Osiyo kubogi-2027 qoldiriladimi? Osiyo kubogi haqida Alisher Nikimbaev o'z fikrlarini bildirdi

3 noya 2026, 10:03
Alisher Nikimbaev o'z kanalida qitamizning eng yirik musobaqasini qoldirilishi mumkinligi haqida post joyladi.

Kecha turli insonlar, jumladan, OFK xodimlari bilan suhbatlashganimdan so'ng, shuni aytishim mumkinki, turnirni ko'chirish masalasi hal qilingan.

Gap endi bu haqda qachon rasman e'lon qilinishida emas. Asosiy savol - Osiyo kubogi endi qachon o'tkaziladi?

Turnirni shunchaki 12 oyga ko'chirishning imkoni yo'q. Chunki 2028 yil yanvar oyida Yaponiyada 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Osiyo kubogi rejalashtirilgan. Yaponiyada biror musobaqa rejalashtirilgan bo'lsa, uning muddatlarini o'zgartirish juda qiyin.

Bundan tashqari, 2028 yilda Ramazon oyining muddatlari ham o'zgarishini unutmaslik kerak. U fevral boshida emas, yanvar oxirida boshlanadi.

Osiyo kubogini yanvar oyida o'tkazmaslik ham oson emas. FIFA xalqaro taqvimida qita turnirlari uchun ikkita davr mavjud: yanvar hamda iyun-iyul oylari.

Boshqa tomondan, o'tgan yili Afrika futbol konfederatsiyasi tajriba tariqasida Afrika kubogini 21 dekabrda boshladi va, chamasi, bundan afsuslanmadi. Demak, bunday tajriba mavjud.

Ammo hozir OFK oldida turgan vazifa CAF oldidagi vazifadan ancha murakkab. Milliy terma jamoalar o'rtasidagi ikkita yirik turnirni taqvimga joylashtirish kerak. Buning ustiga, Chempionlar ligasi ham endi ko'proq o'yin kunlarini talab qilmoqda.

Xullas, hozir OFKdagi hamkasblarga havas qilib bo'lmaydi. Ular, klassik aytganidek, ulkan ishni juda qisqa vaqt ichida amalga oshirishlari kerak.

Osiyo kubogini Saudiya Arabistonidan boshqa davlatga ko'chirishni taklif qilayotgan o'quvchilarga ham bir gap bor.

Muammo shundaki, OFK qanchalik o'zboshimcha tashkilotdek ko'rinmasin, baribir o'z reglamentlariga rioya qilishga majbur.

Birinchidan, turnirni mezbon davlatdan olib qo'yish unchalik oson emas. Saudiya Arabistonining o'zi musobaqani o'tkazishdan bosh tortmayapti (bir necha yil avval Xitoy qilganidek).

Turnirni mezbon davlatdan olib qo'yish uchun jiddiy sabablar kerak. Masalan, stadionlar yoki infratuzilmaning tayyor emasligi.

Mintaqadagi keskin vaziyat ham shunday sabab bo'lishi mumkin. Ammo bu holda domino tamoyili asosida shu mintaqada o'tkazilishi rejalashtirilgan boshqa musobaqalar ham shubha ostida qoladi.

Bundan tashqari, turnirni muddatlarini o'zgartirmasdan boshqa davlatga ko'chirishning imkoni yo'q. Agar musobaqa keyinroqqa surilsa, shu vaqt ichida mintaqadagi vaziyat yumshashi ehtimoli ham bor.

Osiyo kubogining aynan Saudiya Arabistonida o'tkazilishiga bog'liq ravishda tuzilgan homiylik shartnomalarini ham unutmaslik kerak.

Bundan tashqari, allaqachon imzolangan ko'plab boshqa huquqiy hujjatlar mavjud. Turnir Saudiya Arabistonidan ko'chiriladigan bo'lsa, ularning ham qayta ko'rib chiqilishiga to'g'ri keladi.

Shuning uchun hozir boshqa masalalarni muhokama qilish kerak. Agar turnir ko'chirilsa, bundan qanday foyda olish mumkin?

Masalan, O'zbekiston chempionatida 2026 yilgi mavsumni uzaytirish va futbolchilarni ortiqcha yuklamadan himoya qilish uchun o'yinlar orasidagi tanaffusni ko'paytirish imkoniyati paydo bo'ladi.

Garchi dekabr oyida qaysi maydonlarda futbol o'ynash masalasi ochiq qolsa-da.

O'zbekiston milliy terma jamoasi va uning bosh murabbiyi Fabio Kannavaro uchun Osiyo kubogining ko'chirilishi FIFA kunlarida boshlangan tarkib va taktika bo'yicha tajribalarni davom ettirish imkoniyatini anglatadi.

Ha, terma jamoa faxriylari yana bir yoshga ulg'ayadi. Ammo boshqa tomondan, yosh futbolchilar milliy terma jamoa safida o'ynash tajribasiga ega bo'lishadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: @ANikimbaev