Andrey Shipilov: "Mag'lubiyatni gapirishga til ojiz"

Aslanov Jasurbek
30 apr 2026, 00:54
Superliga 10-turdan o'rin olgan "Neftchi" – "Qo'qon-1912" uchrashuvi 4:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Qo'qon-1912" bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Farg'ona jamoasini haqli g'alaba bilan tabriklayman va 2026 yilgi barcha frontlarda jamoaga omad tilayman. Bugungi mag'lubiyatni gapirishga til ojiz. Mag'lubiyat uchun qo'qonlik muxlislardan uzr so'rayman. Biz o'z o'yinimizni namoyish eta olmadik, xarakter ham ko'rsatmadik. Qizil kartochka xususida ham gapirmoqchi emasman. Buning uchun tegishli tashkilotlar bor va ular gapirgani maqul. "Neftchi"da tajribali futbolchilar yig'ilgan, ularga qarshi oson bo'lmadi. Oldinda chempionatning yana bir bahsi kutmoqda, tezroq bu mag'lubiyatni unutib shunga tayyorlanishimiz kerak. Biz yomon o'ynadik, noto'g'ri harakat qildik, yutqazdikmi demak hammamiz yutqazdik.

- "Qo'qon-1912"da barqarorlik ko'rinmayapti. Avvalgi turlarda jamoa kuchli raqiblar bilan tengma-teng o'ynab o'rtamiyona klublarga mag'lub bo'ldi. Bu nima bilan bog'liq?

- Navoiydagi bahsdan keyin ham aytib o'tgandim, biz o'yin borasida shu paytgacha hech bir jamoaga yutqazmadik. O'tkazib yuborilgan gollar bo'yicha to'rtinchi yo beshinchi o'rindamiz. Orada olti turni mag'lubiyatsiz o'tkazdik. Navoiyda tartibli o'yin namoyish etish kerakligini yigitlarga uqtirgandik. Mashg'ulotlarda hammasi zo'r ketyapti, mashg'ulotlarni yozib boryapmiz va tahlil qilganda hammasi yaxshi chiqyapti. Lekin oxirgi ikkita safar bahsida oltita gol o'tkazib, faqat bitta gol urdik. Buni izohlash men uchun qiyin.

Oldingi turlarda hech kimga etiroz yo'q edi, ammo oxirgi ikki uchrashuvda nima bo'lganini tushunmayapman. Agar futbolchilar yaxshi shartnomaga imzo chekib, buyog'iga zo'r sharoitda yuraman deb o'ylashsa xato bo'ladi. Mening o'rinimga boshqa murabbiy kelsa ham futbolchilardan g'alaba qozonishni talab qiladi. Hech bir murabbiy kam narsa bilan kifoyalanib qolmaydi. Har bir murabbiy ko'proq g'alabani va turnir jadvalida yuqorida bo'lishni istaydi. Hatto durang o'ynagan paytlarimizda ham natijadan qoniqmadim deganman. Biz vahima qilishimiz kerak emas. Tinchgina uyga borib ertadan keyingi bahsga hozirlikni boshlashimiz zarur. Ketma-ket o'yinlar bo'layotganidan xursandman.

- "Qo'qon-1912" tarkibida ijarada to'p tepayotgan Nimeli va Sohibjonovlar bugun maydonga tusha olishmadi. Ularning yo'qligi qay darajada ta’sir qildi?

- Albatta, bu ikki futbolchimizning yo'qligi bilindi. Nimeli "Xorazm" bilan bahsda natija keltirgandi. Sohibjonovda jarohat bor edi, lekin hozir o'zini yaxshi his qilyapti. Katta o'yinlarda har bir yetakchining yo'qligi bilinadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia