

- O'yin haqida fikringiz?
- Alamli mag'lubiyat bo'ldi, buning uchun muxlislardan uzr so'raymiz. Futbolchimiz qizil kartochka olgunga qadar hammasi nazoratimiz ostida edi. O'yin nazorati ham, hujumlarimiz ham yaxshi edi. Qizil kartochka rejalarimizni o'zgartirib yubordi. Yo'qotish o'rinini to'ldirishga ulgurmay gol o'tkazib yubordik. Shundan so'ng o'yin tizginini berib qo'ydik.
- Mag'lubiyatning asosiy sababchisi kim deb o'ylaysiz?
- Futbolda mag'lubiyatga aybdor murabbiy bo'ladi. Jamoani qo'ldan kelgancha o'yinga tayyorladik. Yomon boshlamadik, hujumlarimiz ko'p bo'ldi. Ikkinchi taym boshidagi qizil kartochka hamma rejalarimizni buzib yubordi. O'sha vaziyatda futbolchimiz atayin qilmadi, balki emociya yoki boshqa sabab bilanmi o'zini to'xtata olmagandir. Futbolchilar professional bo'lishi, o'zini boshqarishni bilishi kerak.
- Oxirgi bahslarda qizil kartochkali holatlar ko'payib qoldi. Futbolchilar qizil kartochka olmasligi uchun ish olib borilyaptimi?
- Futbol hissiyotlarga boy sport turi. Biz doim futbolchilarga intizomli o'ynashni gapiramiz. Chetdan turib gapirish osondir, lekin o'yin payti hamma o'zini o'yinga bag'ishlagan bo'ladi. Futbolchilar maydonda o'zlarini boshqara bilishi kerak.
- Tatildan so'ng oltita tur o'tgan bo'lsa, "Andijon" besh ochko jamg'ardi. Bu natija murabbiylar shtabini o'ylantiryaptimi?
- Biz ham izlanyapmiz, kamchiliklar ustida ishlayapmiz. O'yin tomonlama yomon emasmiz, lekin yakuniy natija o'xshamayapti. Yaqinda hujumchi oldik, tez orada hammasi joyiga tushadi deb o'ylayman.
- O'yindan oldin Shohmalik Komilov bilan suhbatlashganimizda hech qanday jarohati yo'qligini aytdi. Lekin uni uchrashuv qaydnomasida ko'rmadik.
- Qaydnomaga 20 nafar futbolchini kiritamiz. Hamma o'yinchilarga imkon beramiz. Futbolchilarni mashg'ulot jarayonida kuzatamiz va o'yin kun kimdir tushib qoladi. O'rta chizig'imizda raqobat kuchliligi bois Shohmalikka dam berishga qaror qildik. Qolaversa Shohmalik Komilov yig'inimizning oxirgi kunlarida tarkibga qo'shildi va hozircha o'yin uslubimizni to'liq tushunib etgani yo'q.
- Bugungi mag'lubiyatni omadsizlik bilan bog'laysizmi? Chunki xavfli vaziyatlar ko'p bo'ldi.
- Buni omadsizlikdan ko'ra taqdir degan bo'lardim. Harakat qildik, oxirigacha kurashdik, mag'lubiyat peshonamizga yozilgan ekan.
- Transfer oynasi paytida Nodirxon Nematxonov jamoaga jalb qilindi, ammo oradan ko'p o'tmay shartnoma bekor qilindi. Bu nima bilan bog'liq? Bundan tashqari iqtidorli yoshlardan Nematjon Rustamjonovning jamoadan ketish sababi nima?
- Nodirxon Nematxonovga "Qizilqum"dan yaxshi taklif tushdi, bizda raqobat yuqoriligi uchun futbolchi tavakkal qilmasdan ko'proq yin amaliyotiga ega bo'lish maqsadi boshqa variantni o'zi tanladi. Rustamjonov bilan bilishimcha, klubimiz rahbariyati olti oy muddatga kelishgan ekan. Shu muddat tugadi va u o'z jamoasiga qaytib ketdi.
- Transferlardan ko'nglingiz to'ldimi?
- Ro'yxatimizda futbolchilar ko'p edi va ularning barchasini qo'lga kirita olmadik. So'nggi kunlarga qadar o'yinchilar bilan aloqada bo'ldik, ularni olishga harakat qildik, lekin ololmadik. Rustam Turdimurodov transferi yaxshi bo'ldi deb o'ylayman.
- "Neftchi"ga Izzatilla Po'latovni olish bo'yicha taklif bilan chiqilgan, bunga "Neftchi"ning o'zi ham rozi bo'lgan, lekin "Andijon" rad etibdi.
- Transfer bilan bog'liq ishlarni klubimiz rahbariyati hal qiladi. Shuning uchun bu savolga men javob bera olmayman. Bu o'yinchini tarkibga qo'shib olish bo'yicha harakatlar bo'ldi, lekin ayrim sabablarga ko'ra transfer o'xshamadi.



