Vadim Abramov: "Andijon"ga o'zimiz yutqazdik"

Aslanov Jasurbek
28 apr 2026, 22:29
Superliga 10-turdan o'rin olgan "Andijon" – "Dinamo" bahsi 2:1 hisobida yakun topdi. O'yindan keyin "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bahsni ko'pchilik ko'rdi, o'zimiz mag'lub bo'ldik. O'yin haqida boshqa gapirmoqchi emasman. Yaxshisi savollarga o'taylik. Chunki o'z xatolarimiz tufayli gol o'tkazib, mag'lubiyatga uchrayapmiz.

- Jamoangiz to'p kiritgach, futbolchilar o'yin vaqtini cho'za boshladi, natijada gollar qabul qilib olindi.

- Ha aytib o'tganimdek, negadir goldan keyin umuman o'yinimiz qovushmadi, orqaga o'tirib oldik, ishonch yo'qoldi, keyin gollar o'tkazdik. Siz haqsiz.

- Jamoa oxirgi 15 daqiqada hushyorlikni umuman yo'qotib qo'ydi. Bunga nima sabab bo'ldi?

- Balki jismoniy tarafdan tayyor bo'lmadikmi, to'pni duch kelgan tomonga tepib yuboraverdik. "Andijon"ning o'yin qolipiga tushib qoldik. O'tkazilgan birinchi golda raqib adashmasam birinchi marta zarba berdi va shu ham gol bo'ldi.

- Mag'lubiyatga maydon holati ta’sir qilmadimi? Bilishimizcha, "Andijon"da pul bor va yaxshi maydon qilsa bo'ladi-ku?

- Yutqazgandan keyin istalgan gapni gapirish mumkin. Lekin hozir buni aytishdan ne foyda. Biz gol urganimizda maydon xalaqit bermadi va raqib ham biz kabi shu maydonda o'ynadi. Hisob 1:0dan keyin o'ynashda davom etishimiz kerak edi. Vaziyatlardan foydalanib yana gol urishimiz lozim edi. Eng achinarlisi, "Andijon" bizni katta ustunlik bilan mag'lub etmadi, shunda o'yinni atroflicha muhokama qilayotgan bo'lardik. Biz o'zimiz yutqazdik.

- Anvar Hojimirzaevning o'zini tutishi g'alati tuyulmadimi? U juda agressiv o'yin namoyish etdi, hamma bilan tortishib yurdi, natijada qizil kartochka oldi. Avvalgi tur Salim Mustafoev ham "qizil" olgandi.

- Hammamiz kap-katta odamlarmiz va bir narsani to'g'ri tushunish kerak, bir necha oydan berish maoshsiz qolish futbolchilarni ham yovuz qilib qo'yadi. Hamma bir-biriga yomon qaray boshlaydi. Bu yerda kimnidir oqlash uchun bir narsa deyish qiyin. Bir futbolchimiz kyetib qoldi, ikkinchisi ketish taradduida. Men nima ham qila olardim.

- Xislat Xalilov bilan urugvaylik legioner boshqay o'ynamaskan deb eshitdik.

- Legionerlar bekorga kelmagan, pul ishlash uchun kelgan. Tekinga kim futbol o'ynaydi? Uning agenti bizga xat yozdi, pul qachon bo'lishini so'radi, bizdan esa javob yo'q. O'yindan oldin maydonga tushmasligini aytdi va kyetib qoldi. Menimcha, FIFAga murojaat qilsa kerak. Vaziyat nima bo'lishini kutamiz. Xislat Xalilovga kelsak, u oldimga kelib ketmoqchi ekanligini aytdi. Men hech kimni qolishga ko'ndirmoqchi emasman. Oxirgi bahsda unga nisbatan hayqiriqlar bo'ldi, balki shunga ketmoqchidir. Jamoada o'zini emas, butun kollektivni o'ylash kerak. Futbolchi o'ynashni xohlamayapti, mayli xohlamasin.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia