Ilhom Mo'minjonov: "Oxirgi o'yinda futbolchilarimizning harakati menga yoqmagandi. Asosiy e'tibor kubok emas, Proligaga qaratilgan"

Оқил Абдубарноев
10 may 2026, 21:03
O'zbekiston kubogi 1-tur doirasidagi OKMK - “Metallurg” uchrashuvidan so'ng (3:3) mehmonlar bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov o'z fikrlarini bildirdi.

– Bugungi o'yinga bahongiz qanday?

– Bugungi durang bilan futbolchilarni tabriklayman. Bu o'yinga keladigan bo'lsak, asosiy maqsadimiz – Proligadan Superligaga chiqish. Oxirgi o'yinimizdan keyin juda qattiq ranjigan edik. To'qqiz nafar futbolchimizga dam bergan edik va o'ynamayotgan futbolchilarga o'yin amaliyoti berishni rejalashtirdik. Ularga 3-4 kun oldin: "Bu uchta o'yin orqali Proliga o'yinlariga tayyorgarlik ko'ramiz", – deb takidlagan edim. Chunki bizning maqsadimiz – Superligaga chiqish.

Baribir, kubokda ham, har bir o'yinda har bir murabbiy, har bir futbolchi g'alaba qozonishni xohlaydi. Yigitlarni tabriklayman. Bugun o'yin amaliyoti kam bo'lgan yigitlar maydonga tushib, o'zlarini ko'rsatishdi. Menimcha, ular bugungi o'yinga loyiq edi. Shunday o'ynashda davom etishsa, asosiy tarkibdagi futbolchilar uchun ham jiddiy raqobat paydo bo'ladi. Men doim bor jonini berib o'ynaydigan futbolchilarni maydonga tushiraman. Oxirgi o'yinda futbolchilarimizning harakati menga yoqmagan edi: maydonni bahona qilishdimi, ob-havoning issiqligini bahona qilishdimi, xullas, o'yinimiz o'xshamadi. Nima bo'lganda ham, bugungi o'yin va qo'lga kiritilgan bir ochko bilan yigitlarni tabriklayman.

– To'qqizta yetakchi o'yinchini tushirmagan murabbiy jamoaga qanday vazifa qo'yishi mumkin? Bu baribir qiziq-da...

– Yuqorida ta'kidlab o'tganimdek, men bu 9 nafar futbolchiga oxirgi o'yinda yutqazgani uchun emas, balki tig'iz taqvim ("boksing-dey") sababli – 35 kun ichida 7 ta o'yin o'tkazganimiz uchun dam berdim. Ahamiyat bersangiz, deyarli bitta tarkib bilan o'ynab keldik. Shuning uchun ularga dam berildi. Hozirgi 12 ta futbolchida etarli o'yin amaliyoti yo'qligi sababli, mana shu uchta o'yinda ularning xizmatidan foydalanamiz. Agar o'zlarini ko'rsatishsa, mayning 20-sanasida oxirgi o'yinimiz bo'ladi. 30-sanadagi o'yinlarga esa, jismoniy holati yaxshi, tezligi bor, tayyor yigitlarni "Kattaqo'rg'on" bilan bo'ladigan uchrashuvga tayyorlayman. Yana bir bor aytaman: men kubokdagi qaysidir raqibga emas, balki aynan "Kattaqo'rg'on" jamoasiga qarshi o'yinga tayyorgarlik ko'ryapman. Biz uchun eng muhimi – shu o'yin. Chunki guruhdan birinchi o'rinni olib chiqishimiz kerak.

– Demak, strategiya faqat OKMK jamoasiga qarshi emas, qolgan ikkita o'yinda ham xuddi shunday davom etadimi?

– Deyarli shunday bo'ladi. Asosiy futbolchilarimizga uch kunlik tatil bergan edik, bugundan keyin ularni ham tayyorlashni boshlaymiz. Lekin zaxiradan tushgan futbolchilarga rahmat aytaman. Ayniqsa, Braziliyadan kelgan, endi adaptaciya jarayonidan o'tayotgan hujumchimiz "Olimpik-MobiUz" bilan bahsda jarima zarbalari ishladi, xavfli vaziyatlar yaratdi. Jarohat olib safdan chiqqan edi, mana endi o'ziga kelib, yana o'zini ko'rsatib turibdi. Menimcha, OKMK oxirgi paytlarda biroz bo'shashdi. Ular Superligada chempionlik uchun kurashadigan jamoalar qatoriga kiradi. Shunday bo'lsa-da, bir ochko olishga muvaffaq bo'ldik.

– Ishtaha ovqat vaqtida keladi, deyiladi. Bugun mag'lubiyatga uchragan taqdiringizda ham hech kim etiroz bildirmasligi mumkin edi, chunki buning obektiv sabablari bor. Biroq durang natija jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyatiga bo'lgan umidni uyg'otib yubordimi?

– Bu gapingizga shunday javob beraman: safardagi ettinchi turdagi mag'lubiyatimizdan so'ng, uch kun oldin rahbarlar chaqirtirishdi. Ular juda qattiq tanqid qilishdi. Lekin bu o'yinga qanday tarkib bilan tushishimni, qanday tayyorgarlik ko'rishimni, oy oxirida yana uchta o'yinimiz borligini va undan keyingi tanaffusga qanday strategiya tuzganimni rahbarlar bilishardi. Bu futbolchilar bilan yutsak ham, yutqazsak ham, ularga farqi yo'q edi. Chunki men bu uchta o'yin, ayniqsa, birinchi davraning oxirgi uchta uchrashuvi biz uchun qanchalik muhimligi haqida hisobot bergan edim. Biz hal qiluvchi o'yinlarni asosiy raqobatchilarimizga qarshi o'tkazamiz: bular "Kattaqo'rg'on", "Sho'rtan" va "FarDU" jamoalaridir.

– Lekin guruhdagi qolgan uchrashuvlarda ijobiy natija qayd etishdan hech kim xafa bo'lmasa kerak?

– Albatta, hech kim xafa bo'lmaydi. Baribir rahbariyatga ham natija kerak. Biz murabbiylarga ham natija muhim.

– Hozir asosan o'yin amaliyotiga kam ega bo'lgan futbolchilar maydonga tushirilganini aytib o'tdingiz. Bugungi uchrashuvdan kelib chiqib aytsangiz, aynan qaysi futbolchilarning harakatidan to'liq qoniqish hosil qildingiz va kimlar umidingizni oqladi?

– Himoyamiz 3 ta gol o'tkazib yubordi, shuning uchun himoyachilarning o'yinidan qoniqish hosil qilmadim. Lekin bazi harakatlar menda ijobiy taassurot qoldirdi. Oldingi chiziqda o'ynagan Sherzod Komilovdan bundan ko'prog'ini kutgan edim. U bilan hali ancha jiddiy suhbatlashamiz, chunki kelasi yili Superligada o'ynashi uchun men talab qilayotgan narsalarni bajarmasa, jamoada qolishi qiyin bo'ladi. Bugun hujumchimiz, braziliyalik Maksvel o'zini yaxshi ko'rsatdi. Uning harakatlari menga yoqdi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia