Kamoliddin Tojiev: "G'alaba qozonishimizga yo'l qo'yishmadi. Bu gap raqibga tegishli emas"

1 avg 2026, 22:40
Superliganing 15-turi doirasida "Andijon" - "Paxtakor" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Kamoliddin Tojiev o'z fikrlarini bildirdi.

– O'yin haqida…
– O'yin haqida to'xtaladigan bo'lsam, bahs qiyin kechishini bilar edik va buni yigitlarga tushuntirgan edik. Ular bugun o'z mahoratlari darajasida to'p tepib, butun o'yin davomida yaxshi harakat qilishdi. Barchasini to'g'ri bajardik. Biroq bugun g'alaba qozonishimizga yo'l qo'yishmadi... "Andijon" jamoasi emas... Bunday tarzda o'ynash qiyin.

– Natijadan qoniqdingizmi? Shuningdek, "Andijon jamoasi emas", degan fikringiz bilan nimani nazarda tutdingiz?
– Buni o'zlari bilishadi. To'liqroq izoh so'rayotgan bo'lsangiz, ko'rganlar hammasini bilib turibdi. "Andijon" – yaxshi jamoa, lekin biz bugun ochko yo'qotdik. Biz uchun har bir ochko juda muhim.

– Siz doimo matbuot anjumanlarida o'yinchilar to'g'risida to'liq ma'lumot berib kelgansiz. Hozirgi paytda Rustam Turdimurodovning "Andijon"ga o'tishi haqida nima deya olasiz?
– Bunday xabarlarni eshitmaganman va bundan bexabarman. Bu ma'lumot qayerdan chiqqanini ham bilmayman.

– Bugungi uchrashuv qaydnomasidan chetda qolgan Hojimat Erkinov va Hojiakbar Alijonovlar masalasiga to'xtalsangiz. Ularda jarohat bormi?
– Hojimat shu yerda edi, ammo tiklanishga ulgurmadi, uning kichik jarohati bor. Hojiakbar Alijonovda ham biroz jarohat mavjud.

– Qizil kartochka ko'rsatilgan vaziyatga izoh bera olasizmi?
– Buni ko'rib chiqishimiz kerak. Vaziyatni takroran ko'rmasdan turib, unday yoki bunday bo'ldi, deb gapira olmaymiz. Ko'rib chiqqanimizdan keyingina bir nima deyishimiz mumkin, ammo hozircha bu vaziyatni ko'rganim yo'q.

– Bugungi durang "Paxtakor"ning chempionlik yo'lidagi imkoniyatlarini qanchalik pasaytiradi yoki bu keyinchalik to'g'irlab ketiladigan holatmi?
– Hali butun chempionatning yarmidan ko'pi oldinda. Ikkinchi davra va yana ko'plab o'yinlar bor. Ochko yo'qotishga kelsak, hozir hamma ochko yo'qotmoqda. Barcha jamoalar kuchli. Oson bo'lmaydi, lekin baribir biz oxirigacha kurashamiz. Oldimizga qo'yilgan maqsadimiz bor. Faqat keyingi o'yinlarda g'alaba qozonishga harakat qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia