"Tezkor studiya": Portugaliya O'zbekiston bilan o'yin oldidan muammoga duch keldimi?

Iskandarov Abdulaziz
23 iyun 2026, 15:31
Jahon chempionatining guruh bosqich uchrashuvlari qizg'in pallasiga kirdi.

Birinchi turdagi kutilmagan natijalar va sensatsiyalardan so'ng, ikkinchi tur jamoalar uchun hayot-mamot masalasiga aylanmoqda. "Tezkor studiya"ning navbatdagi sonida taniqli futbol ekspertlari Kamoliddin Alimov, Narzulla Saydullaev hamda Mirkomil Musaev guruhlardagi vaziyat, Ispaniyaning yurishi, Osiyo grandlarining maqsadlari va bo'lajak O'zbekiston - Portugaliya bahsi atrofidagi qiziqarli voqealarga to'xtalib o'tishdi.

7bc600d7-bd08-421e-93d7-a839dd14ddb4.png

Ispaniyaning "g'azabi" va Yamalning o'xshamagan rekordi

Narzulla Saydullaev: "Qog'ozda Ispaniya terma jamoasi favorit ekanligi baribir ma'lum edi. Ilk turdagi omadsizlikdan (durang) so'ng, ularning ikkinchi o'yinda ikki karra kuch bilan maydonga tushishi kutilayotgan edi. Ularning raqibi Saudiya Arabistoni esa birinchi turda Urugvay bilan durang o'ynab, kichik sensatsiya qayd etgandi. Biroq, bu safar maydonga jahl bilan tushgan Ispaniya oson g'alabani qo'lga kiritdi va uchrashuv taqdirini birinchi bo'limning o'zidayoq hal qildi. Natijada bosh murabbiy asosiy futbolchilarga dam berish imkoniyatiga ega bo'ldi.

image.jpg

E'tiborli jihati, yosh yulduz Lamin Yamal ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdi. Qiziq fakt: Yamal gol urgan bo'lsa-da, afsonaviy Pelening rekordiga yaqinlasha olmadi. Yamal Jahon chempionatidagi golini 18 yoshida kiritgan bo'lsa, Pele o'z vaqtida 17 yoshida bunga erishgan.

Tan olish kerak, Ispaniyada oxirgi paytlarda Raul yoki Morientes kabi sof hujumchilar yetishmayapti. Mikel Oyarsabal birinchi o'yinda ko'plab vaziyatlardan foydalana olmagandi. Eslab o'tish joiz, Visente del Boske ham 2010 yilgi Jahon chempionatida vaqti-vaqti bilan sof hujumchisiz o'ynagan edi. Hozirda Ispaniya 4 ochko va plyus 4 ta to'plar nisbati bilan guruhda qolib kyetmaydigan darajada yaxshi poziciyada. Agar oxirgi turda Urugvayga yutqazib, Kabo-Verde yirik hisobda g'alaba qozonsagina, to'plar nisbatiga ko'ra pastki o'ringa tushib qolishi mumkin, xolos".

image (1).jpg

"Osiyoliklar uchun minimum vazifa - guruhdan chiqish"

Mirkomil Musaev: "Ikkinchi turda jamoalar to'g'ri yo'lni topib olish uchun bor kuchlarini berishadi, chunki birinchi tur ko'proq raqibni o'rganish va moslashish vaqti hisoblanadi. Masalan, Avstraliya terma jamoasini olaylik. Ular 2011 va 2015 yillarda (o'z uyidagi chempionlik mahallari) dahshatli tarkibga ega edi va o'sha paytdagi Kolumbiyadan ham kuchliroq ko'rinardi. Avlodlar almashinuvidan keyin ular yana o'zlarini qayta kashf qilishmoqda. To'g'risi, birinchi turdan oldin ularga unchalik ishonmagandim, ammo ular o'z kuchini ko'rsatib, Turkiyani 2:0 hisobida mag'lub etishdi.

Bugungi kunda Yaponiya va Janubiy Koreya kabi grandlar uchun Jahon chempionatida minimum vazifa guruhdan chiqish hisoblanadi. Bizda esa (O'zbekistonda) guruh bosqichidan o'tish haligacha maksimum natija sifatida ko'rilmoqda. Biz bundan buyog'iga Jahon chempionatlari va Olimpiadalarda muntazam qatnashishni odat qilishimiz kerak. Shundagina jamoamizda barqarorlik paydo bo'ladi va katta g'alabalar eshigi ochiladi.

Hozirgi paytda Portugaliya lageridagi ichki va tashqi kelishmovchiliklar bizning foydamizga ishlashini tilab qolamiz. To'g'ri, ularning barcha futbolchilari top-klublarda o'ynaydigan professionallar. Matbuotdagi suratlar va Ronalduning o'zini tutishiga qaraganda, jamoa ichida katta nizo yo'qdek va ular birdamlikni ko'rsatishmoqda. Menimcha, bu OAV tomonidan bo'rttirilgan kichik shov-shuv, xolos. Baribir hamma narsa maydonda hal bo'ladi".

image (2).jpg

Noqulay ob-havo va Portugaliya tayyorgarligi

Narzulla Saydullaev: "Portugaliya terma jamoasi O'zbekiston bilan o'yindan oldin ochiq havoda to'liq mashg'ulot o'tkaza olmadi. Bunga hududda boshlangan kuchli bo'ron haqidagi ogohlantirishlar sabab bo'ldi. Ular shunchaki yopiq mashg'ulot zalida shug'ullanish bilan cheklanishdi. Mahalliy ob-havo ham ayni damda ularga noqulaylik tug'dirmoqda va bu biz uchun kichik ustunlik bo'lishi mumkin.

Eng muhimi esa boshqa narsa. Ijtimoiy tarmoqlarda va stadionda yurtdoshlarimizning shijoatini ko'rib quvonasan kishi. Krishtianu Ronalduni qanchalik yaxshi ko'rishmasin, unga bo'lgan mehrlarini chetga surib, O'zbekiston terma jamoasini birinchi o'ringa qo'ygan va o'z vataniga muxlislik qilayotgan barcha yurtdoshlarimizga rahmat aytaman!"

image (3).jpg

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”“Ucell” “TT LLC”“Black Cofee”“OfoTour”

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia