

1993 yilning avgust oyi o'zbek futboli tarixida Niderlandiya futboli bilan ilk bor bevosita to'qnashish davri sifatida qolgan. O'sha vaqtdagi davlat rahbari – Islom Karimovning Niderlandiyaga qilgan safari davomida o'rnatilgan iqtisodiy va madaniy aloqalar futbol sohasida ham o'z aksini topdi. Natijada, Niderlandiya chempionatida kuchli to'rtlikdan joy olgan Arnem shahrining "Vitess" klubi O'zbekiston Mustaqilligi bayrami arafasida Toshkentga taklif etildi.
Toshkentga kelgan "Vitess" tarkibi: bosh murabbiy Gerbert Nyuman, bosh murabbiy yordamchisi Yan Engblond, darvozabonlar - Raymond Van Der, Abe Knup, o'yinchilar - Teo Bos, Filipp Koku, Rene Ejer, Edvar Sturing, Gans Gilxaus, Martin Lamers, Bert Latugeru, Xub Loffen, Glen Xelder, Roberto Stran, Aryan Vermelen, Ben Iroga, Partik Potyuien, Roy Makay, Vilem Korsten.
Ilk to'qnashuv: "Paxtakor" – "Vitess"
17 avgust kuni "Paxtakor" markaziy stadionida minglab muxlislar ko'z o'ngida Niderlandiya klubi va poytaxtning "Paxtakor" jamoasi o'rtasidagi ilk uchrashuv bo'lib o'tdi. Bahs ancha keskin va gollarga boy o'tdi.

Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq har ikki jamoa tashabbusni qo'lga olishga harakat qila boshladi. Uchinchi daqiqada Shuhrat Maqsudovning tepgan to'pi “Vitess” darvozasi to'siniga tegib qaytgach gollandiyaliklar ham hujumga zo'r berdilar. Chap qanot bo'ylab boshlangan navbatdagi hujum Martin Laamers tomonidan paxtakorchilar darvozasiga to'p kiritilishi bilan yakunlandi - 0:1.
Birinchi bo'limda Mirjalol Qosimov 11 metrlik jarima to'pini aniq tepib hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo'lsa-da Niderlandiya chempionatining eng mohir to'purarlaridan biri Xans Xillgaus qisqa vaqt ichida hisobni 1:2 ga etkazdi.
Ikkinchi bo'limda o'yin surati yanada oshdi. Paxtakorchilar muxlislar ishonchini oqlash uchun, “Vitess” o'yinchilari hisobni yanada oshirish uchun hujumga zo'r berdilar. Abduqahhor Marufaliev tomonidan kiritilgan navbatdagi to'pga Xans Xillgaus ushbu o'yindagi kiritgan ikkinchi to'pi bilan javob berdi - 2:3. Bu hisob o'yin oxirigacha o'zgarmadi.
"Vitess": Raymond van der Gou, Roberto Straal (Patrik Potxuzen), Xugo Alvesh Velozu, Teo Bos, Aryan Vermelen (Tenissen), Martin Lammers, Fillip Koku, Benjamin Iroxa, Bart Latuxeru, Xans Djillxaus (Roy Makay), Glen Xelder.
"Paxtakor": P. Bugalo, M. Aliev, F. Magometov, M. Qosimov, N. Shirshov, I. Sharipov, A. Hasanov, I. Nazarov, A. Marufaliev, SH. Maqsudov, D. Ivangorodskiy (I. Volkov).
Uchrashuv natijasi: 2:3 – "Vitess" foydasiga. Gollar: 0:1 – Martin Lammers, 1:1 – M. Qosimov (11 metrlik jarima zarbasidan), 1:2 – Xans Djillxaus, 2:2 – A. Marufaliev, 2:3 – Xans Djillxaus.
"Vitess" bosh murabbiyi Gerbert Nyuman o'yindan so'ng o'zbek futbolchilarining, xususan, Mirjalol Qosimov, Shuhrat Maqsudov va No'mon Hasanovlarning mahoratidan hayratda qolganini, o'zbek futboli tezkor hujumga asoslangani unga juda maqul kelganini takidlagan.
"Ochig'i O'zbekistonda shunday ajoyib, takrorlanmas jamoa borligini xayolimga keltirmagan edim. "Paxtakor"ning barcha o'yinchilari, ayniqsa, M. Qosimov, SH. Maqsudov, N. Hasanovlar mahorati meni hayratda qoldirdi. O'zbek futboli tezkor hujum, jipslashgan himoyaga asoslangan ekan. Menga esa bunday futbol juda yoqadi.
Uchrashuvdan qoniqish hosil qildim. Paxtakorchilarda o'rgansa arziydigan tomonlar bor. O'zining ikki yillik bayramini nishonlayotgan mustaqil respublikangizning futbolini jahon miqyosiga ko'tarilishida muvaffaqiyat tilayman".
Shuningdek, “Paxtakor” bosh murabbiyi Bahodir Ibrohimov ham o'z fikrlarini bildirdi.
Bugungi uchrashuv haqida xulosa natijaga qarab chiqarilmasligi lozim. Garchi biz mag'lubiyatga uchragan bo'lsak-da uning hozircha xorijiy tajribasi yo'q “Paxtakor” uchun naqadar katta maktab bo'lishini ta'kidlab o'tish joizdir.
Milliy terma jamoa bilan bahs va kutilmagan yulduzlar
19 avgust kuni Niderlandiyaliklar O'zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushdilar. Qiziqarli jihati shundaki, "Vitess" tarkibida o'sha paytda hali yosh bo'lgan, keyinchalik jahon futboli yulduzlariga aylangan Roy Makay va Filipp Koku kabi futbolchilar ham Toshkentga kelishgan edi.
Uchrashuv boshlanishi oldidan AES firmasi prezidenti Karel Aalbersga mazkur tadbirni uyushtirishdagi xizmatlari uchun O'zbekiston Futbol federatsiyasining esdalik sovg'alari topshirildi, to'n va do'ppi kiydirildi. Niderlandiyalik mehmon o'zbek xalqiga o'zbek tilida baxt-saodat tiladi.

Ikkinchi o'yinda "Vitess" tarkibida kichik o'zgarishlar yuz berdi. Bu qisman "Paxtakor" bilan bo'lgan dastlabki o'yinda futbolchilarning jarohat olgani bilan, qisman esa murabbiylarning yoshlarni sinab ko'rish istagi bilan bog'liq edi.
O'zbekiston terma jamoasi ham maydonga o'zining eng kuchli tarkibida tusha olmadi.
Uchrashuv o'zbekistonliklarning hujumlari bilan boshlandi. Butun birinchi bo'lim davomida terma jamoamiz niderlandlar mudofaasini yorib o'tishga tinimsiz harakat qildi. Abduraimov darvoza tomon xavfli zarba yo'lladi, Do'rmonov esa qanotdan oshirilgan keskin uzatmadan so'ng mo'jiza tufayligina gol urolmadi.
Biroq "Vitess" faqat himoyalandi, deb o'ylamaslik kerak. Ularning bir nechta xavfli qarshi hujumlari muxlislarni xavotirga solib qo'ydi. Shunday bo'lsa-da, birinchi bo'limda hisob ochilmadi.
61-daqiqada niderlandlar o'z jarima maydonchalari ichida qoida buzishdi. Azamat Abduraimov penaltidan pastki burchakka kuchli va aniq zarba yo'lladi – 1:0! Muxlislarning hali quvonch hovuri bosilmay turib, Qosimov – Maqsudovdan iborat "paxtakorcha" bog'lam o'zini ko'rsatdi.
Niderlandlarning dastlabki goli esa burchak to'pidan so'ng kiritildi: Patrik Potxyuzen hammadan baland sakrab zarba yo'lladi. Bu vaziyatda Bugalo ojiz qoldi – 1:1.
O'yin durang natija bilan yakunlanadigandek tuyulgandi, ammo uchrashuv tugashiga uch daqiqa qolganda niderlandlarning hujumlaridan biri "Vitess"ga ikkinchi muvaffaqiyatni keltirdi. Glen Xelder boshi bilan aniq zarba yo'lladi. Uchrashuvda mehmonlar 2:1 hisobida g'alaba qozonishdi.

Do'stlik va hamkorlik rishtalari
"Vitess" klubi prezidenti hamda "AES" firmasi rahbari Karel Aalbers ushbu tashrif nafaqat sport, balki ikki davlat o'rtasidagi do'stlik va biznes aloqalarini ham mustahkamlashini qayd etgan. Uning so'zlariga ko'ra, Niderlandiya va O'zbekiston o'rtasida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo'yicha yirik loyihalar rejalashtirilgan edi.
Bizning firmamiz O'zbekiston Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan “Kichik Niderlandiya” nomli juda katta loyiha ustida ish olib bormoqda. Uning amalga oshishi besh-olti yil ichida yurtingiz aholisini qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan bekamu ko'st taminlash imkonini beradi. ”Vitess”ning safari esa davlatlarimiz o'rtasidagi do'stligimiz rishtalarini yanada mustahkamlaydi. Zero, biznes va sport - do'stlik elchisi, deb bejiz aytmaganlar.
O'zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Rustam Akramov ushbu o'yinlar uchun mehmonlarga minnatdorchilik bildirib, Niderlandiya futboli modeli katta maktab vazifasini o'taganini etirof etgan.
Shuningdek, Niderlandiyaning ikki klubi keyingi – 1994 yil ham Toshkentdagi musobaqaga taklif qilingan. Bu haqda navbatdagi maqolada so'z yuritamiz.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



