o'z klublarida xato qilyapti. Men familiyasini aytmoqchi emasman. Yaxshi himoyachilar chiqishi uchun akademiyalar zo'r ishlashi kerak.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia