

Mazkur epizod Ekspert hakamlar guruhi, yani FIFA, OFK hamda mahalliy tajribali instruktorlar tomonidan atroflicha o'rganib chiqildi. Olib borilgan tahlillar natijasida bosh hakam tomonidan qabul qilingan qaror to'g'ri ekani tasdiqlandi. Tahlilga ko'ra, to'p uzatilgan paytda hujum qilayotgan jamoa futbolchisi ofsayd holatida bo'lgan.
Ushbu vaziyatga batafsil to'xtaladigan bo'lsak, uchrashuvning 52-daqiqasida mehmonlar tomonidan kiritilgan gol VAR aralashuvi orqali tekshirildi. VAR tavsiyasiga asosan epizod qayta ko'rib chiqilib, to'p uzatilgan paytda gol muallifi ofsayd holatida bo'lgani aniqlandi. Shundan kelib chiqib, bosh hakam tomonidan golni bekor qilish qarori qabul qilindi.

Taqdim etilgan chizmalarda “Navbahor” jamoasi futbolchisining elkasidan ko'k chiziq, “So'g'diyona” jamoasi futbolchisining elkasidan esa qizil chiziq tortilgani ko'rish mumkin. Mazkur holatda hujum qilayotgan jamoa futbolchisining elkasi darvozaga yaqinroq joylashgani sababli ofsayd holati qayd etilgan.
Shuningdek, mazkur maqolada “Xorazm” - “Neftchi” uchrashuvining 63-daqiqasida yuzaga kelgan vaziyat ham tahlil qilingan.
Mazkur epizod ham FIFA, OFK hamda mahalliy tajribali instruktorlar tomonidan tahlil qilindi. Xulosaga ko'ra, mehmon jamoasi futbolchisi to'p uchun kurash jarayonida oyog'ini yuqoriroq ko'targan holda harakat qilgan va raqib futbolchining oyog'iga engil kontakt yuzaga kelgan. Biroq ushbu vaziyatda qo'pollik holati kuzatilmagan.

Shu bois, mazkur holat qoidabuzarlik sifatida baholanmaydi va o'yinni davom ettirish qarori to'g'ri deb topiladi.
Championat.asia saytining hakamlik bo'yicha eksperti, rossiyalik sobiq hakam Anatoliy Sinyaevning Superliga 9-turidagi hakamlikka bag'ishlangan tahlilini ushbu havola orqali o'qishingiz mumkin.



