

Birinchisi, O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidan so'ng ilk bor yig'ilib, uchta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Ikkinchisi, Krishtianu Ronalduning arazlab terma jamoadan kyetib qolishi bo'ldi. Ronaldu va Portugaliya terma jamoasi atrofidagi gap-so'zlar hali beri tinmasa kerak. Futbol ahli, futbolchining yaqinlari va boshqalar ushbu holatga turlicha munosabat bildirishmoqda.
Voqea ko'pchilikka ma'lum ersa-da, nima bo'lganiga tez ko'z yugurtirib chiqamiz. Portugaliya terma jamoasi ushbu FIFA kunlarida Millatlar Ligasining 4 ta o'yinini o'tkazib, barchasida g'alaba qozondi.
24 sentyabr. Portugaliya – Uels 1:0. Yangi bosh murabbiy Jorje Jezus Ronalduni asosiy tarkibda tushirdi va 67-daqiqada almashtirdi.
27 sentyabr. Norvegiya – Portugaliya 1:2. Krishtianu zaxirada qoldi va ikkinchi taymda murabbiy mayonga tushirsa kerak deb o'yladik. Lekin murabbiy uni o'ynatmadi, shu kuni boshqa futbolchilar zaxiradan tushishdi.
Hammasi shundan keyin boshlandi. "Krish" murabbiydan qattiq xafa bo'lib terma jamoa lagerini tark etdi.
1 oktyabr. Daniya – Portugaliya 2:4. Terma jamoa uzoq vaqtdan beri birinchi marta Ronaldusiz harakat qildi, safarda Daniya darvozasiga to'rtta gol urdi. Bu ham mayli, Ronalduning 7-raqamli libosi shu o'yindan avval Rafael Leaoga topshirildi, Rafa o'yinni 7-raqamda o'tkazdi. Leao bungacha 17-raqamda to'p tepayotgandi. 17-raqam esa Fabio Silvaga taqdim etildi.
4 oktyabr. Portugaliya – Norvegiya 2:1. Ronuldusiz kechgan oxirgi o'yin. Yana portugallar g'alabasi. Shunday qilib Millatlar Ligasining to'rt o'yinida to'rtta g'alaba qo'lga kiritildi.
Ronalduning murabbiydan arazlab kyetib qolganini tushunsa bo'ladi. U terma jamoaga yordam berishni istagandi, gollari soni ham 1000 taga etay deb qoldi. U o'zining minginchi golini terma jamoa libosida urish niyati borligini yozishdi.
Ronaldu shubhasiz jahon futbolida katta shaxs. U bilan bog'liq har qanday voqea tez tarqaladi, OAV yoritishga o'tadi, muxlislar reakciyasi kuchayadi. Krishtianu terma jamoadan ketgach, Portugaliyaning Instagramdagi o'quvchilari 2 millionga kamaydi. Bu raqamlar dahshat. Juda katta raqam.
Lekin Jorje Jezus nima qildi? Terma jamoa manfaatini ustun qo'ydi. U Ronalduni maydonga tushirish-tushirmaslikni emas, natijani o'yladi, g'alabani o'yladi. U bilan "Krish" o'rtasida avvaldan kelishmovchilik bormidi? Yo'q. Chunki "Krish" emasmi, uning "Al Nassr"ga bosh murabbiy bo'lishida yaxshigina rol o'ynagan. Bu murabbiy "Al Hilol"ni boshqarayotgandi, lekin Elit Osiyo chempionlar ligasida chempion bo'la olmagach, klubdan ketdi va "Al Nassr" boshqaruviga keldi. Aynan uning qo'l ostida Ronaldu o'tgan mavsum Saudiya chempionligini qo'lga kiritdi.
Ular bamisoli ota-o'g'ildek edilar. Ehtimol Jezushning Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi bo'lishiga ham Ronalduning hissasi bordir. Chunki 72 yoshli murabbiyni hozir ko'p federatsiyalar terma jamoaga bosh qilmaydi.
Ronaldu unga o'yin amaliyoti berilmay kyetib qolganidan keyin murabbiyning bu boradagi bayonoti keskin bo'ldi: "Men hech kimga vada bermaganman va kimni o'ynatishni o'zim hal qilaman va hech kimga bu mavzuda tushuntirish berishga majbur emasman".
Shunday qilib murabbiy va futbolchi o'rtasida ziddiyat paydo bo'ldi. Ronaldu o'z shaxsiy samolyotida avvaliga Ispaniyaga yo'l oldi, keyin "Al Nassr" mashg'ulotlarida ishtirok etish uchun Saudiyaga uchdi. Va endilikda bugun bo'ladigan "Neftchi" bilan Elit OCHL o'yiniga hozirlik ko'rmoqda.
Fikrimcha, Ronaldu har qancha katta shaxs bo'lmasin, terma jamoa manfaati va millat g'ururi ancha baland turadi. Uning futbol uchun qilgan xizmatlariga aslo ko'z yuma olmaymiz. Uning futboldan qarzi qolmadi, balki futbol undan qarzdor bo'lib qoldi. Aynan "Krish" sabab dunyoda qanchadan qancha bolakaylar futbolga oshno bo'ldi. Unga o'xshasin deb farzandini futbolga berganlar qancha.
Lekin ko'ryapmizki, futbol shafqatsiz. Vaqtni hech narsa bilan engib bo'lmaydi. Vaqt doim hammasidan ustun keladi. Portugaliya terma jamoasida Ronaldudan avval ham bir qancha yulduzlar o'ynab ketgan, payti kelganda kimdir o'zi ketgan, kimdir xafa bo'lgan, kimdir boshqa sabab bilan kyetib qolgan. Bu holat har bir terma jamoada sodir bo'lishi mumkin.
O'zbekiston terma jamoasida ham shunga o'xshash holat bo'lmagan deysizmi? Tarixda murabbiydan xafa bo'lganlar o'nlarcha topiladi. Lekin futbolning yozilmagan qonuni shu: kim tayyor bo'lsa shu o'ynaydi, murabbiy o'ziga dushman emas, u ham terma jamoa yutug'ini o'ylaydi. Futbolchilar esa bamisoli askar, murabbiy - qo'mondon. Askar qo'mondonning buyrug'ini bajarishi shart.
E'tiborlisi, "Krish" terma jamoa bazasini tark etganidan so'ng jamoadoshlari bu holatni jim qoldirishdi. Kimki uning yonini olgan taqdirda o'zini Jezush qarshisida ko'rishi mumkin edi. Chunki hech bir o'yinchi muammolarga o'ralashib qolishni istamaydi, hammaga tinchlik kerak. Futbolchi uchun muhimi maydonga tushsa bo'lgani.
E'tibor bergan bo'lsangiz, O'zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishida katta hissa qo'shgan futbolchilarni Fabio Kannavaro e'tiborsiz qoldirdi, kim xizmat qilgan bo'lsa mundialga olib ketdi va bu bilan futbolchilar oldida birdaniga yomonotliq bo'lib qolishni istamadi. U bejizga Jahon chempionatidan "rohat olinglar" demadi. Murabbiy bu bilan sizlar eng avvalo haqlisizlar, lekin Osiyo Kubogida terma jamoada bo'lasizmi-yo'qmi, buyog'i endi masala demoqchi bo'ldi.
Chunki Kannavaro ham biladi: terma jamoa manfaati har narsadan ustun. Mundialda hamma o'yinlarni yutqazgan bo'lsak-da, yangi murabbiy buni xotirjam qabul qildi. U asosiy e'tibor Osiyo chempionatiga qaratilishini bir necha bor ta'kidladi. Mana endi yaqinda ko'rdikki, terma jamoa tarkibi ancha o'zgargan. Bir qator yoshlar jalb qilindi. Avvalo kimni chaqirishni murabbiyning o'zi hal qiladi, chunki ertaga Osiyo Kubogidagi natijaga u javob beradi.
Kannavaro tarkibi noyabr oyidagi yig'inda qanchalik o'zgaradi bilmaymiz, faqat shunisi aniqki, kim hozirgi kunda kuchli bo'lsa shuni chaqirsa kerak. Bu bilan aytmoqchi bo'lganimiz, obro'-e'tibor va sovrinlar maydonda o'ynaydigan davr o'tdi, endilikda murabbiylar avvalgi xizmatlari uchun degan naqlga e'tibor bermay qo'yishyapti, tayyor bo'lsa bo'ldi: hayotida sovrin yutmagan ham kerak paytda terma jamoaga chaqiriladi. Chunki millat bayrog'i va Vatan manfaati har narsadan ustun.
P.S. Ushbu maqola yozilayotgan mahal Krishtianu Ronalduning noyabrda terma jamoaga qaytishi haqida rasmiy xabar chiqdi. Aftidan Portugaliya futbol federatsiyasi rahbari futbolchi bilan gaplashib hal qilgan bo'lsa kerak. Uning qaytishiga jamoadoshlari reakciyasi qanaqa bo'ladi? Jezush maydonga tushiradimi? Ronaldu yana 7-raqamni qaytarib oladimi? Buni keyingi FIFA kunlarida bilib olamiz.
Xayrulla Xoliqov



