

- O'yin haqida fikringiz?
- O'yindan va natijadan qoniqdim. Muhimi, nima uchun bu erga kelganimizni futbolchilarga uqtira oldik. To'g'risi, 2:0dan keyin vaziyatni o'nglashimizga ishonmagandim. Futbolchilarimizga rahmat, ular xarakter ko'rsata olishdi. Biz o'yinni tashlab yubormadik, jiddiy raqibga qarshi durang qayd eta oldik.
- "Paxtakor"ga qarshi alohida yondashuv bo'ldimi?
- Albatta, biz har bir raqibdan kelib chiqib tayyorgarlik ko'ramiz. O'tkazib yuborilgan gollarni oladigan bo'lsak, o'tkazmasak ham bo'lardi, lekin xatolar yuzaga keldi. Aytib o'tganimdek, ikkita gol o'tkazganimizdan so'ng hammasi tugashi ham mumkin edi, ammo tavakkalga qo'l urdik. Men hamma sirlarni ochmoqchi emasman. Shuni aytishim mumkin, har bir o'yinga o'z rejamiz bo'yicha hozirlik ko'ramiz. Bu yerda eng muhimi, tanaffusdan keyin o'yinni tashlab yubormaslik edi. Shunday qildik va oxirigacha o'ynadik. Jamoamizdagi hamma mas'uliyatni oxirigacha his qilib turibdi. Zaxiradan tushganlarning o'yinni kuchaytirgani ham yordam berdi.
- Jamoangiz safarda "Paxtakor" bilan durang qayd etdi, lekin umumiy o'yinlarni oladigan bo'lsak, "Buxoro" mehmonda "Mashal" bilan "Navbahor"ni mag'lub eta olgan. Safar uchrashuvlarida nima yetishmayapti?
- Biz o'z imkoniyatlarimizni juda yaxshi bilamiz va shuni bilgan holda o'z o'yinimizni namoyish etamiz. Futbolda xatolarni kechirish mumkin, lekin o'yinchi harakat qilmasa buni kechirib bo'lmaydi. Jamoamizdagi hamma buni yaxshi biladi. To'g'ri, ko'p uchrashuvlarda omad yuz o'girdi. "Surxon"ga mag'lub bo'ldik. OKMK bilan yaxshi o'ynab yutqazdik. Turli sabablarga ko'ra, yutqazyapmiz. Aniq sababini bilmayman. "Buxoro" uchinchi o'rinda va buni ko'pchilik yaxshi deb qabul qilyapti. Shunga qaramay, qo'lni tushirmaymiz, har bir bahs biz uchun muhim. Klublardagi moliyaviy holatni zo'r deb bo'lmaydi, shundan kelib chiqib yuqori o'rinni saqlab qolish biz uchun o'ta muhim sanaladi.
- Mavsum oxirigacha uchinchi o'rinni saqlab qolish uchun jamoaning kuchi etadimi?
- Men yil boshidayoq maqsadimiz har bir o'yinda bor kuchni ishga solish deb aytganman. Hozir ham shu fikrdaman, o'yinchilarimiz maydonda borlarini berishini xohlayman. Biz uchun hozircha kelajak yo'q, biz uchun faqat bugun bor. Agar hozirgi o'rnimizni chempionat oxirigacha saqlab qolsak yaxshi bo'lardi. Lekin men uchinchi o'rin uchun kurashamiz deb baralla gapirmayman. Bu katta gapirish bo'ladi. Aytib o'tganimdek, hozirgi kun bilan yashayapmiz. O'yinni o'tkazdikmi, biroz dam olib keyingi bahsga hozirlik ko'ramiz. Avvalgi xizmatlar biz uchun rol o'ynamaydi, bugungi o'yinni o'ylashimiz kerak.



