

O'yindan keyin "Qo'qon-1912" bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Yigitlardan bugun nima qilib bo'lsa-da yutishimiz kerakligini so'radim. Qolgan hammasi ikkinchi plandagi ish edi. Uchrashuvni yaxshi va ishonchli boshladik. "Bunyodkor"ning o'z uslubi bor va bu usul menga yoqadi. Terma jamoaga italiyalik murabbiylar keldi, italyancha futbol menga yoqadi. "Bunyodkor" bosh murabbiyiga ham Italiya futboli begona emas va uch yildan beri jamoani shu usulda o'ynatyapti. Biz o'yinning ko'p qismini bir kishi kam o'tkazdik. O'z navbatida raqib futbolchisi ham qizil kartochka oldi. Muhimi, himoyada bexato harakat qildik. O'yinchilar oxirigacha kurash olib borishdi. Farg'onadagi o'yindan keyin ham aytgandim: klubimiz rahbariyati va muxlislar tomonidan bo'layotgan e'tibor uchun katta rahmat. Yigitlarga esa alohida respekt. O'yindan keyin futbolchilarga ikki kun dam berilishini aytdim, shundan so'ng Kubokka hozirlik ko'ramiz. Kubokda uchta oddiy bo'lmagan o'yinni o'tkazamiz. Bu musobaqaga ham bor e'tiborni qaratamiz.

- Jamoangiz o'n kishi qolgach, xayolingizdan nimalar o'tdi? G'alabaga ishonganmidingiz?
- To'g'risini aytsam, ruhan yiqilib qolmadik, biz nokautdan chiqib keta oldik, bu esa meni xursand qildi. Bunga haqli ravishda erishdik. Yigitlar ko'rsatmalarni to'liq bajarishdi. Ichimdan bugun yuz foiz yutqazmaymiz degan o'y o'tdi. Jamoalar maydonda teng bo'lib qolgach, yana gol urishimizga ishongandim. "Bunyodkor" bizga tezlik bermadi, ular hududlarni yopib qo'yishdi. Raqibning 77-raqamdagi futbolchisi maydonni tark etgach, ancha engil nafas oldik. Chunki shu futbolchi bizga ko'p muammo tug'dirayotgandi. Bu mavsum jamoamizga kelgan hamma, ayniqsa tayanch yarim himoyachilarimiz juda yaxshi harakat qilmoqda.
- Ikkinchi bo'limda qarshi hujumga o'tishni maqul ko'rdingiz. Bu o'ylangan rejamidi yoki charchoq alomatimi?
- Biz himoyaga o'tib qarshi hujumda o'ynashni maqsad qilmagandik, raqib shunga majbur qildi. Balki hisob 1:0 payti futbolchilar hisobni saqlab qolishni o'ylagan bo'lishi mumkin, lekin men hech kimga orqaga qaytishni va himoyani mahkam ushlashni aytmadim. Menimcha, bu ruhiyat bilan bog'liq. Hisobni yanada yiriklashtirishimiz mumkin edi. E'tibor bergan bo'lsangiz, biz vaqtni cho'zmadik, hech kim maydonda yotib olmadi, oxirigacha futbol o'ynashga harakat qildik. Ikkita mag'lubiyatdan keyin uydagi ikkinchi uchrashuvda g'alaba qozondik va darvozamizdan to'p o'tkazmadik, bu esa men uchun juda muhim. 11 tur o'tibdiki, uch marta orqani nolga ushladik. 5:4 yoki 3:2dan ko'ra men uchun 1:0 yaxshi deyman, 2:0 esa klassika.
- Muhammadanas Hasanov juda chiroyli gol urdi. 10 ballik tizimda necha baho qo'yasiz?
- Hasanov odatda shunaqa gollar uradi. Mashg'ulotlarda ham buning ustida ishlaydi. Bunday stadion va maydonda hali uch-to'rtta chiroyli gol uradi. Bugun kayfiyatimiz yaxshi, haliroq qo'qoncha kechki taom kutmoqda. Keyin esa Toshkentga yo'l olamiz. Ikki kundan so'ng yana qaytamiz. Oldinda qiladigan ishlar ko'p, hali birinchi davra tugamadi. Buyog'iga Superligada 58 kun dam bo'ladi. O'z rejalarimiz bor va shu bo'yicha ish olib boramiz.



