"Al Kuvayt" "Nasaf"ga qarshi o'yinda tarkibni o'zgartirmaslikni rejalashtirmoqda. Jamoada yo'qotish bor

Оқил Абдубарноев
3 noya 2026, 12:28
Kuvaytning "Al Kuvayt" klubi Osiyo Chempionlar ligasi-2 guruh bosqichi 4-turidan o'rin olgan "Nasaf"ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlikni yakunlamoqda.

Kuvayt matbuoti xabar berishicha, jamoa bosh murabbiyi Firas al-Xatib mazkur bahsga jiddiy ahamiyat qaratmoqda. "Al Kuvayt" g'alaba qozonib, pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini mustahkamlashni maqsad qilgan.

Ayni paytda "Al Kuvayt" 6 ochko bilan "A" guruhida ikkinchi o'rinni egallab turibdi. BAAning "Al Vahda" klubi 9 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. "Nasaf" va Bahraynning "Al Xolidiya" jamoalari esa bir ochkodan jamg'argan.

Agar "Al Kuvayt" navbatdagi uchrashuvda "Nasaf"ni, "Al Vahda" esa "Al Xolidiya"ni mag'lub etsa, Quvayt va BAA klublari guruhdan chiqish masalasini muddatidan avval hal qiladi.

Qayd etilishicha, "Al Kuvayt" murabbiylar shtabi "Nasaf"ga qarshi uchrashuvda ham odatdagi hujumkor o'yin uslubini saqlab qolmoqchi. Jamoa markaz va qanotlar orqali hujum uyushtirishga e'tibor qaratadi.

Shuningdek, Firas al Xatib Qarshidagi uchrashuvda maydonga tushgan asosiy tarkibni o'zgartirmaslikni rejalashtirmoqda. Biroq yarim himoyachi Al Mahdi Barhama diskvalifikaciya sababli navbatdagi bahsda ishtirok eta olmaydi. Qolgan futbolchilar safda ekani ma'lum qilingan.

"Nasaf" delegaciyasi esa 2 noyabr kuni Kuvaytga yetib borgan. Qarshi klubi vakillarini aeroportda "Al Kuvayt" rahbariyati hamda jamoaning jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi xodimlari kutib olgan.

Ro'ziqul Berdiev shogirdlari 2 noyabr kuni Kuvaytdagi ilk mashg'ulotini o'tkazdi. Jamoa bugun "As Sulaybixot" klubiga qarashli "Jobir al Muborak" stadionida o'yinoldi so'nggi mashg'ulotini o'tkazadi.

Shuningdek, bugun mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev va jamoa futbolchilaridan biri ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tadi. Soat 17:30 da esa "Al Kuvayt" bosh murabbiyi Firas al Xatib va jamoa futbolchilaridan biri OAV vakillarining savollariga javob beradi.

Ma'lumot uchun, "Al Kuvayt" va "Nasaf" o'rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasi-2 guruh bosqichi 4-tur uchrashuvi 4 noyabr, chorshanba kuni bo'lib o'tadi.

Eslatib o'tamiz, ushbu jamoalar o'rtasida 28 oktyabr kuni Qarshida o'tkazilgan 3-tur bahsida "Al Kuvayt" 1:0 hisobida g'alaba qozongan edi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Aljarida