

Kongo DR terma jamoasi AQSHga kirib, bir oydan kamroq vaqt ichida boshlanadigan Jahon chempionatida ishtirok etishi uchun Ebola virusi yuqishining oldini olish maqsadida 21 kun davomida "pufak" rejimida izolyaciyada bo'lishi kerak. Bu haqda juma kuni Oq uy ma'lum qildi. Kongo DR esa bu talabga bo'ysunish niyatida emas.
Markaziy Afrikaning bir qancha mamlakatlarida avj olgan Ebola epidemiyasiga qaramay, Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasiga o'z hududidagi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun "yashil chiroq" yoqqanidan bir hafta o'tib, AQSH buning shartlariga oydinlik kiritdi. Oq uyning ma'lum qilishicha, Kongo terma jamoasi AQSHga kirishni istasa, kasallik yuqishining oldini olish uchun 21 kun davomida "pufak" rejimida izolyaciyada bo'lishi shart.
"Biz Kongoga barchasini ochiq va tushunarli qilib aytdik: ular 11 iyun kuni Xyustonga kelishdan oldin 21 kun davomida o'zlarining izolyaciyadagi pufaklari yaxlitligini saqlashlari shart", – dedi Oq uyning Jahon chempionatiga mas'ul guruhi rahbari Endryu Juliani "ESPN" telekanaliga bergan intervyusida. Ushbu muddatga amal qilish uchun, ayni paytda Belgiyada tayyorgarlik yig'inini o'tkazayotgan terma jamoa shu juma kunidan boshlab izolyaciyaga o'tishi kerak edi.
"Agar boshqa odamlar terma jamoaga qo'shilish uchun kelsa, ular jamoanikidan alohida yakkalanish tartibida bo'lishi kerak, – deya qo'shimcha qildi u. – Agar ular kelgach, birortasida kasallik belgilari paydo bo'lsa, butun jamoa Jahon chempionatida ishtirok eta olmaslik xavfi ostida qoladi". Juliani "AFP" agentligiga bergan bayonotida Oq uy "jamoani turnirda ishtirok etish imkoniyatini kafolatlash maqsadida, o'z o'yinchilarini ortiqcha xavfdan himoya qilishga va pufak yaxlitligini saqlashga undayotganini" tasdiqladi.
Kongo DR matbuot kotibi esa jamoa o'z dasturini o'zgartirmasligini, xususan, 3 iyun kuni Lejda Daniyaga qarshi, oradan olti kun o'tib esa Kadisda Chiliga qarshi tayyorgarlik o'yinlari rejadagidek o'tishini ma'lum qildi. Asosiy bazasi Texas shtatining Xyuston shahrida joylashadigan Kongo Demokratik Respublikasi "K" guruhidan joy olgan. Ular 17 iyun kuni Xyustonda Portugaliyaga, 23 iyun kuni Gvadalaxarada (Meksika) Kolumbiyaga va nihoyat 27 iyun kuni Atlantada O'zbekistonga qarshi maydonga tushadi.



