

2026 yilning 9 may kuni Ar-Riyod shahridagi tarixiy Salva saroyida musobaqaning guruh bosqichiga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi. Aslida ushbu marosim joriy yilning 11 aprel sanasiga belgilangan edi, biroq Yaqin Sharqdagi murakkab geosiyosiy vaziyatlar va mintaqaviy mojarolar sababli barcha milliy assotsiatsiyalar vakillarining to'liq ishtirokini taminlash maqsadida tadbir qariyb bir oyga kechiktirildi. Ushbu qur'a natijalari Osiyo qitasining eng kuchli 24 ta terma jamoasini oltita guruhga taqsimlab berdi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi musobaqaning "B" guruhidan joy oldi va unga Iordaniya, Bahrayn hamda Shimoliy Koreya terma jamoalari raqiblik qiladigan bo'ldi. Janubiy Koreya sport tahlilchilari tomonidan "o'lim guruhi" deya baholanayotgan ushbu to'rtlik o'zining taktik rang-barangligi, jamoalarning o'zaro tarixiy qarama-qarshiliklari, va yuqori raqobati bilan ajralib turadi.

Musobaqa formati
Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan tasdiqlangan reglamentga ko'ra, musobaqa formati 24 ta jamoani oltita guruhga bo'lishni nazarda tutadi. Har bir guruhdan birinchi va ikkinchi o'rinni egallagan jamoalar (jami 12 ta jamoa), shuningdek, guruhlarda eng yaxshi ko'rsatkich qayd etgan to'rtta uchinchi o'rin egalari avtomatik ravishda 1/8 final (pley-off) bosqichiga yo'l oladi. Ushbu tizim guruh bosqichidagi har bir ochko, hatto har bir urilgan yoki o'tkazib yuborilgan golning naqadar ahamiyatga ega ekanligini anglatadi. Qur'a jarayonida adolatni taminlash maqsadida jamoalar 2026 yil 1 aprel holatidagi FIFA reytingiga asosan to'rtta savatchaga (har birida oltitadan jamoa) ajratildi.
Ushbu guruhning xususiyati shundaki, unda Osiyo qitasining uch xil farqli mintaqasi vakillari jamlangan: Markaziy Osiyoning konservativ va texnikaga asoslangan futboli (O'zbekiston), Yaqin Sharqning pragmatik futboli (Iordaniya va Bahrayn) hamda Sharqiy Osiyoning jismoniy kurashlarga asoslangan izolyacion futboli (Shimoliy Koreya). Taktik nuqtayi nazardan bu holat turli xil o'yin falsafalarining to'qnashuvini yuzaga keltiradi. O'zbekiston va Iordaniya 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etish orqali tarixiy maqom va ulkan tajribaga ega bo'lgan holda ushbu turnirga yetib kelishsa, Bahrayn va Shimoliy Koreya o'z muxlislari oldida mundialdagi muvaffaqiyatsizlik kompesaciyasi sifatida bor kuchini Osiyo Kubogiga tashlaydi.
O'zbekiston: Peshqadamlikka da'vogar, yangi davr va Kannavaro faktori
"Oq bo'rilar" mazkur turnirga yuqori poziciyada tashrif buyuradi. FIFA reytingida 50-o'rinni egallab turgan va qur'ada 1-savatchadan joy olgan O'zbekiston guruhning yaqqol favoriti hisoblanadi.
O'zbekiston terma jamoasi uzoq yillik tarixi davomida ilk bor Jahon Chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi. va Markaziy Osiyo mintaqasidan mundialga chiqqan ilk davlatga, sobiq Ittifoq hududidan esa Rossiya va Ukrainadan keyingi uchinchi davlatga aylandi. Bu muvaffaqiyat jamoani JCH-2006 va JCH-2014 saralashlarining pley-off bosqichlarida aynan shu guruhdagi raqiblari – Bahrayn va Iordaniyadan uchralgan alamli mag'lubiyatlar tufayli paydo bo'lgan tarixiy tushkunlikdan xalos etdi. Saralashning uchinchi bosqichida O'zbekiston 10 ta o'yinda 6 ta g'alaba, 3 ta durang va bor-yo'g'i 1 ta mag'lubiyat qayd etib, Erondan keyingi ikkinchi o'rinni egalladi.
Jamoani JCH-2026 ga olib chiqqan mahalliy mutaxassis Temur Kapadze o'rnini 2025 yilning oktyabr oyida italiyalik afsonaviy himoyachi, 2006 yilgi jahon chempioni va "Oltin to'p" sohibi Fabio Kannavaro egalladi. O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan Kannavaro oldiga jamoani Jahon Chempionatiga tayyorlash va Osiyo Kubogida chempionlik uchun kurashish vazifasi qo'yildi. May oyida Kannavaro kengaytirilgan tarkib bilan yig'inga kirishdi.
U himoyaviy tartib-intizom (ananaviy italyancha catenaccio elementlarining zamonaviy ko'rinishi), pozicion joylashuvda bexato harakatlanish va taktik moslashuvchanlikka ko'proq urg'u berishi tabiiy. Qolaversa, uning shtabidan italiyalik malakali mutaxassislar o'rin olgan.

Iordaniya: Tizimli rivojlanish
Iordaniya terma jamoasi so'nggi 5 yil ichida Osiyo futbolidagi eng katta sensaciyalarni yaratib kelayotgan jamoa hisoblanadi. FIFA reytingida 63-o'rinni egallab turgan ushbu terma jamoa qur'a paytida 2-savatchadan joy oldi va O'zbekistonning guruhdagi birinchi raqamli raqobatchisi sanaladi.
Iordaniya terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichida "B" guruhida ikkinchi o'rinni egallab, tarixda ilk bor Mundial yo'llanmasini qo'lga kiritdi. 2025 yilning 5 iyun kuni Maskat shahrida O'monni 3:0 hisobida mag'lub etishi va paralel kechgan o'yinda Iroqning Janubiy Koreyadan mag'lubiyatga uchrashi Iordaniya uchun tarixiy eshiklarni ochdi.
Ularning Osiyo Kubogidagi so'nggi natijasi esa fenomenaldir. 2023 yilgi Osiyo Kubogida Iordaniya turnir kashfiyotiga aylanib, pley-off bosqichida Iroq va Janubiy Koreya kabi qita grandlarini mag'lub etgan holda finalga qadar yetib bordi va faqatgina mezbon Qatarga imkoniyatni boy berdi. Ushbu natija jamoaning ruhiy jihatdan qanchalik kuchli ekanligini va bosim ostida o'ynay olishini ko'rsatadi. Iordaniya Jahon chempionatidagi debyutida Jazoir va Avstriya kabi kuchli jamoalarga, qolaversa amaldagi chempion Argentinaga qarshi kurash olib boradi.
Jamoani ayni paytda marokashlik 55 yoshli mutaxassis Jamol Sellami boshqarmoqda. Sellami Marokashning "Raja Kasablanka" klubi bilan KAF Konfederatsiyalar kubogida zafar quchgan va o'z o'tmishdoshi hamda hamyurti Husayn Ammuta yaratgan taktik poydevorni saqlab qolgan holda, jamoaning pragmatik o'yinini yanada takomillashtirdi.
Iordaniyaning asosiy taktik quroli – to'pni nazorat qilishni ongli ravishda raqibga berib qo'yib, himoyada zich joylashish va o'ta tezkor qarshi hujumga o'tish orqali raqibni jazolashdan iborat Sellami odatda 3-4-3 yoki uning himoyaviy varianti bo'lgan 5-2-3 sxemasidan foydalanadi.
Himoya chizig'i tajribali o'yinchilardan tashkil topgan. Darvozada Yazid Abulayla, himoya markazida Abdulloh Nasib, Yazan Al-Arab (Seul FK) va jamoa sardori Ihson Haddad kabi futbolchilar o'ynaydi. Bu chiziqdagilarning termadagi umumiy xalqaro o'yinlari soni 300 tadan oshadi. Iordaniyaning haqiqiy "o'ldiruvchi" kuchi uning hujum uchligidadir. Yazan Al-Naymat, Ali Olvan va Yevropada (Fransiyaning "Renn" klubida) to'p tepayotgan Musa Tamari Osiyo qitasidagi eng kuchli qarshi hujumchi trio hisoblanadi. Iordaniya o'yinning pozicion qismida, yani to'pga egalik qilib, yopiq himoyani buzish talab etiladigan vaziyatlarda muammolarga duch keladi, ammo ular raqib hujumga o'tib, orqa chiziqda bo'sh zonalar qoldirganda bexato harakat qilishadi.
O'zbekiston – Iordaniya: Tarixiy qarama-qarshiliklar
O'zbekiston va Iordaniya terma jamoalari o'rtasidagi tarixiy o'yinlar statistikasi raqamlar nuqtayi nazaridan O'zbekistonning sezilarli ustunligini ko'rsatsa-da, bu bahslar doimo asabiy, dramatik va jismoniy kurashlarga boy o'tgan. Jamoalar shu kunga qadar barcha musobaqalarda 15 marta to'qnash kelishgan.
Eng bahsli va esda qolarli qarama-qarshiliklardan biri 2013 yilning sentyabr oyida JCH-2014 saralashining beshinchi (pley-off) bosqichida yuz bergan. Ushbu qarama-qarshilik g'olibi qitalararo pley-offga yo'l olishi kerak edi. Amman shahrida o'tgan dastlabki o'yin 1:1 hisobida yakunlangan. Toshkentdagi javob uchrashuvida ham 1:1 hisobi saqlanib qolgan. Penaltilar seriyasida esa Iordaniya 9:8 hisobida g'alaba qozonib (o'zbekistonlik himoyachi Anzur Ismoilovning hal qiluvchi xatosi evaziga), O'zbekistonni mundial yo'llanmasidan mahrum qilgan edi.
Shuningdek, 2011 yilgi Osiyo Kubogi chorak finalidagi o'zaro qarama-qarshilikda O'zbekiston Ulug'bek Bakaevning dubli evaziga 2:1 hisobida g'alaba qozongan.
Iordaniya O'zbekiston uchun guruhdagi eng asosiy va taktik jihatdan eng noqulay raqobatchi hisoblanadi. Iordaniya bilan o'yinda O'zbekiston katta ehtimol bilan to'pga ko'proq egalik qiladi, biroq bu holat Jamol Sellami jamoasi uchun eng qulay ssenariydir. Fabio Kannavaro himoya chizig'ini markazga qarab qanchalik yuqoriga ko'tarishi Musa Tamari va Yazan Al-Naymatning himoyachilar ortidagi bo'sh zonalarga tezkor kirib borishi uchun imkoniyat yaratib berishi mumkin. Ushbu o'yinda pressingni to'g'ri tashkil etish va to'p yo'qotilgan vaziyatda taktik follar orqali raqibning qarshi hujumini boshlang'ich fazasidayoq buzish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'ladi.
Bahrayn: Intizom, mudofaa va hujumdagi inqiroz
Fors ko'rfazi vakillari sanalmish Bahrayn terma jamoasi FIFA reytingida ayni paytda 91-o'rinda bormoqda va qur'a jarayonida 3-savatchadan joy oldi. Bahrayn Markaziy Osiyo jamoalari uchun eng qiyin raqiblardan biri sanaladi.
Bahrayn 2027 yilgi Osiyo Kubogiga saralashning ikkinchi bosqichi orqali yo'llanmani naqd qildi. Bu ularning qita birinchiligidagi ketma-ket ettinchi va umumiy hisobda sakkizinchi ishtiroki bo'ladi. Biroq ularning 2026 yilgi jahon chempionati saralashidagi ishtiroki muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi.
Saralashning uchinchi bosqichida Bahrayn hujumkorlik va kreativlik borasida jiddiy inqirozga yuz tutdi. Ular o'z guruhida ketma-ket to'rtta o'yinda birorta ham gol ura olishmagan (jumladan, Saudiya Arabistoniga o'z uyida 0:2 hisobida yutqazishgan). Bahrayn jami 5 ta gol urgan holda guruhda eng yomon hujum ko'rsatkichini qayd etdi va so'nggi o'rinni egallab, mundial bilan xayrlashdi. Ushbu muvaffaqiyatsizlikdan so'ng, mamlakat futbol assotsiatsiyasi va jamoa bor e'tiborini 2027 yilgi Osiyo Kubogi va kuzda bo'lib o'tadigan Fors ko'rfazi kubogiga qaratgan bo'lib, ushbu turnirda ular amaldagi chempion sifatida ishtirok etadi.
Bahrayn terma jamoasini 60 yoshli xorvatiyalik mutaxassis Dragan Talajich boshqarmoqda. Talajich Osiyo va Yaqin Sharq futbolida ulkan tajribaga ega bo'lib, u o'ta intizomli va pragmatik himoyaviy o'yin ko'rsatish tarafdoridir.
Talajich asosan 4-2-3-1 taktik sxemasidan foydalanadi va maydon markazida ikkita tayanch yarim himoyachisi orqali zichlikni hosil qilib, raqibning hujum chiziqlarini bloklashga e'tibor qaratadi.
Murabbiyning falsafasi "futbol bu – 11 ga 11 o'ynaladigan o'yin va unda faqat jamoaviy birdamlik orqaligina kuchliroq raqiblarni mag'lub etish mumkin" degan koncepciyaga asoslanadi. Talajich Bahrayn terma jamoasida shakllangan psixologik tushkunlikni yo'qotish, muxlislar ishonchini qaytarish va hukumatning sportga qilayotgan sarmoyalarini oqlash uchun qattiqqo'l taktik intizom o'rnatgan.
Jamoaning yetakchi o'yinchilari qatoriga yarim himoyachi Ali Madan (jamoaning asosiy kreativ pleymeykeri), hujumchi Mahdi Abduljabbor hamda tajribali Komail Al Asvad va Muhammad Marhunlarni kiritish mumkin. Jamoadarvozaboni va sardori Sayid Muhammad Jaffar esa 163 ta xalqaro o'yin bilan terma jamoa tarixidagi eng tajribali o'yinchi hisoblanadi. Bahrayn terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to'purar esa Ismoil Abdullatifdir (48 gol). Bahraynning himoyaviy blogini markazdan yorib o'tish juda qiyin bo'lib, ular asosan standart vaziyatlar, jarima zarbalari yoki uzoq masofadan yo'llangan kutilmagan zarbalar orqali xavf tug'dirishadi.
O'zbekiston – Bahrayn: Og'riqli xotiralar
O'zbekiston va Bahrayn terma jamoalari o'rtasidagi o'yinlar tarixi o'zbek muxlislari uchun unutilmas va o'ta og'riqli xotiralarni o'z ichiga oladi. Jamoalar shu kunga qadar rasmiy va o'rtoqlik o'yinlarida jami 11 marta to'qnash kelishgan. O'zbekiston 4 o'yinda g'alaba qozongan va 2 bellashuvda yutqazgan. Yana 5 uchrashuvda kuchlar teng kelgan.
Eng mashhur, mojaroli va tragik qarama-qarshilik 2005 yilning sentyabrida 2006 yilgi jahon chempionati saralashining qitaviy pley-off bosqichida yuz bergan. Toshkentda o'tgan dastlabki o'yinda O'zbekiston 1:0 hisobida g'alaba qozonib turgan vaqtda, yaponiyalik bosh hakam Toshimicu Yoshida penaltini ijro etish vaqtidagi qoidabuzarlik uchun (o'zbekistonlik futbolchining jarima maydoniga erta kirib ketishi) penaltini qayta teptirish o'rniga, FIFA qoidalariga zid ravishda Bahrayn foydasiga erkin zarba belgilagan. O'zbekiston tomonining shikoyatidan so'ng, FIFA o'yin natijasini (1:0) bekor qilgan va o'yinni qaytadan o'tkazishga qaror qilgan edi. Qayta o'tkazilgan o'yin Toshkentda 1:1, Manamadagi javob uchrashuvi esa 0:0 hisobida yakunlanib, Bahrayn safarda urilgan gol qoidasiga ko'ra adolatsiz tarzda keyingi bosqichga yo'l olgan. Shuningdek, 2004 yilgi Osiyo Kubogining chorak finalida ham penaltilar seriyasida Bahrayn O'zbekistonni turnirdan chiqarib yuborgan edi.
Biroq, so'nggi o'n yillikdagi natijalar O'zbekistonning to'liq ustunligini ko'rsatmoqda. Jumladan, 2015 yilning oktyabrida JCH-2018 saralashi doirasida safarda O'zbekiston yirik – 4:0 hisobida zafar quchgan bo'lsa, 2016 yilning martida Toshkentda o'tgan javob uchrashuvida Sardor Rashidovning goli evaziga 1:0 hisobidagi g'alaba qayd etilgan.
Bahrayn turnirdagi eng yopiq, pozicion himoyalanuvchi va o'yin tempini ataylab pasaytiruvchi jamoalardan biri bo'ladi. Murabbiy Dragan Talajich O'zbekistonga qarshi o'yinda o'z jarima maydonchasi atrofida chuqur himoyaga yotib, hududni maksimal darajada toraytirishga va durang natijani saqlab qolishga harakat qilishi ehtimoli juda yuqori. O'zbekiston uchun bunday zich himoyani yorib o'tishda qanot vingerlarining tezligi, markazdan beriladigan nostandart diagonal uzatmalar hamda jarima maydonchasi ichida jismoniy kurashlarda ustunlik qila oladigan baland bo'yli hujumchilarning (masalan, Eldor Shomurodovning) roli beqiyos bo'ladi. Shuningdek, standart vaziyatlardan foydalanish koefficienti ushbu o'yin taqdirini hal qilishi mumkin.
Shimoliy Koreya: Izolyaciyadagi "Chxollima" va jismoniy kuch
FIFA reytingida ayni paytda 118-o'rinda borayotgan va qur'a tashlash marosimida eng so'nggi 4-savatchadan joy olgan Shimoliy Koreya terma jamoasi "B" guruhining eng sirli, axborotdan xoli va oldindan aytib bo'lmaydigan ishtirokchisidir. "Chxollima" (Afsonaviy qanotli ot) laqabiga ega ushbu jamoa geosiyosiy vaziyatlar sababli tez-tez xalqaro musobaqalardan chetda qoladi, ammo ishtirok etgan paytlarida o'zining murosasizligi, tartib-intizomi va so'nggi daqiqagacha kurashishi bilan ajralib turadi. Ularning past reytingi jamoaning real kuchini emas, balki xalqaro o'rtoqlik o'yinlarida kam ishtirok etishi oqibatida reyting ochkolarining yo'qotilishini ko'proq aks ettiradi.
Shimoliy Koreya JCH-2026 saralashining ikkinchi bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, ham Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichiga, ham Osiyo Kubogiga yo'llanma oldi. Biroq hal qiluvchi uchinchi saralash bosqichida ular kuchli qarshilikka duch kelishdi va guruhda so'nggi o'rinlardan birini egallashdi. Jumladan, jamoa O'zbekistondan tashqari Qatar (1:5), BAA (1:2) va Eron (0:3) kabi kuchli jamoalarga mag'lub bo'ldi. Guruhdagi boshqa bir markaziy osiyo jamoasi – Qirg'iziston bilan ular 2:2 hisobida jangovar durang o'ynashdi. Natijada, shimolliklar JCH-2026 ga chiqish imkoniyatini butunlay boy berishgan.
Bosh murabbiy Sin Yong-nam qo'l ostidagi jamoa sovet davriga xos bo'lgan qattiqqo'l murabbiylik diktaturasi, benuqson taktik intizom va o'ta yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarlikka asoslangan futbol namoyish etadi. Ularning o'yin uslubi to'pga egalik qilish yoki kombinacion futbol qurishdan ko'ra, raqibni tinimsiz, agressiv pressing ostida ushlab turish, maydonning har bir qarichi va har bir to'p uchun kurashish hamda o'yin tempini jismoniy to'qnashuvlar orqali buzishga qaratilgan.
Jamoa tarkibida ko'pchilik futbolchilar mahalliy, yopiq ligada ("Xvaebul", "Rimyongsu", "Sonbong" kabi klublarda) to'p tepadi, bu esa ularni o'rganishni qiyinlashtiradi. Ularning eng ko'zga ko'ringan o'yinchisi – bir vaqtlar Italiya A Seriyasida ("Kalyari") va hatto "Yuventus" tizimida to'p tepgan, hozirda esa jamoaning asosiy kreativ kuchi hisoblangan Xan Kvang Songdir (uning hisobida JCH saralash bosqichida 3 ta assist mavjud). Shuningdek, terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to'purar Jong Il-gvan (31 ta gol) hamda markaziy yarim himoyachi va sardor Jang Kuk-chol jamoaning o'zagini tashkil etadi. Shimoliy Koreya himoyada pozicion xatolarga yo'l qo'yadi (ular hal qiluvchi saralashda har o'yinda o'rtacha 2.5 tadan gol o'tkazib yuborishgan), ammo ularning charchamasdan 90 daqiqa yugura olishi raqiblar uchun katta jismoniy sinov hisoblanadi.
O'zbekiston – Shimoliy Koreya: Mutlaq gegemonlik
O'zbekiston va Shimoliy Koreya o'rtasidagi uchrashuvlar so'nggi o'n yillikda O'zbekistonning to'liq gegemonligi ostida o'tmoqda. Ikki jamoa o'rtasidagi so'nggi 5 ta o'yinning barchasida O'zbekiston g'alaba qozongan.
Shulardan eng so'nggilari 2024 yilning kuzida JCH-2026 saralashining uchinchi bosqichi doirasida bo'lib o'tgan. Toshkentda kechgan o'yinda Jalaliddin Masharipovning goli evaziga 1:0 hisobida g'alaba qozonilgan bo'lsa, Laosda o'tgan neytral maydondagi javob o'yinida ham O'zbekiston xuddi shunday hisobda zafar quchdi. 2024 yil 19 noyabr kuni bo'lib o'tgan o'sha asabiy o'yinda Abbosbek Fayzullaevning 44-daqiqada Bobur Abdixoliqovning uzatmasidan so'ng urgan yagona goli evaziga g'alaba qozonilgan. O'yinning 83-daqiqasida Umar Eshmurodov qizil kartochka olib maydondan chetlatilgan, 85-daqiqada esa Shimoliy Koreya hujumchisi Jong Il-gvan penaltini aniq amalga oshira olmagan edi (O'tkir Yusupov har ikki o'yinda raqib penaltisini bartaraf etib, qahramonlik ko'rsatgan). Mazkur o'yin Shimoliy Koreyaning qanchalik qaysar raqib ekanligini yana bir bor isbotladi.

Statistika, mahorat va tajriba O'zbekiston tomonida bo'lsa-da, Shimoliy Koreya bilan o'yin hech qachon oson kechmagan. Odatda bu jamoa bilan rasmiy o'yinlar 1:0 ko'rinishidagi minimal hisoblarda va katta asabbuzarlik ostida yakunlanadi. Bunday o'yinlarda birinchi golni tezroq urish va o'yin taqdirini ertaroq hal qilish o'ta muhim, chunki vaqt o'tgan sari va hisob teng bo'lib turgan holatda Shimoliy Koreya himoyaga chuqurroq o'rnashib oladi va follar, qo'polliklar orqali o'yin ritmini buzadi. Musobaqaning guruh bosqichida bunday raqib bilan o'ynash katta energiya talab qiladi, bu esa asosiy futbolchilarning charchashiga yoki turnirning keyingi bosqichlari oldidan jarohat olishiga olib kelishi mumkin.
Taqvimning o'ziga xosligi shundaki, O'zbekiston turnirni eng kuchli va taktik jihatdan noqulay raqib – Iordaniyaga qarshi boshlaydi. Odatda, yirik musobaqalarda birinchi o'yin butun turnirning ruhiyatini belgilab beradi. Agar Kannavaro shogirdlari Iordaniyaning xavfli triosini zararsizlantirib, g'alaba qozona olsa, jamoa katta psixologik ustunlikka ega bo'ladi va keyingi ikki o'yinda tarkibni qisman rotaciya qilish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Muhim logistik jihat shundaki, O'zbekiston birinchi o'yinni Qizil dengiz bo'yidagi Jiddada o'tkazib, so'ng ikkinchi tur uchun mamlakat markazidagi Ar-Riyodga safar qiladi va uchinchi tur uchun yana Jiddaga qaytishga majbur bo'ladi. Iqlimiy o'zgarishlar hamda safarlar tiklanish jarayoniga ta’sir qilishi mumkin.

Ikkinchi turda Shimoliy Koreyaning zich himoyasini yorib o'tish talab etiladi. Bunda maydon markazida kreativlik va standart vaziyatlar muhim. Uchinchi turda esa Bahrayn bilan durangga rozi bo'ladigan yoki qarshi hujumga tayanadigan Talajichning pragmatik tizimiga qarshi bosh qotirish kerak bo'ladi. Agar O'zbekiston so'nggi turga qadar pley-off masalasini hal qila olmasa, Bahrayn kabi raqibga qarshi hal qiluvchi o'yin o'tkazish katta asabbuzarlikni keltirib chiqaradi.
Guruhdan chiqish imkoniyatlarini matematik va taktik modellashtirish asosida ko'rib chiqsak, O'zbekiston va Iordaniya terma jamoalari yaqqol favoritlardir. Mazkur turnir formatida 3 ta o'yindan kamida 4 ochko to'plagan jamoaning keyingi bosqichga (hatto eng yaxshi uchinchi o'rin orqali bo'lsa ham) chiqish ehtimoli 90% dan yuqori bo'ladi.
O'zbekistonning guruhdan birinchi o'rin bilan chiqish ehtimoli Fabio Kannavaroning jamoani qisqa muddatli turnirga qanday tayyorlashiga, himoya chizig'ining Iordaniya tezligiga dosh berishiga va jamoaning JCH-2026 dan keyingi emocional barqarorligiga bog'liq. Agar himoya chizig'ida individual xatolarga yo'l qo'yilmasa, O'zbekiston guruhni 7 yoki 9 ochko bilan peshqadam sifatida yakunlash uchun barcha resurslarga ega.
Iordaniya esa o'zining "ikkinchi raqam" bo'lib o'ynash uslubi orqali ham O'zbekistonga, ham boshqalarga katta muammo tug'diradi va kamida ikkinchi o'rinni naqd qilishi kutilmoqda. Bahrayn Iordaniya yoki O'zbekistondan kamida bitta ochko tortib olib, Shimoliy Koreyani minimal hisobda mag'lub etgan holda 4 ochko bilan uchinchi o'rin orqali pley-offga ilinib qolishga (yoki Iordaniya xato qilsa ikkinchi o'rinni olishga) harakat qiladi. Shimoliy Koreyaning imkoniyatlari esa obektiv sabablarga ko'ra eng past baholanmoqda, ular guruhda ochko ulashuvchi vazifasini bajarib berishlari kutilmoqda, ammo ular bilan o'yinlarda yo'qotilgan energiya pley-off bosqichida boshqa jamoalarga pand berishi mumkin.



