

O'yindan keyingi matbuot anjumanida "Guliston" bosh murabbiyi Abbos Ergashev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- O'yinga to'xtalishdan oldin bir narsani ta'kidlab o'tmoqchiman. Bilasizki, yaqin-yaqingacha Sirdaryo viloyatida futbol jamoasi yo'q edi. Viloyatimiz hokimi tashabbusi bilan Sirdaryoda futbol klubini shakllantirish, viloyatga katta futbolni qaytarish borasida tegishli ko'rsatmalar berilib, buning natijasida "Guliston" qayta tiklandi va Birinchi ligada ishtirok etishni boshladi. Bundan albatta juda xursandmiz. Endi bugungi uchrashuvga keladigan bo'lsak, o'yinga qo'yilgan taktika ozgina ish bermadi va yigitlarimizda tajriba kamligi pand berdi.
- Jamoangiz besh nafar himoyachi bilan o'ynadi. Odatda ham shunday o'ynaydimi?
- Birinchi ligada to'rt nafar himoyachi bilan taktika tuzamiz, lekin "Neftchi"ning darajasidan kelib chiqqan holda beshta himoyachi bilan o'ynashni maqul topdik.
- Stadiondagi muhit va sharoitlar haqida fikringiz?
- Avvalambor "Neftchi" klubi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Farg'onaga bir kun oldin keldik, mashg'ulot o'tkazdik, buning uchun "Neftchi" barcha sharoitni qilib berdi. Tashkiliy masalalar bo'yicha muammo kuzatilmadi. Stadiondagi muhit ham yaxshi bo'ldi. Muxlislar qarshisida o'ynash baribir yoqimli, bu nafaqat futbolchilarga, balki murabbiylarga ham qo'shimcha kuch bag'ishlaydi.
- Jamoangizning Birinchi ligadagi o'yinlarini ko'rganmiz. Ko'proq hujumga urg'u beryapti. Lekin bugun buning aksi bo'ldi.
- "Neftchi"ning hozirgi darajasidan kelib chiqsak, ko'rsatgan o'yinimizni yomon deya olmayman. Albatta, hisob yirik bo'ldi, xatolar kuzatildi, endi bularni o'rganib chiqamiz. "Neftchi" eng kuchli jamoalardan biri, buni ham tan olish kerak. Beshta himoyachi bilan o'ynab ham bo'sh joylarni yopishga qiynaldik, shu bois ikkinchi taymda yana to'rt himoyachi taktikasiga qaytdik.
- Urilgan yagona gol haqida.
- Buni jamoamiz mehnati deb bilaman va biz uchun qadrli. Har bir kiritilgan to'pning o'z qadri bo'ladi.
- Shohnazar Norbekovni boshlang'ich tarkibda tushirish niyati bormidi?
- Shohnazarni ko'pchilik yaxshi biladi, bir necha yildirki Superligada o'ynab kelgan. Raqib darajasidan kelib chiqib uni zaxiradan o'yinga qo'shishni va shu orqali hujum chizig'imiz toliqib qolmasligini maqsad qilgandik. Shu bois uni ikkinchi bo'limda maydonga tushirdik.



