Ilhom Mo'minjonov: "'Aral' Proligadagi asosiy raqobatchimiz hisoblanadi"

Оқил Абдубарноев
16 may 2026, 20:41
O'zbekiston kubogi 2-turidan o'rin "Metallurg" – "Aral" (2:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqidagi fikrlaringiz.

– G'alaba bilan shogirdlarimizni tabriklaymiz. Bugun yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Futbolchilarimiz bilishadiki, Proligada to'g'ridan-to'g'ri raqobatchimiz "Aral" bo'ladi. Lekin baribir kubok o'yinida ham biz ularni yutishimiz kerak, buni 2-3 kun oldin murabbiylar shtabi bilan takidlagan edik. Futbolchilar vazifani bajarishdi, 3 ochkoni qo'lga kiritishdi. Davom etamiz, keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz.

– Kubokda jamoa oldiga qanday vazifa qo'yilgan?

– Kubokka keladigan bo'lsak, bundan oldin ham aytganman, asosiy maqsadimiz – chempion bo'lib Superligaga chiqish. Lekin kubokda ham har bir murabbiy, har bir futbolchi yutqazishni xohlamaydi. Maksimal darajada harakat qilyapmiz. Asosan o'yin amaliyoti kam bo'lgan futbolchilarni tushiryapmiz. Ularga gap yo'q, chunki ular hozir asosiy o'yinchilarga aylanishyapti, deb o'ylayman. Oxirgi o'yinimizni "Qo'qon-1912" bilan o'tkazamiz va shu bilan so'nggi uchta o'yinimizni yakunlab qo'yamiz.

– O'zingiz aytib o'tganingizdek, keyingi o'yinda "Qo'qon-1912" mehmon bo'ladi. Ularning o'yinlarini o'rganib ko'rdingizmi, nima deya olasiz?

– "Qo'qon-1912"ning o'yinini hali to'liq o'rganmadik-ku, biroq ularning "Aral" bilan o'yinini ko'rdik. "Aral"ning maydonini bilasizlar, u yerda "Qo'qon-1912" boshqacha o'yin ko'rsatgan. Endi mana shu so'nggi o'yinini tahlil qilib, shunga qarab maydonga chiqamiz.

– Bugun darvozani Mohir Komilov qo'riqladi. Uning harakatlarini qanday baholaysiz?

– Mohir Komilovga aytadigan gapim – respekt, barakalla! O'yinni o'qiy bilishi ham zo'r. Ozgina xatolari bor, lekin baribir ikkita asosiy darvozabonimiz bor – Sultonov va Komilov, shuningdek, Aliev ham bor. Hozir ularga imkoniyat beryapmiz va o'yinlarda rotaciya qilib turamiz.

– Bugungi o'yinda jamoa yetakchilaridan biri Branimir Yochich qaydnomada yo'q edi. Bu jarohat bilan bog'liqmi yoki rotaciyami?

– Yochichda jarohat bor. Bubanyada ham, Tojiddinovda ham jarohat bor. Jami uch nafar o'yinchimiz jarohat olgan. Yana uch nafar futbolchimiz – Shoahmedov, Mirzohid G'ofurov va Mo'ydinovga dam berdik. Xulosa qilib aytganda, bugun tarkibda olti kishi yo'q edi.

– Guruhdagi davom etayotgan ikkinchi uchrashuvda OKMK jamoasi safarda g'alaba qozonmoqda. Agar shu natija saqlanib qolsa, uchinchi turda jamoaga "Qo'qon-1912" bilan durang natija ham etarli bo'ladi. Agar vaziyat shunday qolsa, jamoa durangga o'ynashi mumkinmi?

– Biroz avval ta'kidlab o'tdim, kubok o'yinlariga unchalik qattiq urg'u bermayapmiz. Lekin hozirgi imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda, futbolchilarning o'zlari ham motivaciya olib, keyingi bosqichga chiqishga harakat qilishsa kerak. Agar "Qo'qon-1912" yutqazayotgan bo'lsa, kutamiz. Oldinda jiddiy tayyorgarlik ko'rishimiz kerak bo'lgan o'yin turibdi. Bu klublar Superliga jamoalari hisoblanadi va biz qo'limizdan kelgancha o'ynaymiz. Asosiysi, shu o'yinlar orqali chempionatga tayyorgarlik ko'ryapmiz.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia