So’nggi yangiliklar

00:463:0 дан кейин хотиржамликка ўрин йўқ! Арбелоа "Ман Сити"га қарши жавоб ўйинидан нима кутмоқда?  1 00:12Неймар Бразилия терма жамоасининг қайдномасига киритилмади  1 00:04"Агар атайлаб урганимда, у ўрнидан тура олмасди!" Рюдигер рақибининг жағига берган зарбаси ҳақида  1 23:30Барча 18 жамоа чемпион бўлиши... ёки қуйи лигага тушиб кетиши мумкин бўлган Польша лигасига хуш келибсиз  0 23:00"Чўққида!" Винисиус Жуниор "Оскар" ютган Майкл Б. Жорданни қутлади  1 22:18Рой Кин МЮни огоҳлантирди: "Кэррик "иблислар" учун эмас, тайёр 3 та супер номзод бор!"  11 22:00Абрамовичнинг найранглари панд берди: "Челси" рекорд жарима ва трансфер тақиқига учради  2 21:23Гвардиола: "Реал" ҳам кўп ютқазган"  11 20:38Болбойни йиқитган Нету жазодан қутулиб қолди  0 20:32Анчелотти "Реал"даги муаммолар ҳақида: "Мбаппенинг келиши Кроос ва Начонинг кетишига тўғри келди, ўзгаришлар доим ҳам силлиқ кечмайди"  2 19:57Жеррард "Ливерпул"дан қўнғироқ кутмоқда  8 19:30Руни Кэррик ҳақида қандай фикрда?  3 19:02"Реал" юлдуз футболчи учун 160 млн евро тўлашга тайёр. У Пересга ёқади  6 18:35"Челси"да босим ортиб бормоқда: Росеньор кетиши мумкин  1 18:07Сарри: "Модрич — камтарликнинг ҳақиқий намунаси"  0

Barcha 18 jamoa chempion bo'lishi... yoki quyi ligaga tushib ketishi mumkin bo'lgan Polsha ligasiga xush kelibsiz Yangiliklar

Barcha 18 jamoa chempion bo'lishi... yoki quyi ligaga tushib ketishi mumkin bo'lgan Polsha ligasiga xush kelibsiz

Teglar :  Polsha
Polsha futbolining yuqori divizioni – Ekstraklasa Evropa futbolidagi eng raqobatbardosh yuqori liga ekanligiga shubha yo'q. Ushbu mavsum tarixdagi eng g'ayritabiiy ekanligini isbotlovchi dalillar mavjud.

34 turdan iborat Ekstraklasa mavsumining uchdan bir qismidan kamrog'i qolgan bir paytda, matematik jihatdan barcha 18 ta klub yo chempion bo'lishi, yoki quyi ligaga tushib ketishi mumkin. Liga davomida mantiqqa zid bo'lgan voqealar kuzatilmoqda. 

Dam olish kunlarini peshqadam sifatida boshlagan "Zaglembe" – aholisi 70 ming kishini tashkil qiladigan va Polshaning eng yirik 50 ta shahri ro'yxatiga ham kirmaydigan kichik Lyubin shahri jamoasi hisoblanadi. O'tgan mavsumda "Zaglembe" 15-o'rinni egallab, xavfli hududdan atigi bir pog'ona yuqorida qolgan edi. 

Mamlakatning eng yirik va eng muvaffaqiyatli klubi bo'lmish "Legiya" (Varshava) esa quyi ligaga tushib ketish xavfi ostida. O'tgan mavsumda ular Konferenciyalar Ligasining chorak finaligacha etib borib, "Chelsi" tomonidan musobaqadan chiqarib yuborilgan edi (ular inglizlarni "Stemford Brij"da mag'lub etishgan). Bundan o'n yil oldin esa, 15 karra Polsha chempioni hisoblangan "Legiya" Chempionlar Ligasi guruh bosqichida ishtirok etgandi. 

Joriy mavsumda katta mablag' sarflagan "Vidzev Lodz" Transfermarkt malumotlariga ko'ra, Ekstraklasa tarixidagi eng qimmat uchta futbolchini sotib oldi. Ular orasida Gana terma jamoasi azosi Usmon Bukari ham bor ("Ostin" klubidan 5,5 million evro (6,4 mln dollar) evaziga o'tgan). Biroq "Vidzev" ham xuddi "Legiya" singari xavfli hududda bormoqda.

Mavsumning yarmida "Visla Plock" Ekstraklasa turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan edi. Ketma-ket beshta mag'lubiyatdan so'ng, ular hozir 8-o'rinda va xavfli hududdan atigi uch ochkoga o'zib ketishgan xolos. Yana bir misol – "Krakoviya". 22-turdan keyin jamoa 7-o'rinda edi. Krakovliklar keyingi ikki o'yinda mag'lub bo'lishdi, ammo boshqa o'yinlardagi natijalar tufayli bir pog'ona yuqorilab, 6-o'ringa chiqib olishdi.

Polsha futbolidagi boshboshdoqlik faqat yuqori divizion bilan cheklanib qolmagan. Ikkisi birgalikda 27 ta chempionlikni qo'lga kiritgan "Visla Krakov" va "Rux Xojuv" hozirda 1-ligada, yani Polshaning ikkinchi divizionida ishtirok etmoqda. Ushbu asrda yuqori divizionda g'olib chiqqan "Poloniya Varshava" va "Shlyonsk Vroclav" ham ikkinchi ligada ishtirok etyapti. Bu orada joriy mavsumdagi Polsha Kubogining chorak finaliga uchinchi diviziondan ikkita va to'rtinchi diviziondan bitta klub etib keldi. 2019 yildan 2024 yilgacha bo'lgan davrda Polshada uchta klub ilk bor liga chempioniga aylandi: "Pyast Glivice", "Rakuv Chenstoxova" va "Yagelloniya Belostok". Xo'sh, Polsha futbolini nima shunchalik oldindan aytib bo'lmaydigan qilib qo'yadi? Va bu foydalimi?

"Aqlli klublar boy klublarni engadi"

Futbol – Polshadagi eng ommabop sport turi bo'lib, milliy terma jamoa tez-tez yirik xalqaro turnirlarga yo'llanma olib turadi. Polsha aholisi 37,9 million kishini tashkil qiladi va fuqarolarning aksariyati shaharlarda yashaydi: 23 ta shaharning aholisi 150 mingdan ortiq. Bunday urbanizaciyalashgan jamiyat futbol klublarining kuchli tizimi uchun sharoit yaratadi va nega Polsha tarixida 20 ta, 2000 yildan beri esa 9 ta turli xil chempion bo'lganini tushuntirishga yordam beradi.

"Ko'plab postkommunistik mamlakatlardan farqli o'laroq, bizda hech qachon klassik oligarxlar bo'lmagan", – deydi Sport.pl saytining polyak futbol jurnalisti Pavel Vilkovich The Athletic nashriga. "Futbolimizda boshqa joylardagidek gegemonlik yo'q: o'z ligalarida dominantlik qilgan "Shaxtyor" (Ukraina), "Styaua" (Ruminiya), "Dinamo Zagreb" (Xorvatiya), "Crvena Zvezda" (Serbiya) yoki "Ludogorec" (Bolgariya) klublariga etibor qarating. 2000 yillarning boshlarida "Visla" juda kuchli edi, 2010 yillarda esa "Legiya" etakchiga aylandi. Ammo so'nggi o'n yillikda aqlli klublar boy klublarni muntazam ravishda mag'lub etmoqda. Sabr va to'g'ri qarash pulni engmoqda. Raqiblarni aql bilan dog'da qoldirish ulardan ko'proq pul sarflashdan ko'ra muhimroq. "Visla" ikkinchi divizionda, "Legiya" va "Vidzev" esa transfer rekordlarini yangilaganiga qaramay, quyi ligaga tushib ketish xavfi ostida turibdi. Klublarning maosh fondi o'rtasidagi farqlar mavjud, boshqa ligalardagi kabi katta emas, ammo Polsha futbolini bu mezon bilan o'lchab bo'lmaydi". Evropa futbolini boshqaruvchi tashkilot – UEFAda ishlagan mustaqil futbol muxbiri Pyotr Kozminskining fikricha, investiciyalar oqimi Polsha futboli manzarasini o'zgartirishi mumkin. Bir yil oldin ko'chmas mulk bo'yicha polshalik tadbirkor Robert Dobrjicki "Vidzev" xo'jayiniga aylandi. Hozirda Ekstraklasaning xavfli hududida borayotganiga qaramay, klub yanvar oyida bir qancha Polsha transfer rekordlarini yangiladi. "Agar ular jon saqlab qolsa, kelasi mavsumda juda xavfli jamoaga aylanadi", – deydi Kozminski.

"Legiya"ning quyi ligaga tushishi – aql bovar qilmas holat"

"Legiya" – Polsha futbolidagi eng ommabop va eng muvaffaqiyatli klub, ularning hisobida 43 ta sovrin, jumladan, 15 ta chempionlik bor. Ilgari Polsha armiyasining klubi bo'lgan (ularning uy stadioni Polsha armiyasi stadioni deb ataladi) bu jamoa Ikkinchi jahon urushidan beri mamlakatning yuqori ligasidan hech qachon tushib ketmagan yagona klubdir. Bu mavsumda ushbu anana buzilishi mumkin. Sport.pl muxbiri Yakub Balcerskining fikricha, klubning quyi ligaga tushib ketish ehtimolini "aqlga sig'dirib bo'lmaydi", u bu holatni "Yuventus", "Bavariya" yoki "Pari Sen-Jermen"ning o'z ligalarida tushib ketishi bilan taqqoslaydi. "Buni juda ko'p betaraf muxlislar xursandchilik bilan kutib olgan bo'lardi. Siz "Legiya"ni yo qo'llab-quvvatlaysiz, yoki undan nafratlanasiz. Ular doim teleekranlardagi eng asosiy mavzu bo'lib kelgan". "Legiya" Polsha terma jamoasiga eng ko'p futbolchi etkazib beruvchi klub bo'lib, so'nggi yig'inlarga ularning to'rt nafar o'yinchisi chaqirilgan. Biroq, agar ular quyi ligaga tushib ketsa, darhol ortga qaytishiga hech qanday kafolat yo'q. 13 karra Polsha chempioni "Visla" 2022 yilda elitani tark etgan edi va hozir ikkinchi divizionda o'zning to'rtinchi mavsumini o'tkazmoqda.

Muxlislar kimning chempion bo'lishini istaydi?

Liga peshqadami "Zaglembe"ga (41 ochko) 10 ochkolik farq ichida 12 ta jamoa yaqinlashib turibdi, ammo "Yagelloniya", "Lex" (ikkisida ham 38 tadan), "Rakuv" (37) va "Gurnik Zabje" (35) etakchilar guruhini tashkil qiladi. "Betaraf muxlislarning sevimli jamoasi yo'q", – deydi Pavel Vilkovich. "Yagelloniya" chiroyli o'yini va klubni oqilona boshqarishi bilan hurmat qozongan. "Lex" hujumda yorqin o'ynashi va tomoshabop futbol ko'rsatishi mumkin. "Rakuv"ni esa sevishmaydi, lekin hurmat qilishadi. "Zaglembe"ning muxlislari asosan Lyubinda joylashgan va klub KGHM tog'-kon gigantiga tegishli. Polshada ular biroz "Volfsburg"ga (Germaniyada Volkswagen ishchilari uchun ko'p tarmoqli sport klubi bo'lgan Bundesliga jamoasi) o'xshaydi. "Zaglembe" murabbiyi Leshek Oyjinski – o'z ustida ishlab shu darajaga etgan mutaxassis. U aniq principlarga ega, eskicha uslubni afzal ko'radi va to'pga egalik qilishga unchalik qiziqmaydi! Ammo u aqlli va jangovar murabbiydir".

Klublar Evropada o'z so'zini aytmoqda

Polsha futbolida raqobat o'ta yuqori bo'lishi mumkin, ammo shu bilan birga liganing kuchi o'sib borayotganini ko'rsatuvchi belgilar ham bor. Shu haftadagi evrokuboklar oldidan Polsha mavsum uchun UEFA koefficientlari jadvalida Franciyani ortda qoldirib, oltinchi o'rinni egallab turibdi. Buni Polshaning to'rtta vakili – "Rakuv Chenstoxova", "Yagelloniya", "Lex" va "Legiya" – saralash bosqichlarida 17 ta g'alaba va Konferenciyalar Ligasining asosiy bosqichida 11 ta g'alabani qo'lga kiritgani bilan izohlash mumkin. Hozirda Ekstraklasada to'rtinchi o'rinda borayotgan "Rakuv" guruh bosqichida mag'lubiyatga uchramadi va ikkinchi o'rinni egalladi, "Lex" esa 11-o'rinni band etib, pley-off bosqichiga yo'l oldi. "Konferenciyalar Ligasi Polsha klublariga hayot bag'ishladi", – deydi Pyotr Kozminski. "Jamoalarimiz dastlabki ikki turnir uchun etarlicha kuchli emasdi, ammo musobaqalar kengaytirilishi aynan mana shunday ligalar uchun ayni muddao bo'ldi".

"Polsha futboli nihoyat urfga kirmoqda"

Ligalarning kuchi va o'sishini baholashda odatda qita musobaqalaridagi natijalar, klublarning xarajatlari, o'yinlarga tashrif buyuruvchilar soni va infratuzilma kabi ko'rsatkichlar kuzatiladi. Ekstraklasadagi har bir stadion shu asrda yo yangidan qurilgan, yoki qayta tiklangan, yoxud keng ko'lamli rekonstrukciya qilingan. Bularning aksariyati mamlakatning 2012 yilda Ukraina bilan birgalikda Evropa chempionatiga mezbonlik qilgani bilan bog'liq bo'ldi, ammo o'tgan 14 yil davomida ham stadionlar va infratuzilmaga sarmoya kiritish davom etdi. Polshada hozir sig'imi 15 mingdan ortiq bo'lgan 23 ta stadion mavjud va bu muxlislar uchun qulay hamda hamyonbop muhitni yaratishga yordam bermoqda. Bu mavsumda Ekstraklasada o'rtacha tashrif har o'yinga 13 000 muxlisni tashkil qildi – har bir turda 117 000 tomoshabin. 2014-15 yilgi mavsumda yuqori divizion klublari soni ikkitaga kam bo'lgan paytda, bitta turda Ekstraklasa stadionlariga o'rtacha 66 000 muxlis kelardi. Ko'rsatkichlar so'nggi o'n yillikda qariyb 60 foizga oshdi. Agar joriy tashriflar qatoriga "Visla", "Shlyonsk" va "Rux" kabi yirik jamoalarning ishtiroki bilan tomoshabinlar soni oshib borayotgan ikkinchi divizionni ham qo'shsak, dam olish kunlari stadionga keluvchi muxlislar soni 165 000 dan oshadi.

"Evrokuboklardagi muvaffaqiyatli yurishlar mahalliy futbolga bo'lgan munosabatni o'zgartirishga yordam berdi", – deb tushuntiradi Pavel Vilkovich. "Ekstraklasa o'yinlariga borish urfga kirmoqda. So'nggi yillarda polyak musiqasi va kinematografiyasi katta yuksalishni boshdan kechirdi, endi futbol ham shu yo'ldan borishiga ishonamiz. Klublar endi futbolchilarni yaxshi narxlarda sotish imkoniyatiga ega, ular foyda olish uchun o'yinchilarni etishtirishga qiziqishmoqda va o'zlarining skautlik tarmoqlariga ega bo'lishdi. Endi futbolchilarni albatta "Legiya", "Lex" yoki "Visla"ga sotishga hojat yo'q. "Pogon SHHecin" va "Visla Plock" so'nggi yillarda bozorda aqlli ish olib borayotgan klublarning yorqin namunasidir. Klublar daromad keltiruvchi va barqaror bo'lib bormoqda".

Bezorilik: "Haqiqatdan ko'ra ko'proq stereotip"

2023-24 va 2024-25 yilgi mavsumlar davomida "Legiya" qita miqyosidagi 30 ta o'yindan 17 tasida UEFA tomonidan jarimaga tortildi, bu qoidabuzarliklar klubga jami 464 250 evro (396 000 funt sterling / 524 000 dollar)ga tushdi. Ularning aksariyati "Legiya" muxlislarining xatti-harakatlari bilan bog'liq edi. Bu jarimalarning eng kattasi – 100 000 evro – 2023 yil noyabr oyida "Aston Villa"ga qarshi safar o'yinida sodir bo'lgan o'ta dahshatli zo'ravonliklardan so'ng belgilandi. 2016 yilda "Borussiya Dortmund"ga qarshi uy uchrashuvidagi (0:6) ommaviy tartibsizliklar va irqchilik ruhidagi hayqiriqlar sababli "Legiya"ga Chempionlar Ligasida "Real Madrid"ga qarshi o'yinni yopiq eshiklar ortida o'tkazish jazosi berilgan edi.

Bezorilik Polsha futbolida jiddiy muammo bo'lib kelgan, ammo Ekstraklasa o'yinlarida tartibsizliklar kamdan-kam uchraydi, Ultras guruhlari esa ko'proq evrokuboklar vaqtida o'zlarini ko'rsatishadi. "Bu muammo haqiqatdan ko'ra ko'proq stereotipga aylanib qolgan", – deydi Pyotr Kozminski. "Statistika shuni ko'rsatadiki, Polsha stadionlari xavfsiz va bezorilikdan deyarli holi, bu erda mushtlashuvlar bo'lmaydi. Bu o'tmishdagi muammo edi, lekin hozir unday emas. Dunyodagi eng jirkanch narsalardan biri bo'lgan irqchilik bilan bog'liq vaziyat ham xuddi shunday. Polshada bu borada boshqa davlatlarga qaraganda ko'proq muammo yo'q. Bu esa meni o'z mamlakatim bilan faxrlanishga undaydi".

Bu mavsumda Ekstraklasada qaysi klub g'olib bo'lishini, qaysi jamoalar quyi ligaga tushib ketishini yoki Evropa kuboklariga yo'l olishini hech kim bashorat qila olmaydi. Polshaning yuqori divizioni boshqa hech biriga o'xshamaydi – bu erda har bir o'yin muhim ahamiyatga ega.


Oqil Abdubarnoev tarjimasi.

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика