Mirko Yyelichich: "Sardor Mirzaev o'zidan yuqori darajadagi professionallikni talab qiladi"

Aslanov Jasurbek
11 okt 2026, 19:05
Superliganing 23-turi doirasida "So'g'diyona" - "Lokomotiv" (2:3) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Mirko Yyelichich o'z fikrlarini bildirdi.

- Juda og'ir o'yin bo'ldi. Hozir hamma jamoalar kurashmoqda, turnir jadvalida yuqoridagilar ham, pastdagilar ham. O'yindan mamnunman, biz o'yinni nazorat qildik va to'pni o'zimizda ushlab turdik. Birgina xato ishni qiyinlashtirib yubordi. O'z o'yinimizdan esa mamnunman.

- Bugun 5ta gol ko'rdik. FIFA kunlaridan keyingi ilk o'yindagi o'yin sifatiga qanday baho berasiz? O'rtada katta tanaffus bo'ldi.
- Ha, rostdan ham katta tanaffus bo'ldi. Bunday paytlarda o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazish mumkin. Bu ham normal holat. To'pni ko'p yo'qotganimiz va ayrim vaziyatlarda xatolar qilganimiz - maydon sifati sababli. Bunday maydonda umuman boshqacha uslubda futbol o'ynasak ham bo'lardi. Biz esa jamoani maydonning holatiga tayyorladik. Bu qiyin bo'ldi. Bir tomondan olib qarasak, bizda milliy jamoaga futbolchilar jalb qilinmadi. Faqatgina 4 nafar yoshlarimiz turli yoshdagi termalarga ketishdi. Balki milliy jamoaga futbolchilarning ketmayotgani bizga tayyorlanish uchun yaxshi imkoniyat berayotgandir. Umuman olganda tanaffusdan keyingi ilk o'yinimiz yomon bo'lmadi. Endi esa yanada kuchayish haqida o'ylash kerak.

- "Lokomotiv"ga kelgunga qadar bir necha marta jarohat olgan Sardor Mirzaev o'zini qanday his qilmoqda? U ushbu mavsumda ham jarohatlar sababli bir necha o'yinlarni o'tkazib yubordi.
- Barchasi yaxshi. U o'zidan yuqori darajadagi professionallikni talab qiladi. Ikki yil davomida futbolsiz qolib ketish juda qiyin. U har tomonlama o'zini to'g'rilab olishga, o'ziga kelishga harakat qilyapti. Bu yilda u jismoniy holatini tiklab olish uchun katta mehnat qilyapti va bu o'z mevasini bermoqda. Ha, u yosh bola emas. 35-36 yoshida bunday yuqori darajadagi o'yinlarda qatnashish oson emas.

- Ketma-ket uchinchi mavsumda ham yuqori o'yin darajasini ko'rsatayotgan, ayni damda to'purar Lyupcho Doriev haqida nima deysiz? Mutaxassisi sifatida uning o'yinlariga qanday baho berasiz?
- Juda yuqori darajadagi futbolchi. Balki ayni damda Superligadagi eng yaxshi futbolchidir. U to'pni o'zida ushlab turishni yaxshi ko'radi va ko'p vaziyatlarda xavfli bo'lib turdi. Agarda u boshqa jamoada bo'lsa, balki, u uchun hududlar ochib berishganida, u yanada xavfliroq bo'lardi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia