

Yaponiyalik bosh hakam Toshimicu Yoshida penaltini amalga oshirish vaqtidagi qoida buzilishini (hujum qilayotgan tomon futbolchisining jarima maydonchasiga barvaqt kirib ketishi) noto'g'ri talqin qilib, qoidaga ko'ra "qayta tepish" belgilash o'rniga, Bahrayn foydasiga bilvosita erkin zarba bergan edi.
O'zbekiston terma jamoasining 1:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlangan mazkur o'yin keyinchalik FIFA tomonidan bekor qilinib, qayta o'tkazilishi belgilangan. Natijada, O'zbekiston terma jamoasi keyingi o'yinlarda durang o'ynab, jahon chempionati yo'llanmasidan quruq qolgan bo'lsa, Toshimicu Yoshida FIFA tomonidan noma'lum muddatga chetlatilgan.
Quyida yaponiyalik hakamning o'sha vaziyatga bildirgan fikrini havola etamiz:
O'sha uchrashuvda men O'zbekiston foydasiga penalti belgiladim. O'zbekistonlik futbolchi zarba berishga tayyorlanayotgan edi, biroq u to'pni tepishidan oldin uning jamoadoshi jarima maydonchasiga kirib ketdi. Futbolchi zarba berdi va to'p darvozadan joy oldi. Qoidalarga ko'ra, agar hujumkor jamoa o'yinchisi jarima maydonchasiga vaqtidan oldin kirib ketsa va gol urilsa, "penaltini qaytadan tepish" – qoidaning to'g'ri qo'llanilishi hisoblanadi.
Men o'zbekistonlik futbolchining hududga kirib ketganini ko'rgan edim. Videotakrorlarni ko'rsangiz, mening o'zim ham "Qaytadan tepiladi", deganimni eshitish mumkin. Biroq o'sha lahzada to'pning darvozaga kirgani haqidagi fakt mutlaqo xayolimdan ko'tarildi.
Bahraynlik futbolchilar yugurib kelishdi va "Darvozabon to'pni qaytardi. Qolaversa, o'zbekistonlik futbolchi hududga birinchi bo'lib kirgan edi, demak, bu bilvosita erkin zarba bo'lishi kerak!", deb qattiq etiroz bildirishdi. Shu soniyada to'p darvozaga kirgani haqidagi haqiqat qaergadir g'oyib bo'ldi va men "Ha, rostdan ham, darvozabon to'pni qaytargani uchun o'yinni himoyalanuvchi jamoa bilvosita erkin zarba bilan boshlashi kerak ekan", deb o'ylab, xato qildim. Shunday qilib, men himoyalanuvchi jamoaga bilvosita erkin zarba belgiladim.
Bu mutlaqo yo'l qo'yib bo'lmaydigan, juda qo'pol xato edi. O'yin esa shu zaylda davom etdi. Tanaffus paytida qoidalarni qo'llashda qanchalik mudhish xatoga yo'l qo'yganimni anglab etdim va qolgan hakamlarga "Bu o'yindan so'ng xalqaro toifadagi hakamlik faoliyatimni yakunlayman", deb aytdim.
O'yin esa odatdagidek davom etib, O'zbekistonning 1:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. Mag'lub bo'lgan bahraynlik futbolchilar ham kelib qo'l berishdi va o'yin tinchgina yakun topdi. Biroq keyinchalik O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi norozilik bildirib, FIFAga shikoyat qildi. Yaponiyaga qaytib kelganimdan so'ng, "Hakamning qarori yakuniy hisoblanadi", degan qoida bekor qilinganini va o'yinni qaytadan o'tkazish belgilanganini bildim. O'ylashimcha, bu butun dunyo tarixida birinchi marta yuz bergan holat edi.
Bundan tashqari, men FIFA tomonidan noma'lum muddatga chetlatildim. Natijada xalqaro toifadagi hakamlik guvohnomamni o'z ixtiyorim bilan topshirishga majbur bo'ldim. Butun dunyo bo'ylab internetda "Toshimicu Yoshida" nomi tarqalib ketdi va endi Yaponiyada ham hakamlik qila olmasam kerak, deb o'ylagandim.
Lekin o'sha paytdagi J-Liga raisi Suzuki janoblari: "U J-Liganing eng yuqori darajadagi hakamlaridan biri, unga J-Ligada ishlashga ruxsat beramiz", dedilar.
Ishdagi xatoni faqat ish bilan to'g'rilash mumkin, deb hisoblayman. Mening ishim – maydonda hushtak chalish. Shu sababli xatoni faqat maydondagi ishim orqaligina yuvishim mumkin edi. Bu xato tufayli gazetalarda qattiq tanqid qilindim, ismim butun dunyoga tarqaldi.
Boshqalar ham men yo'l qo'ygan xatoni takrorlamasliklari uchun mamlakat bo'ylab o'tkaziladigan maruzalarda butun haqiqatni aytib beraman. Bu holatni faqat boshidan o'tkazgan insongina tushunishi mumkin, mening vazifam esa – haqiqatni etkazish.



