"Bu JCHni Messi yutgan, sen emas!" - Sneyder Otamendining Vinisiusga qilgan qilig'ini masxara qildi

Aslanov Jasurbek
18 fev 2026
Madridning "Real" klubi sobiq yarim himoyachisi Uesli Sneyder YCHL doirasidagi "Benfika" - "Real" (0:1) uchrashuvida yuz bergan qiziqarli vaziyatga o'z munosabatini bildirdi.

O'yin yakunida lissabonliklar himoyachisi Nikolas Otamendi braziliyalik yulduzga o'z tanasidagi Jahon kubogi tasvirlangan tatuirovkasini ko'rsatib, uni masxara qilgan edi.

Sneyderning keskin javobi:

"Ziggo Sport" efirida mehmon bo'lgan niderlandiyalik afsona Otamendining bu harakatini ahmoqona deb atadi:

"Jamoang 0:1 hisobida yutqazayotgan bir paytda shunday ish qilasanmi? Sening boshing joyidami o'zi? Bu juda bolalarcha harakat. Men Vinisiusning o'rnida bo'lganimda: Do'stim, bu JCHni sen yutganing yo'q, uni Messi yutgan. Sening bu g'alabaga aloqang yo'q, - degan bo'lardim.

Vinisiusning "sovg'alari" ko'proq:

Sneyder Vinisiusning yutuqlari Otamendinikidan kam emasligini ta'kidladi:

"Vinisius Real bilan ikki bor YCHLda zafar quchgan va uch karra La Liga chempioni hisoblanadi. To'g'risini aytsam, Otamendi bu ishni noto'g'ri jamoaga qarshi qildi. Bunday provokaciya boshqalarga ta’sir qilishi mumkindir, lekin Vinisiusga emas", - deya qo'shimcha qildi Sneyder.

Eslatib o'tamiz, Argentina terma jamoasi bilan JCH-2022 g'olibi bo'lgan Otamendi o'yin davomida bir necha bor Vinisius bilan aytishib qolgan edi. Biroq yakunda madridliklarning g'alabasi argentinalik himoyachining "maqtanchoqligi"ni chippaga chiqardi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Voetbal Primeur