Jamshid Saidov: "Futbolda shunaqa: sen urmasang, senga urishadi"

Administrator
10 sen 2026, 23:30
Superliga 21-turdan o'rin olgan "Dinamo" – "Qizilqum" uchrashuvidan so'ng "Qizilqum" bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Oddiy bo'lmagan, shu bilan birga qiziqarli bahs guvohi bo'ldik. Bir nechta vaziyat yaratib foydalana olmadik, bitta gol o'yin taqdirini hal qildi va biz mag'lubiyatga uchradik. Futbolda shunaqa: sen urmasang, senga urishadi. Kiritgan golimizni nima uchun hisoblashmadi, bilmayman. O'yin uchun yigitlardan xafa emasman. Muxlislarimizga ham rahmat, bizni oxirigacha qo'llab turishdi. Endi keyingi bahsga hozirlik ko'ramiz.

- "Nasaf" va "Buxoro"ga qarshi g'alabadan so'ng bu o'yinda nima yetishmadi?
- Hamma narsa yaxshi bo'ldi, faqat vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Har ikki bo'limda futbolchilarimiz jarohat olishdi, bu ham o'yinga ta’sir ko'rsatdi. Yigitlar g'alaba uchun qo'ldan kelgancha harakat qilishdi.

- Aftidan "Qizilqum" avvalgi bahslarda ko'p kuch yo'qotgan. Bugun shuning ta’siri bilingandek.
- O'yinlar orasi qisqa, balki bu ham tiklanishga xalaqit berayotgandir. Baribir o'z ta’sirini ko'rsatyapti.

- Bugungi o'yinda hakamlik borasida fikringiz? Hisobga olinmagan gol bo'yicha nima deya olasiz?
- Men hakamlarni muhokama qilishni yoqtirmayman. Ularda qo'mita bor va o'yin qanday boshqarilganini o'rganib chiqishadi. Biz videotakrorni o'zimiz uchun ko'ramiz.

- Jamoangiz ikkita g'alabani uyda qo'lga kiritdi. Lekin safar bahslarida o'zini ko'rsata olmayapti.
- Albatta, bu ham ta’sir qiladi. Bekorga uyda devorlar ham yordam beradi deyishmaydi. Lekin bugun bu yerda yomon o'yin ko'rsatmadik, oxirigacha kurashdik.

- Hisobga olinmagan gol qattiq ta’sir qildimi?
- Ta’sir qildi, lekin e'tibor bergan bo'lsangiz, bo'shashmadik. Hujum qilishdan to'xtamadik. Ustunlik raqibga o'tgandir, ammo biz ham qarab turmadik. Mag'lubiyat balki ruhiyat bilan bog'liqdir.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia