Zayniddin Tojiev: "Kubok 1/8 finalida "Paxtakor" bilan "Nasaf" tushmasa bo'lgani"

Aslanov Jasurbek
30 may 2026, 22:35
Proliga 8-turdan o'rin olgan "Paxtakor farm" – "G'azalkent" uchrashuvi 1:2 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "G'azalkent" bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- O'yin qiziq va qiyin kechishini bilardik, chunki ikkita tengdosh jamoa o'zaro bahs olib bordi. Qolaversa futbolchilar bir-birlarini yaxshi taniydi, oldin birga to'p tepganlari ham bor. Bunday uchrashuvlarda maydonga tushgan har bir futbolchi o'zini ko'rsatishga harakat qiladi. Yaxshiyam birinchi bo'limda gol urib oldik. Keyin ikkinchisini ham urdik. Baribir qisqa muddat oralig'ida o'yinlar bo'lib o'tayotgani bilinyapti. Charchoq yig'ilib qolgani sababli ikkinchi taym oxirlarida o'z o'yinimizni ko'rsata olmadik. Yana ikkita turdan keyin tanaffus bo'ladi, shu tanaffus chog'ida o'yinchilarni tiklab olamiz. "Paxtakor farm" jamoasiga keyingi bahslarda omad tilayman.

- Jamoangiz ikkita frontda kurash olib boryapti. Shunday pallada jismoniy charchoqni yo'qotish uchun qanday ish olib borilyapti?
- Biz dekabr oyida yangi mavsumga hozirlikni boshladik, futbolchilarimiz jismoniy tomondan tayyor, faqat qisqa muddatli o'yinlarga to'liq tayyor emasmiz. O'tgan mavsum U-19 chempionatida to'p tepgan o'yinchilar bu yil Proligada harakat qilyapti. Superligani oz bo'lsa-da ko'rgan faqat uch nafar futbolchimiz bor. Qolgan hamma U-19da o'ynagan bolalar. Bu baribir ta’sirini ko'rsatadi. Tayyorgarlik va mashg'ulotlar bo'yicha ko'nglimiz to'q. Bu borada muammo yo'q. Dekabrdan beri reja asosida ishlab kelyapmiz. Har to'rt kunda futbol o'ynasa charchoq bo'ladi. Superligada ham shu holat ko'rindi.

- Ko'plab epizodlarda futbolchilar uzoq burchakda turgan o'yinchiga to'pni uzatishda xatoga yo'l qo'yib, bu xato bir necha marta takrorlandi. Shu orqali vaziyatlar ham boy berildi.
- Futbolda bu kabi xatolar bo'lib turadi. Bizning chap qanotda o'naqay futbolchi o'ynaydi, u to'pni olib o'ng oyog'iga to'g'rilayman deguncha vaqt o'tadi, aslida chapda chapaqay futbolchi o'ynashi kerak. Shuning hisobiga ham xatolar kuzatilayotgan bo'lishi mumkin. Mashg'ulotlarda bu borada ishlaymiz, futbolchilarga o'rgatamiz.

- 2 iyun kuni O'zbekiston Kubogi 1/8 finaliga qur'a tashlanadi. "G'azalkent"ga kim raqib bo'lishini xohlaysiz?
- "Paxtakor" bilan "Nasaf" tushmasa bo'lgani.

- "Paxtakor" stadioni siz uchun begona emas. Futbolchilik faoliyatingizda ko'p bor shu o'yingohda to'p tepgansiz. Murabbiy sifatida qaytish qanday hissiyotlarni berdi?
- Futbolchilik davri umuman boshqa davr. Murabbiylikdagi hissiyotlar boshqacha bo'ladi. O'yinchilik paytimda har gal "Paxtakor" stadionida g'alaba uchun o'ynardik. Endi murabbiy sifatida ham shogirdlarimga yutish uchun o'ynash kerakligini aytyapman. Futbolchilarimizga rahmat, chizgan chizig'imizdan chiqmay berilgan ko'rsatmalarni uddalashyapti, shu bois ham g'alabaga erishdik.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia