O'tmishga nazar. Qo'rqinchli Quriya, ekranda ko'rsatilmagan birinchi bo'lim va hujumkor futbol sog'inchi

Оқил Абдубарноев
21 may 2026, 11:02
1997 yilning sentyabr oyi. O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati yo'llanmasi uchun Osiyo qitasining hal qiluvchi bosqichida kurash olib borayotgan palla. "Toshkent haqiqati" gazetasining o'sha vaqtdagi sonlarini varaqlar ekanmiz, bugungi kun muxlisi uchun qiziq va yaqin o'tmishga chorlaydigan voqealarga guvoh bo'lamiz.

Bugun futbolni eng yuqori sifatda, turli rakurslardan kuzatishga odatlanganmiz. Ammo gazeta sahifalaridagi maqolalar bizni butunlay boshqa – futbol translyatsiyalari va xabarlari o'zgacha koloritga ega bo'lgan davrga qaytaradi.

"Quriya" – 90-yillar terminologiyasi

Eng avvalo, gazeta sahifalaridagi geografik nomlanish e'tiborni tortadi. Bugungi kunda biz Janubiy Koreya deb ataydigan davlat terma jamoasi o'sha yillari matbuotda va televidenieda "Quriya" nomi bilan yuritilgani ko'pchilik uchun o'ziga xos kashfiyotdir.

To'rtta gol va 45 daqiqa

Yana bir hayratlanarli va bugungi kunda tasavvur qilish qiyin bo'lgan holat – JCH-1998 saralashi 2-bosqichi doirasida Yaponiya – O'zbekiston uchrashuvi translyatsiyasi bilan bog'liq voqeadir. O'sha kuni o'zbekistonlik muxlislar chinakam shok holatini boshidan kechirgan. Gazetada yozilishicha, texnik sabablarga ko'ra o'yinning birinchi bo'limi O'zbekiston televideniesi orqali ko'rsatilmagan. Umidvor muxlislar ekran qarshisiga ikkinchi bo'limni tomosha qilish uchun o'tirishganda esa, hisob allaqachon maydon egalari foydasiga 4:0 ko'rinishini olgan edi. Muallif bu vaziyatni juda jonli tasvirlaydi: "Natija maydon egalari foydasiga 4:0 ekanligidan voqif bo'lib, hayajondan sovuq ter bosdi. Bunday hisob hech kimning xayoliga ham kelmagandi".

Snimok ekrana 2026-05-21 102718.png

Taktika

Gazetaning sport sharhlovchisi Sharofiddin Umurzoqov qalamiga mansub "Bir hujumchi bilan o'ynab bo'ladimi?" sarlavhali maqolada terma jamoaning o'sha vaqtdagi taktikasi keskin tanqid ostiga olinadi. Murabbiylarning himoyaviy o'yini qoralanib, oldinda faqat Igor Shkvirinning o'zi qoldirilgani, hatto sof hujumchi Ravshan Bozorovga ham yarim himoyachi vazifasi yuklatilgani etirozlarga sabab bo'lgan.

Maqolalarda tilga olingan Oleg Shackix, Andrey Fyodorov va Pavel Bugalo kabi ismlar esa bugungi kun muxlislarida o'ziga xos nostalgiya uyg'otadi. Muallifning o'sha davrdagi "Paxtakor" va Braziliya terma jamoasining hujumkor o'yinlarini sog'inib yozgan fikrlari, muxlislarning qachon va qaysi sharoitda bo'lmasin, hamisha chiroyli va hujumkor futbol tarafdori ekanligini yana bir bor isbotlaydi.

Snimok ekrana 2026-05-21 103248.png

Oradan qariyb o'ttiz yil vaqt o'tdi. Raqiblarni zamonaviy nomlari bilan ataymiz, o'yinlarning esa nafaqat birinchi bo'limi, balki o'yinoldi chigalyozdi mashqlarini ham jonli efirda kuzatamiz. Ammo 90-yillar matbuotidagi bu kabi qaydlar o'zbek futbolining shakllanish davridagi ehtiroslar, quvonch va iztiroblar naqadar samimiy bo'lganini bizga eslatib turadi.

O'tmishga nazar. Toshkentda "Paxtakor" va O'zbekiston MTJ bilan o'ynagan Niderlandiya klubi

Bir o'yin tarixi. Otasi murabbiyligidagi jamoaga g'alaba golini urgan o'zbekistonlik legioner

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia