

"Barcha kutgan o'yin edi. "Navbahor"ga qarshi o'yinlar qiziqarli kechmoqda. Muxlislarga o'yin yoqdi deb o'ylayman. Jangovar va tezkor o'yin guvohi bo'ldik. Ushbu uchrashuv tarixga aylandi va endi keyingi o'yinlarga tayyorgarlik ko'rishimiz kerak. Yil oxiri yaqinlashib kelmoqda, demak intriga yanada ko'payadi", - deya gap boshladi Mirjalol Qosimov.
- Bugungi o'yinning qaysi jabhalaridan qoniqdingiz?
- Yigitlar oxirigacha o'ynashdi, nima holat bo'lishiga qaramay. Maqsadimiz muxlislarni xursand qilish. Kamchilik esa uch ochkodan mahrum bo'lganimiz bo'ldi.
- Abror Karimov umumiy olganda yaxshi o'ynadi, ammo o'yin so'ngida ikkita penalti uning xatolaridan so'ng belgilandi. Karimov haqida nima deysiz?
- Qonun barcha uchun teng. Yosh o'yinchi shunday o'yinlar orqali toblanib boradi. Birinchi penaltida Sobirjonov barchasini bartaraf etishi mumkin edi. Birgina noto'g'ri harakat penaltiga olib keldi. Raqib futbolchisi darvoza tomon emas, yonga ketayotgandi. Karimov raqib futbolchisi bilan parallel ravishda yugurib qo'ysa bo'lardi. Mana shunday vaziyatlar orqali tajriba oshib boradi. Tajriba yillar davomida orttiriladi degan gap bor. Agar keyingi uchrashuvda ham yana shu xatoni takrorlaydigan bo'lsa, bu boshqa masala bo'ladi. Yaxshi himoyachi bir marotaba aldanadi degan gap bor.
- O'tgan mavsumda OKMK zo'r o'ynagan edi, ammo darvozabonlar ko'p xatoga yo'l qo'ydi. Darvozabonlar esa bu mavsumda ancha yaxshi o'yin namoyish etishmoqda, misol uchun penalti bartaraf etildi. Hozir jamoada Denis Ivankov darvozabonlar murabbiyi bo'lib ishlamoqda. Balki bu tasodifdir yoki yo'q. Shuningdek, OKMK statistika bo'yicha eng yaxshi hujumkor jamoalardan biri, ammo realizaciya yaxshi emas. Siz futbolchilik davringizda eng yaxshi hujumchilar bilan o'ynagansiz...
- Unday desangiz, sizni har kungi mashg'ulotlarimizga chaqiraman. Mashg'ulotlarda nima qilayotganimizni ko'rasiz. Biz buning ustida ishlayapmiz. Taktika uchun ochko berishmaydi. Etti metrlik darvozaga to'p kirsa bo'ldi, taktika ish bergan bo'ladi. Biz barcha jabhalar ustida ishlayapmiz. Jizzaxdagi o'yinda ham birinchi bo'limning o'zidayoq ikkita yaqqol vaziyatimiz bor edi. Masalan, bugun ham standartdan gol o'tkazib yubordik. Qiyin vaziyat emas edi, faqatgina o'yinchiga e'tiborliroq bo'lish va uni biroz yaxshiroq qo'riqlash kerak edi. Sen o'z futbolchingga mas'ul bo'l. To'p yoki yana bir raqib futbolchisiga e'tibor berma. O'zingning o'yinching bilan o'yna.
Agar barcha vaziyatlarimizdan foydalanganimizda chempion bo'lib ketardik. Ishlashda davom etyapmiz.



