"Biz ham muammoning sababini qidiryapmiz" – Kamoliddin Tojiev qo'ldan chiqarilgan g'alaba va futbolchilarning xatolari haqida

Оқил Абдубарноев
7 avg 2026, 11:44
"Paxtakor" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiev Superliganing 16-turi doirasida "Buxoro"ga qarshi o'yindan keyin (2:2) matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– O'yin haqida fikringiz?

– Birinchi bo'limni o'zingiz ko'rdingiz, yaxshi o'yin bo'ldi. Ikkinchi bo'limda esa biroz xotirjamlikka berildik. Kurashish kerak bo'lgan vaziyatlarda oxirigacha kurashmadik, ochig'i, nima bo'layotganini o'zim ham tushunmadim. Shuncha vaziyatlar yaratildi, lekin yana gol ura olmadik. Kutilmagan joydan gol o'tkazib yubordik va shundan so'ng natija ham o'zgarib ketdi. Aslida, o'yin oxirigacha harakat qilish kerak edi. 2:0 hisobida g'alaba qozonayotgan edik, xotirjamlikka berilib, oxirigacha yugurmaslik oqibatida shunday natija yuzaga keldi. Buni, albatta, ko'rib chiqib, tahlil qilamiz.

– Flamarion zaxiradan tushgach, xuddi raqib uchun o'ynagandek ko'rindi, uning aksar to'p uzatishlari faqat raqibga yetib bordi.

– Zaxiradan tushganlarning hammasi jamoaga yordam bergisi keldi. Flamarionda jarohat bor edi, buning ta’siri hali ketgani yo'q.

– "Paxtakor" "oltin" tarkibga ega, O'zbekiston va Iroq terma jamoasi o'yinchilari bor, zaxiradagilar ham kuchli. Lekin o'yinga kelganda doim bir xil xato kuzatilyapti. Ayniqsa oxirgi o'n daqiqada jamoa juda bo'sh o'ynayapti. Jamoangiz 2:0dan keyin 4:0 qilishi kerak bo'lgan bir paytda bahs 2:2 bilan tugayapti. Muammo nimada?

– Ha, biz ham shu muammoning sababini qidiryapmiz. Yaxshi o'ynab turamiz, ammo almashtirishlarni amalga oshirishni boshlashimiz bilan o'yin tempi o'zgarib ketyapti. Balki kimdir qandaydir holatdan norozidir, bunisini bilmadim. Lekin maydonda oxirigacha ishlash kerak. To'g'ri ta'kidladingiz, tarkibimiz "oltin". Kiyim almashtirish xonasida hamma "oxirigacha o'ynaymiz", deb gapiradi. Biroq buni maydonda ham ko'rsatish talab etiladi. Oxirigacha kurashib, hisobni ushlab qolish lozim edi.

– "Paxtakor"ning o'yin uslubi haqida gapirsak. Oldinlari o'yin qovushmasa ham, jamoa qandaydir yo'l bilan natija qila olardi. Hozirgi kunda esa bunday emas. Qiyin vaziyatlardan chiqib ketish o'rniga, futbolchilar qo'rqib o'ynayotgandek taassurot qoldirmoqda. Vaziyatlar, hujumlar yaratilyapti, lekin yakun yo'q. Raqib jamoalar oldinlari "Paxtakor"dan hayiqib turardi. Bu borada nima deya olasiz?

– To'g'ri, vaziyatlar yaratilmoqda. Biz ulardan foydalanib, gol urishimiz kerak edi. Ko'p imkoniyatlar bo'ldi, agar o'sha vaziyatlarni golga aylantirganimizda hisob 4:0 bo'lishi ham mumkin edi. Lekin biz gol ura olmayapmiz. Asosiy sabab – yakuniy zarbalardagi koncentraciyaning yetishmasligi.

– Balki murabbiy o'z uslub va g'oyalarini o'zgartirib ko'rar. O'tgan mavsum avvalida ham shunga o'xshash holat bo'lgandi: jamoa yulduzli tarkibga ega, murabbiy Pedru Morreyra esa ishini qoyillata olmadi. Siz esa o'tgan mavsum barchasini o'zgartirgandingiz, ammo bir yil ichida raqiblar "Paxtakor"ga qarshi qanday o'ynashni o'zlashtirdi. Bugun stadiondagi muxlislar ham o'z noroziligini oshkora bildirishdi.

– Vaziyatlar yaratilyapti-ku, aziyatlar bo'lmaganda ham mayli edi. Bir-ikkita emas, olti-ettita vaziyat yaratyapmiz, faqat ularni golga aylantirish kerak. Kombinaciyalar orqali gol o'tkazib yuborganimizda boshqa gap edi, ammo yo'q joydan tushunarsiz holatda gol o'tkazib yuboryapmiz.

– Hojiakbar Alijonov bosh murabbiy bilan ziddiyatga borib qolgani haqida gaplar yuribdi, shu rostmi? Nega u bugungi o'yinda ko'rinish bermadi?

– Yo'q, o'rtada hech qanday ziddiyat yo'q. Hojiakbar jarohat olgan, boldiriga ikkita ukol qilindi. Indindan boshlab umumiy mashg'ulotlarga qo'shiladi. Hali maydonga chiqib mashg'ulot o'tkazgani yo'q.

– Balki o'yinning so'nggi daqiqalarida 4 yoki 5 himoyachili tizimga o'tish kerakmidi?

– Ha, oxiri shunday taktikaga o'tishimiz kerak edi, deb o'ylab qoldim. Buni albatta ko'rib chiqamiz.

– Superliga bahslari o'z yo'liga, lekin yaqinda Osiyo Chempionlar Ligasi boshlanyapti. "Al-Husayn" jamoasiga qarshi o'yin oldidan xavotirlar bormi? Bugungi natijadan keyin jamoaning kayfiyati qanday?

– Xudo xohlasa, bu o'yinga umuman boshqacha kayfiyat bilan tayyorlanamiz. Yigitlar ham mas'uliyatni yaxshi tushunib turishibdi. Natija yaxshi bo'ladi, deb umid qilaman. Xalqaro o'yinlarga tayyorgarlik va munosabat butunlay boshqacha bo'ladi.

– "Paxtakor" shu paytgacha 4 ta hujumchi sotib oldi, lekin gollarning aksariyatini hamon yarim himoyachilar urmoqda. Ayman Husayn ko'p maosh oluvchi futbolchilardan biri, lekin u hamma klubda kutilgan o'yinni ko'rsata olmagan.

– Sergeevning shartnoma muddati tugagan edi va u o'z xohishi bilan boshqa klubga o'tishga qaror qildi. Biz uni jamoada olib qolishga harakat qildik, lekin uddalay olmadik. Pyotr masalasiga kelsak, unda ham vaziyatlardan foydalana olmaslik holatlari bo'ldi, natijada jamoani tark etdi. Ayman Husaynga kelsak, hozir asosiy umidimiz undan.

– Uning jamoada eng ko'p maosh oluvchi futbolchi ekanligi rostmi?

– Bu haqda ma'lumotga ega emasman.

– Yana bitta transfer rejalashtirilyaptimi?

– Ha, bor. Bitta transfer ustida ish olib borilmoqda. Erta-indin bu masala aniq bo'lib qolishi kerak.

– Igor Sergeevni ortga qaytarish rejasi bo'lmadimi?

– Bu masalada gaplashdik, biroq uning hozirgi klubi bunga ruxsat bermadi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia