Ilhom Mo'minjonov: "Chempion bo'lishni istasak, sifatli futbolchilar olib kelishimiz shart"

Оқил Абдубарноев
31 may 2026, 23:41
Proliga 8-tur doirasidagi "Metallurg" - "Kattaqo'rg'on" (1:1) o'yinidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqida fikrlaringiz qanday?

– O'yinga keladigan bo'lsak, bugun ikki ochko yo'qotdik. Yigitlar borini berishga harakat qilishdi, mashg'ulotlarda ishlangan taktik ko'rsatmalarni maydonda qo'llashga urindik, ammo omad kelmadi. O'ylab qarasak, o'yinda unchalik xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira olmadik. Raqib himoyada juda tartibli harakat qildi. Ularni ham qo'lga kiritilgan bir ochko bilan tabriklayman, lekin takror aytaman – biz ikki ochko yo'qotdik, deb hisoblayman. Kurash davom etadi, chempionat hali oldinda – endigina 8-tur o'tdi. Xatolar ustida ishlab, keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz.

– 70-raqamdagi futbolchini erta o'zgartirish sababi nimada?

– Himoyadagi qo'pol xatolari, anchadan beri o'yin amaliyotiga ega emasligi va yaqindagina jarohatdan forig' bo'lgani sababli uni zaxiraga olishga majbur bo'ldik. Natijada, uning o'rniga boshqa o'yinchini tushirdik.

– Superliga yo'llanmasi uchun asosiy raqiblar bo'lgan "Aral" va "Sho'rtan" 5 ochkoga ilgarilab ketdi. Ularga yetib olish qanchalik qiyin kechadi?

– To'g'ri, ular hozircha 5 ochkoga o'zib ketishdi. Biroq hali biz ular bilan to'qnashamiz. Birinchi davrada faqat "Sho'rtan" bilan o'ynasak, ikkinchi davrada "Aral" bilan yana ikki marta kuch sinashamiz. Menimcha, bu unchalik katta yo'qotish emas. Oldimizga baribir chempionlik vazifasi qo'yilgan. Izlanishda davom etamiz va keyingi o'yinlarga yanada jiddiy tayyorgarlik ko'ramiz.

– Jamoani yarim himoyada bog'lovchi vazifasini bajaruvchi Saidumarxonning almashtirilish sababini izohlay olasizmi?

– Saidumarni 70-daqiqada almashtirdik. Chunki u bu o'yindan keyin yoshlar terma jamoasi yig'iniga jo'nab ketadi. Qolaversa, Tojiddinov ham jarohatidan tuzalganini inobatga oldik. Shuningdek, Saidumar ikkinchi bo'limda faol o'yin ko'rsata olmagani uchun ham zaxiraga olindi.

– Yozgi transfer oynasida aynan qaysi chiziqlarni kuchaytirishni reja qilyapsiz? Sir bo'lmasa, qaysi klublardan futbolchilarni kutsak bo'ladi?

– Bu borada muzokaralar olib borilgan. Hozir oldimizda yana ikkita tur bor, dastlab bor e'tiborimizni shunga qaratamiz. Lekin imkoniyat topilsa va rahbariyat ruxsat bersa, hujum va yarim himoya chiziqlariga kamida beshta yangi o'yinchi olishga majburmiz. Bizga sifatli futbolchilar kerak. Malakali o'yinchilargina o'yin taqdirini hal qila oladi. Mavsum oldidan selekciyani biroz kech boshladik, shu sababli vaqt tig'izligida mavjud futbolchilarni tarkibga jalb qildik. Biroq maqsadimizga yetishish va chempion bo'lish uchun markaziy hamda oldingi chiziqlarga yuqori saviyali o'yinchilarni olib kelishimiz shart.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia