Aybek Nurbaev: "Hakam, maydon yoki ob-havo – bular bahona bo'lmasligi kerak"

Оқил Абдубарноев
21 avg 2026, 16:55
“QMU Jayxun” bosh murabbiyi Aybek Nurbaev Proliganing 16-turidan o'rin olgan "Lochin"ga qarshi o'yindan keyin (0:1) matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqida fikrlaringiz qanday?

– O'yinga keladigan bo'lsak, aynan shunday bahs bo'lishini kutgan edik. Bitta xato tufayli gol o'tkazib yubordik. Raqib tomondan boshqa xavfli vaziyatlarni ko'rmadim. To'g'ri, qizil kartochka o'yinga ta’sir qilgandir, ammo o'n kishi bo'lib qolgan vaqtlarida ham hech qanday xavf tug'dira olishmadi, faqat havolatib to'p uzatish bilan cheklanishdi. Biz o'yinni to'liq nazorat qildik, ammo hujumda biroz tajriba yetishmadi. Nima ham qilardik, buning ustida ishlaymiz. Asosiy maqsadimiz – faqat o'z ustimizda ishlash va futbolchilarni rivojlantirish.

– Maydon issiqlik qilmadimi?

– Yo'q, men bunday vajlarni yoqtirmayman. Hakam, maydon holati yoki ob-havo – bular bahona bo'lmasligi kerak. Har qanday ob-havo va har qanday sharoitda o'ynash lozim. Professional futbolchi maydon sun'iy, tabiiy yoki hatto sifatsiz bo'lishidan qati nazar, har qanday joyda o'ynay olishi shart.

– 16-daqiqada urilgan golni tezkor desa bo'ladimi va bu sizning taktik rejalaringizga qanchalik ta’sir qildi?

– E'tibor qilsangiz, ketma-ket uchta o'yindan beri bahs boshida darrov gol o'tkazib yuboryapmiz. Bu endi psixologiya bilan bog'liq holat. Yigitlarda diqqatni jamlash yetishmayapti. To'pni nazorat qildik, lekin, takidlaganimdek, baribir hujumda tajriba kamlik qildi.

– Darvozaboningiz 18 yoshda ekan. Unda yoshlik va tajribasizlik sezilmayaptimi?

– Yoshlik qilyapti, lekin bizning asosiy maqsadimiz – futbolchilarni rivojlantirish va yosh iqtidorlarni kashf qilish. Ularni terma jamoalarga yoki o'zimizning asosiy jamoamizga etkazib berishimiz kerak. Mana, yaqinda to'rt nafar o'yinchimizni "Aral" o'z tarkibiga qo'shib oldi, yana biri esa "Olimpik-Mobiuz" jamoasiga o'tdi. Vazifamiz – kuchli futbolchilarni yetishtirib chiqarish.

– Ko'p jamoalar moliyaviy qiyinchiliklar haqida gapirmoqda. Sizning jamoangizda bu holat qanday?

– Xudoga shukur, bizda moliyaviy tomondan umuman muammo yo'q. Qarzdorlik mavjud emas, maoshlar o'z vaqtida to'lanmoqda. G'alabalar uchun mukofot pullari ham belgilangan. O'zimizning davlat universitetimiz tomonidan yaxshi sharoitlar a'lo darajada.

– Tushunarli. Demak, g'alabalar uchun premiyalar ham bor. Endi transport haqida so'ramoqchi edim. Viloyatlarga qanday transportda boryapsizlar va bu qanchalik vaqt va kuch talab qilmoqda?

– Biz Toshkentgacha poezdda kelamiz. Poezd qatnovi mavjud bo'lgan barcha manzillarga shu transportda boramiz. Masalan, Qashqadaryoga poezd yo'qligi sababli boshqa transportda keldik. Umuman olganda, 30 soatdan ortiq yo'l bosgan bo'lsak-da, kecha vaqtida yetib kelib, etarlicha dam oldik. Avtobusda ham 10 soatlab yo'l yurgan paytlarimiz bo'ladi. Biz bunday safarlarga ruhan o'rganib qolganmiz va mehmonda ham g'alaba qozonib qaytyapmiz. Biz uchun masofa uzoqligi muammo emas.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia