Anvar G'ofurov: "Mag'lubiyatda mening xatoyim katta bo'ldi"

Aslanov Jasurbek
14 may 2026, 01:04
O'zbekiston Kubogi 1-turdan o'rin olgan "KAttaqo'rg'on" - "Surxon" uchrashuvi 3:2 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyingi matbuot anjumanida "Surxon" bosh murabbiyi Anvar G'ofurov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalambor "Kattaqo'rg'on" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. O'yinga keladigan bo'lsak, mening xatoyim katta bo'ldi, chunki tarkibni o'zim tanlaganman. Birinchi taymdagi o'yinimiz umuman yoqmadi. Negadir birinchi bo'limda umuman o'yinimiz qovushmadi va futbolchilar men tushunmaydigan futbol namoyish etishdi. Tarkibda Superliga uchrashuvidan keyin o'zgarishlarni amalga oshirgandik, lekin bu o'zgarishlar o'zini oqlamadi.

- Kubok bahsi bo'lgani uchunmi negadir jamoangizda ishtiyoq ko'rinmadi?
- Bu men uchun ham qiziq. Ayniqsa birinchi taymda yigitlarni taniy olmadim. Ikkinchi taymda o'n kishi qilgan ishni 11 kishi bajara olmadi. Biz bundan-da yaxshi o'yin ko'rsata olamiz. Uchrashuvni to'liq tahlil qilib chiqamiz. Har bir futbolchi maydonga tushganidan keyin borini berishi kerak. Chunki egnida klub libosini kiyib o'ynayapti. Futbol orqasidan hammamiz oila boqamiz, shunday ekan ishga mas'uliyat bilan qarash kerak. Xato hammada bo'ladi, lekin hamma borini berib o'ynashi kerak.

- O'zbekiston milliy terma jamoasi "Neftchi" va "Surxon"bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishni lozim topdi. "Neftchi" - O'zbekiston chempioni, lekin bejizga "Surxon" ham tanlanmagan bo'lsa kerak?
- Buning uchun xursandmiz. Lekin qiladigan ishimiz juda ko'p. Buni juda yaxshi tushunib turaman. O'zim ham murabbiy sifatida o'zgarishim va ko'p ishlashim kerak. Albatta, men xohlagan jamoani tuzish uchun vaqt kerak bo'ladi va ishonamanki, ikkinchi davrada biz boshqa jamoaga aylanamiz. Hali jamoa ham, jamoaga qo'yiladigan talablar ham o'zgaradi.

- Ma'lumki, klub belgilangan vazifani bajarishi uchun iqtisodiy muammolarga duch kelmasligi talab etiladi. Bu mavsum "Surxon"da ham muammolar ko'zga tashlandi. Hozirgi moliyaviy holat qanaqa?
- Rahbariyatga katta rahmat, ko'p narsalar ijobiy hal qilindi. Qarz bor, lekin ozgina. Asosiy to'lovlar amalga oshirildi. Bugungi mag'lubiyatga buning daxli yo'q. Menimcha, yigitlarda ko'tarinki kayfiyat kamroq bo'ldi, balki murabbiy sifatida men etkazib bera olmagandirman. Har bir proofessional futbolchi o'yinga alohida o'zi tayyorlanishi shart.

- Bugungi mag'lubiyatdan keyin jamoaning guruhdan chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Chunki Kubokda keyingi bahs "Paxtakor" bilan bo'ladi.
- Aytib o'tganimdek, bu mag'lubiyat men uchun ham dars bo'ldi. Rotaciya yaxshi narsa, kam o'yin amaliyotiga ega futbolchilar unumli foydalansa, o'ziga yaxshi bo'ladi, bundan ham jamoa yutadi. Lekin rotaciya foyda bermasa, demak murabbiy xato qilgan bo'ladi. Kelajakda bu kabi xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia