

Superliga. 8-tur
19 aprel
"So'g'diyona" - "Bunyodkor" 2:3
Bosh hakam: Abdurashid Xudoyberganov
Yordamchi hakamlar: Shohnur Maqsudov, Adhamjon Rixsiboev
Zaxira hakami: Alisher To'xtasinov
VAR hakami: Akobirxo'ja Shukurullaev
AVAR hakami: Alisher Usmonov
Nazoratchi: Baxtiyor Tagaev
Komissar: Abdulvosit Valixonov
Gollar: 1:0 – 4, Lyupcho Doriev, 2:0 – 26, Lyupcho Doriev, 2:1 – 38, Bilolxon Toshmirzaev (Nosirjon Abdusalomov), 2:2 – 50, Bilolxon Toshmirzaev, 2:3 – 69, Bilolxon Toshmirzaev (Samandarjon Mavlonqulov)
“So'g'diyona”: 1.Shoxruh Isoqov, 2.Zoir Jo'raboev, 3.Islomjon Qobilov, 4.Otabek Ahadov (77.Oybek Nurmatov, 76), 9.Feysal Mulich (7.Aleksandar Bolevich, 60), 10.Javohir Qahramonov (8.Suhrob Izzatov, 55), 11.Otabek Jo'raqo'ziev (29.Amirbek Saidov, 76), 13.Filip Ivanovich, 14.Lyupcho Doriev, 17.Ollabergan Karimov (70.Jasurbek Jaloliddinov, 76), 32.Nodirjon Soyibov
Zaxira: 18.Nikola Mirkovich, 21.Toxirbek To'xtasinov, 22.Abdulazizxon Abdurashidov, 42.Sardorbek Erkinov
“Bunyodkor”: 16.Federiko Botti, 4.Najmiddin Normurodov (s), 6.Boburbek Yo'ldoshev, 8.Dmitriy Pletnev (9.Matiya Krivokarich, 77), 11.Sardor Abdunabiev, 17.Muzaffar Olimjonov (27.Islom Anvarov, 90+1), 21.Nosirjon Abdusalomov (10.Amir To'raqulov, 77), 23.Asadbek Rahimjonov, 28.Samandarjon Mavlonqulov (14.Shahzodjon Nematjonov, 90+3), 66.Azizbek To'lqunbekov, 77.Bilolxon Toshmirzaev
Zaxira: 1.Abdumavlon Abduljalilov, 22.Muhammadyusuf Sobirov, 7.Shahboz Umarov, 47.Sadriddin Hasanov, 88.Mirkamol Annamatov
Ogohlantirish: Filip Ivanovich (59)
90+5–daqiqa. UCHRASHUV YAKUNLANDI!
Hakam Abdurashid Xudoyberganovning final hushtagi yangradi. Jizzaxdagi stadionda haqiqiy triller guvohiga aylandik. "Bunyodkor" jamoasi 0:2 hisobida mag'lub bo'layotib, yakunda 3:2 hisobidagi irodali g'alabani qo'lga kiritdi!
Bugungi uchrashuvning shubhasiz qahramoni – Bilolxon Toshmirzaev. Uning xet-triki "qaldirg'ochlar"ga mavsumdagi eng muhim va esda qolarli g'alabalardan birini taqdim etdi. "So'g'diyona" o'yinni juda ishonchli boshlagan va Lyupcho Dorievning dubli evaziga oldinga chiqib olgan bo'lsa-da, ustunlikni saqlab qola olmadi.
90+4–daqiqa. Botti "Bunyodkor"ni qutqarmoqda!
Uchrashuv yakunlanishiga bir daqiqa qolganda, Jasurbek Jaloliddinov yana bir bor bor mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi. U qulay nuqtadan darvozani nishonga oldi. Zarba aniq va xavfli chiqdi, ammo Federiko Botti bugungi xatolarini butunlay yuvib yubordi.
Italiyalik posbon ishonchli harakat qilib, to'pni egallab oldi va jamoadoshlariga biroz nafas rostlash uchun imkon berdi. Bu balki "So'g'diyona"ning so'nggi imkoniyati edi.
90+3–daqiqa. "Bunyodkor"dan so'nggi taktik yurish!
O'yin yakunlanishiga sanoqli soniyalar qolayotgan bir paytda, mehmonlar yana bir bor o'zgarishni amalga oshirishdi. Jamoaning tajribali vakillaridan biri, maydonda bor kuchini sarflagan Samandarjon Mavlonqulov zaxiraga olindi.
Uning o'rniga maydonga yangi kuch sifatida Shahzodjon Nematjonov tushirildi.
90+1–daqiqa. "Bunyodkor" vaqtdan yutishga harakat qilmoqda!
Qo'shib berilgan daqiqalar boshlangach, mehmonlar bosh murabbiyi o'yin suratini tushirish va mudofaani mustahkamlash maqsadida navbatdagi o'zgarishni amalga oshirdi.
Bugun maydonda katta hajmdagi ishni bajargan Muzaffar Olimjonov o'z o'rnini Islom Anvarovga bo'shatib berdi.
90–daqiqa. Qo'shimcha daqiqalar!
Bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov ikkinchi bo'limdagi to'xtalishlar va o'zgarishlarni inobatga olib, asosiy vaqtga 5 daqiqa qo'shib berdi.
Bu "So'g'diyona" uchun mag'lubiyatdan qutulib qolish va kamida bir ochko ishlash uchun oxirgi imkoniyat degani. "Bunyodkor" esa bor kuchi bilan mudofaaga e'tibor qaratmoqda.
90–daqiqa. "So'g'diyona"da so'nggi umidlar!
Asosiy vaqtning so'nggi soniyalari o'tib bormoqda. Maydonga zaxiradan tushib, o'yinni jonlantirgan Jasurbek Jaloliddinov tashabbusni o'z qo'liga oldi. U qulay nuqtaga chiqib borib, o'zining mashhur chap oyog'ida darvozaning yaqin pastki burchagini nishonga oldi. Noaniq.
89–daqiqa. "Bunyodkor" hisobni mustahkamlab qo'yishi mumkin edi.
O'yin yakunlanib borayotgan bir paytda, mehmonlar qarshi hujumda imkoniyatga ega bo'lishdi. Zaxiradan maydonga tushgan Matiya Krivokapich qulay vaziyatga chiqib bordi va zarba yo'lladi.
Biroq, zarbada kuch va shiddat yetishmadi. To'p to'ppa–to'g'ri "So'g'diyona" posboni Shoxruh Isoqovning qo'llariga borib tushdi. Darvozabon uchun bunday zarbani qaytarish hech qanday qiyinchilik tug'dirmadi.
86–daqiqa. "So'g'diyona" bosim uyushtirishdan tinmayapti!
Mezbonlar vaqt tobora kamayib borayotgani sababli bor kuchlari bilan oldinga tashlanishmoqda. Navbatdagi hujum markazida Aleksandar Bolevich paydo bo'ldi. Chernogoriyalik legioner qulay imkoniyatni topib, "Bunyodkor" darvozasini nishonga oldi.
Zarba ancha xavfli ko'rinish oldi, biroq to'p darvoza ustunining salgina yonidan o'tib, maydonni tark etdi.
80–daqiqa. Maydonda navbatdagi to'qnashuv!
"Bunyodkor"ning yangi tushgan hujumchisi Matiya Krivokapich va "So'g'diyona" himoyachisi Filip Ivanovich o'rtasida havo bort kurashida juda qattiq to'qnashuv sodir bo'ldi. Har ikki futbolchi baland sakragandi, biroq Krivokapich erga noqulay yiqildi.
O'yin to'xtatildi va mehmonlarning tibbiy xodimlari maydonga yugurib chiqishdi. Hakam Abdurashid Xudoyberganov vaziyatni sinchiklab ko'zdan kechirdi va bu yerda qoida buzilishi yo'q, deb topdi – bu shunchaki o'yin vaziyatidagi tabiiy to'qnashuv edi.
Krivokapichga tibbiy yordam ko'rsatilmoqda.
79–daqiqa. "Bunyodkor" hisobni yanada oshirishi mumkin edi!
"So'g'diyona" himoyachilarining o'zaro tushunmovchiligi va qo'pol xatosidan so'ng, mehmonlar futbolchisi qulay imkoniyatga ega bo'ldi. U darvozabon bilan deyarli yuzma-yuz kelib, yaqin masofadan kuchli zarba yo'lladi.
Bu vaziyatda Shoxruh Isoqov ajoyib mahorat ko'rsatib, to'pni qaytarishga muvaffaq bo'ldi. Biroq vaziyat yakunlangach, yon hakam bayroqchasini ko'tardi – hujumchi ofsaydda qolgan ekan. Agar gol bo'lganida ham, baribir inobatga olinmasdi. Shunga qaramay, Jizzax jamoasi himoyasidagi bunday parokandalik muxlislarni ancha xavotirga solmoqda.
78–daqiqa. Dorievda xet-trik uchun ajoyib imkoniyat bo'lgandi!
"So'g'diyona" hisobni tenglashtirish uchun bosimni maksimal darajaga ko'tardi. Chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga juda aniq va qulay uzatma amalga oshirildi. U yerda uchrashuvning eng faol o'yinchilaridan biri Lyupcho Doriev to'pni kutib oldi.
Makedoniyalik legioner yaqin masofadan bosh bilan zarba yo'lladi, biroq to'p darvoza ustunining yuqorisidan o'tib ketdi.
77–daqiqa. "Bunyodkor" tarkibida ham qo'shaloq o'zgarish!
Mehmonlar bosh murabbiyi ham "yangi qon" kerakligini tushunib, tarkibni yangilashga qaror qildi. Hisobda oldinga chiqib olgan "qaldirg'ochlar" endi ustunlikni saqlab qolish va qarshi hujumda raqibni jazolashga e'tibor qaratishadi:
Dmitriy Plentyov maydonni tark etdi, uning o'rniga Matiya Krivokapich tushdi.
Nosirjon Abdusalomov o'rniga esa Amir To'raqulov o'yinga qo'shildi.
76–daqiqa. "So'g'diyona"dan yana bir xavfli hujum!
Mezbonlarning ketma-ket o'zgarishlaridan so'ng bosim yanada kuchaydi. Himoyachi Islomjon Qobilov jarima maydonchasi ichida paydo bo'ldi va qulay imkoniyatga ega bo'ldi. Uning yaqin masofadan yo'llagan kuchli zarbasi darvoza to'sinining salgina yuqorisidan o'tib ketdi.
76–daqiqa. "So'g'diyona" tarkibida vabank! Uchta o'zgarish!
Mezbonlar bosh murabbiyi o'yinni qutqarib qolish uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqda. Maydonda bir yo'la uchta almashtirish:
Ollabergan Karimov o'rniga maydonga jamoaning iqtidorli va texnikasi kuchli vakillaridan biri Jasurbek Jaloliddinov tushdi.
Otabek Ahadov o'z o'rnini Oybek Nurmatovga bo'shatib berdi.
Bugun ancha faol harakat qilgan Otabek Jo'raqo'ziev o'rniga esa yosh hujumchi Amirbek Saidov o'yinga qo'shildi.
72–daqiqa. Federiko Bottidan seyv! "Bunyodkor" posboni jamoasini qutqarmoqda!
Hisobda ortda qola boshlagan "So'g'diyona" bor kuchi bilan hujumga tashlandi. Zaxiradan o'yinga qo'shilgan Aleksandar Bolevich jarima maydonchasi ichida havodan uzatilgan to'p uchun kurashda g'olib chiqdi va darvozaning yuqori burchagini nishonga oldi.
Zarba juda xavfli va kutilmagan chiqdi, biroq Federiko Botti ajoyib reakciya ko'rsatib, qiyinchilik bilan bo'lsa-da, to'pni qaytarib yubordi! Italiyalik posbon avvalgi xatolarini yuvib, hozir jamoasining muhim ustunligini saqlab qoldi. Jizzaxliklar bosimni yanada oshirishmoqda, o'yinning qolgan qismi haqiqiy "jang"ga aylanishi aniq!
69–daqiqa. GOOOOOOOOLLLLL!!! KAMBEK!!! BILOLXON TOSHMIRZAEV – XET-TRIK!
Jizzaxda haqiqiy fantastika! "Bunyodkor" 0:2 hisobini 3:2 ko'rinishiga keltirib, irodaviy tarzda oldinga chiqib olmoqda!
Mehmonlarning chap qanotdan boshlangan hujumi tezkorlik bilan markazga ko'chdi. Samandarjon Mavlonqulov jarima maydonchasi ichiga xavfli pas uzatdi. Nosirjon Abdusalomov to'pga eta olmadi, ammo bu "qaldirg'ochlar" uchun ayni muddao bo'ldi – to'p uning ortida turgan Bilolxon Toshmirzaevga kelib tushdi.
Toshmirzaev yaqin masofadan sovuqqonlik bilan aniq zarba yo'lladi. "So'g'diyona" darvozaboni va himoyachilari to'p yo'lini to'sishga qanchalik urinishmasin, bugungi kun qahramonini to'xtata olishmadi!
67–daqiqa. Omadsiz urinish.
"So'g'diyona" himoyachisi Islomjon Qobilov oldinga intilib, raqib jarima maydoni tashqarisida to'pni qabul qilib oldi. U qulay imkoniyat tug'ilishi bilan darvozani nishonga olishga qaror qildi.
Biroq zarba berish paytida Qobilov to'pga noqulay tarzda zarba berdi.
63–daqiqa. "Bunyodkor" darvozabonidan ketma-ket xatolar!
Mehmonlar posboni Federiko Botti kutilmaganda o'z jarima maydonchasi yaqinida pas berishda ketma-ket ikki bor xatoga yo'l qo'ydi. Bunday sovg'adan Otabek Jo'raqo'ziev unumli foydalanib qolishi va hisobni o'zgartirishi mumkin edi.
Biroq jizzaxliklarning hujum chizig'i vakili vaziyatni gol bilan yakunlay olmadi. Bottining xatosini "qaldirg'ochlar" himoyachilari yopishga ulgurishdi – ular ishonchli harakat qilib, xavfni bartaraf etishdi.
60–daqiqa. "So'g'diyona" hujum chizig'ini yangilamoqda!
Mezbonlar bosh murabbiyi navbatdagi o'zgarishni amalga oshirdi. Bugungi gollarda faol ishtirok etgan va raqib himoyachilariga anchagina bosh og'rig'i bo'lgan Feysal Mulich maydonni tark etdi. Uning o'rniga o'yinga Aleksandar Bolevich tushirildi.
Mulichning jismoniy kuchidan ko'ra, endi Bolevichning tezkorligi va texnikasiga e'tibor qaratilyapti shekilli. Ikki to'pli ustunlikni qo'ldan chiqargan jizzaxliklar hujumga yangi kuchlar orqali jon bag'ishlashga harakat qilishmoqda. Ko'ramiz, chernogoriyalik legioner o'yin taqdirini o'zgartira olarmikin?
59–daqiqa. Uchrashuvdagi ilk sariq kartochka!
"So'g'diyona" himoyachisi Filip Ivanovich to'p uchun kurashda kechikib qoldi va Azizbek To'lqunbekovning oyog'ini bosib oldi. Vaziyat hakamning ko'z o'ngdida sodir bo'ldi.
Bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov darhol o'yinni to'xtatdi va serbiyalik legionerga qoidani qo'pol ravishda buzgani uchun sariq kartochka ko'rsatdi.
55–daqiqa. "So'g'diyona" tarkibida ilk o'zgarish!
Mezbonlar bosh murabbiyi o'yin tizgini qo'ldan chiqayotganini sezib, tarkibda o'zgarishga qo'l urdi. Jamoa sardori Javohir Qahramonov maydonni tark etdi. Uning o'rniga o'yinga Suhrob Izzatov tushirildi.
Ko'rinishidan, jizzaxliklar markazdagi nazoratni qaytarib olishni va himoyaga ko'proq yordam berishni maqsad qilishgan. Sardorlik bog'ichi endi boshqa bir tajribali o'yinchiga o'tadi.
54–daqiqa. Maydonda ehtiroslar junbushga kelmoqda!
"So'g'diyona" himoyachisi Islomjon Qobilov o'z qanotida Sardor Abdunabievni to'xtatib qolishda qoidani buzdi, deb topildi. Abdurashid Xudoyberganov fibini chalib, mehmonlar foydasiga jarima zarbasi belgiladi.
Biroq Qobilov hakamning bu qaroridan mutlaqo norozi. U hakam bilan ancha vaqt bahslashib, fol ishlatmaganini tushuntirishga harakat qildi. Shunga qaramay, Xudoyberganov o'z fikrida qatiy qoldi – jarima zarbasi ijro etiladi.
50–daqiqa. GOL!!! Hisob tenglashdi - 2:2!
Kambek! Bilolxon Toshmirzaev bugun Jizzaxda haqiqiy shou ko'rsatmoqda! Jarima zarbasini ijro etish uchun to'p yoniga kelgan Bilolxon zargarona zarba bilan to'pni jonli devor ustidan oshirib, darvoza to'riga joylab qo'ydi.
Shoxruh Isoqov to'pga tashlandi, biroq darvozabon ojiz qoldi. Bilolxon Toshmirzaev ham Dorievning dubliga dubl bilan javob qaytardi. "Bunyodkor" 0:2 hisobini 2:2 ko'rinishiga keltirib, iroda namoyish etmoqda.
49–daqiqa. "Bunyodkor"da standart vaziyat!
Maydon markaziga yaqin hududda keskin kurash kuzatildi. "Bunyodkor" himoyachisi Azizbek To'lqunbekov to'p bilan oldinga intilayotgan bir paytda, "So'g'diyona" a'zosi Nodirjon Soyibov uni qoidani buzgan holda to'xtatib qoldi.
Bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov vaziyatni yaqinla kuzatib turdi va ikkilanmay jarima zarbasi belgiladi. Mehmonlar standart vaziyatdan unumli foydalanib, Jizzax jamoasi jarima maydonchasi ichida xavf tug'dirishga harakat qilishadi.
46–daqiqa. Ikkinchi bo'lim boshlandi!
Hakam Abdurashid Xudoyberganov xushtagini chaldi va ikkinchi bo'limga start berildi.
45+2–daqiqa. Birinchi bo'lim yakunlandi!
Abdurashid Xudoyberganovning xushtagi jamoalarni tanaffusga taklif etdi. Jizzaxda gollarga boy, shiddatli va qiziqarli birinchi bo'lim guvohiga aylandik.
Birinchi bo'lim qisqacha tafsilotlari:
4–daqiqa: Lyupcho Doriev hisobni ochdi – 1:0.
26–daqiqa: Doriev dublni rasmiylashtirdi – 2:0.
38–daqiqa: Bilolxon Toshmirzaev individual mahorat evaziga hisobni qisqartirdi – 2:1.
45–daqiqa.
Bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov birinchi bo'limning asosiy vaqtiga 2 daqiqa vaqt qo'shib berdi.
Jizzaxdagi bahs juda shiddatli va gollarga boy o'tmoqda. "So'g'diyona" uchrashuvni nazorat qilayotgandek ko'ringan bo'lsa-da, "Bunyodkor"ning javob golidan so'ng o'yin tenglashdi. Har ikki jamoa ham tanaffusga qadar yana bir bor raqib darvozasini nishonga olishga intilmoqda.
44–daqiqa. Birinchi bo'lim yakunida "So'g'diyona"dan navbatdagi hujum!
Mezbonlar standart vaziyatga ega bo'lishdi. To'p yonida uchrashuv qahramoni Lyupcho Doriev. Uning markazdan jarima maydonchasi ichiga etkazib bergan uzatmasi ancha xavfli chiqdi. Hujumga qo'shilgan Otabek Jo'raqo'ziev qulay poziciyaga chiqib borib, to'pga bosh bilan zarba yo'lladi.
Biroq Otabekning zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi – to'p darvoza ustuni yonidan o'tib ketdi. "So'g'diyona" tanaffusga ikki to'p farqi bilan chiqib kyetish imkoniyatini qo'ldan boy berdi. "Bunyodkor" mudofaasi esa bu vaziyatda Jo'raqo'zievni ochiq qoldirib, xatoga yo'l qo'ygandi.
38–daqiqa. GOL!!! "Bunyodkor" o'yinga qaytmoqda!
Mehmonlar hisobni qisqartirishdi! Bilolxon Toshmirzaev individual mahorat evaziga ajoyib gol muallifiga aylandi. U o'ng qanotdan markaz tomon ichki tomonga yurish qildi va bir nechta himoyachilarni chalg'itib, o'ziga qulay poziciya yaratdi.
Toshmirzaevning chap oyoqda yo'llagan aylanma zarbasi "So'g'diyona" himoyachilari orasidan o'tib, darvozaning uzoq burchagiga borib tushdi. Shoxruh Isoqovning sakrashi befoyda edi.
32–daqiqa. "So'g'diyona" uchinchi golga juda yaqin keldi!
Otabek Jo'raqo'ziev chap qanotda "motor"dek harakat qilmoqda. U katta tezlikda oldinga borib, raqib himoyasini yorib o'tdi va jarima maydonchasi markaziga aniq pas uzatdi.
U yerda Feysal Mulich to'pni kutib oldi va darvozani nishonga oldi. Biroq zarba biroz balandlab ketdi – to'p to'sin yuqorisidan o'tib ketdi. To'p himoyachilardan biriga tegib yo'nalishini o'zgartirgan bo'lishi ham mumkin.
26–daqiqa. GOL!!! DUBL! Lyupcho Doriev!
"So'g'diyona" hisobdagi farqni oshirmoqda! Jizzaxliklar tomonidan amalga oshirilgan burchak to'pidan so'ng "Bunyodkor" himoyachilari to'pni jarima maydonchasi tashqarisiga chiqarib yuborishgandi. Biroq qaytgan to'pga birinchi bo'lib Lyupcho Doriev yetib keldi.
Shimoliy makedoniyalik legioner to'pni to'xtatmasdan, o'ng oyog'i bilan juda kuchli va aniq zarba yo'lladi. To'p yana o'sha – darvozaning uzoq pastki burchagiga borib qadaldi! Federiko Botti bu safar ham ojiz.
25–daqiqa. "So'g'diyona" hisobdagi farqni oshirishi mumkin edi!
Mezbonlarning 11-raqamli futbolchisi Otabek Jo'raqo'ziev o'ng qanotda katta tezlik bilan oldinga intildi. U raqib himoyachilarini ortda qoldirib, qulay poziciyaga chiqib bordi va darvoza tomon kuchli zarba yo'lladi.
Bu vaziyatda "Bunyodkor" posboni Federiko Botti mahorat ko'rsatdi. Italiyalik darvozabon to'p yo'lini to'sib, xavfni bartaraf etdi va jamoasini ikkinchi goldan qutqarib qoldi.
23–daqiqa. Darvoza oldida xavfli va noxush vaziyat!
"Bunyodkor" standart vaziyatga ega bo'ldi. Bilolxon Toshmirzaev jarima to'pini "So'g'diyona" darvozasi tomon yuqorilatib uzatib berdi. To'pga chiqishda mezbonlar posboni Shoxruh Isoqov va himoyachi Filip Ivanovich o'zaro tushunmovchilik tufayli to'qnashib kyetishdi.
18–daqiqa. "So'g'diyona"dan tezkor qarshi hujum!
Mezbonlar himoyachisi Zoir Jo'raboev o'z jarima maydonchasi yaqinidan raqib himoya chizig'i ortiga juda masofali va aniq uzatmani amalga oshirdi. Feysal Mulich katta tezlikda to'pga intilib, darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib kyetishi mumkin edi.
Biroq, "Bunyodkor" sardori Najmiddin Normurodov epchillik ko'rsatib, xavfni sezdi va vaziyatni nazorat ostiga oldi. Mulich esa to'p uchun kurashda muvozanatni yo'qotib, maydonga yiqildi. Hakam vaziyatda qoida buzilmaganligini qayd etdi – hujumchi hech qanday ta’sirsiz, o'z harakati natijasida yiqilib tushgandi.
15–daqiqa. "Bunyodkor"dan javob hujumi!
Mehmonlar standart vaziyatdan unumli foydalanishga harakat qilishdi. Bilolxon Toshmirzaev burchak to'pini jarima maydonchasi ichiga yuqorilatib etkazib berdi. Hammadan baland sakragan jamoa sardori Najmiddin Normurodov to'pni darvozaga yo'naltirdi.
Zarba ancha xavfli chiqdi, biroq "So'g'diyona" himoyachilari yana o'z o'rnida. To'p himoyachilardan biriga tegib, maydonni tark etdi.
12–daqiqa. Bahsli vaziyat!
"Bunyodkor" futbolchilari raqib jarima maydonchasi ichida faollik ko'rsatishdi. Sardor Abdunabiev chap qanotdan tezkorlik bilan ichkariga yorib kirdi va Islomjon Qobilov bilan to'qnashib, maydonga yiqildi. Mehmonlar bu vaziyatda penalti borligiga ishora qilishdi.
Biroq bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov vaziyatga yaqin edi va qoida buzilmaganligini bildirib, o'yinni davom ettirishni so'radi.
9–daqiqa. "So'g'diyona" ikkinchi golga juda yaqin keldi!
Jizzaxliklarning serbiyalik giganti Feysal Mulich maydon markazida haqiqiy mahorat namoyish etdi. U "Bunyodkor"ning ikki himoyachisini xuddi mashg'ulotlardagidek aldab o'tib, jarima maydonchasi ichiga zargarona pas uzatdi.
To'p yana gol muallifi Lyupcho Dorievga kelib tushdi. Dorievda dubl qayd etish uchun qulay imkoniyat yuzaga kelgandi, biroq uning chap oyoqda yo'llagan zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi. To'p darvoza to'sini yuqorisidan o'tib ketdi. Mehmonlar mudofaasi hozircha Mulichning jismoniy ustunligi va texnikasi oldida qiynalib qolmoqda.
7–daqiqa. Navbatdagi xavfli vaziyat!
"So'g'diyona" goldan so'ng to'xtab qolmoqchi emas. Mezbonlar yarim himoyachisi Otabek Jo'raqo'ziev jarima maydonchasi tashqarisida to'pni qabul qilib oldi va hech ikkilanmay darvoza tomon kuchli zarba yo'lladi.
To'p yo'lida "Bunyodkor" a'zosi Dmitriy Pletnyov g'ov bo'ldi – uning oyog'iga tegib, yo'nalishini o'zgartirgan to'p maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Agar rikoshet bo'lmaganida, Federiko Botti uchun juda qiyin bo'lishi mumkin edi. Maydon egalari burchak to'pi tepish huquqini qo'lga kiritishdi. Mezbonlar bosimni oshirishda davom etmoqda!
4-daqiqa. GOL! Uchrashuv startidanoq mezbonlarning bosimi o'z samarasini berdi.
Jarima maydonchasi ichidagi tartibsizlikdan jizzaxliklar unumli foydalanishdi. Feysal Mulichning darvoza tomon yo'llagan kuchli zarbasi "Bunyodkor" himoyachisiga tegib, yo'nalishini o'zgartirdi va qulay tarzda Lyupcho Dorievga borib tushdi.
Doriev esa sovuqqonlik bilan harakat qilib, darvozaning uzoq pastki burchagini aniq nishonga oldi! Federiko Botti qanchalik harakat qilmasin, jamoasini muqarrar goldan qutqarib qola olmadi.
1-daqiqa. Uchrashuv boshlandi!
Bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov xushtagini chaldi va Jizzaxdagi "So'g'diyona" – "Bunyodkor" qarama-qarshiligiga start berildi. Maydon egalari ananaviy qora-oq, mehmonlar esa oq rangli liboslarda harakat qilishmoqda.



