Sergey Lushchan "Mashal"ning so'ngan olovini qayta yoqa oladimi?

Iskandarov Abdulaziz
25 iyul 2026, 11:20
Muborakning "Mashal" klubi joriy mavsumda tom manoda inqirozli davrni boshdan kechirmoqda.

Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklar, moliyaviy qiyinchiliklar va murabbiylar o'rindig'idagi beqarorlik jamoani Superliga turnir jadvalining eng tubiga tushirib qo'ydi. Biroq, jamoa ruliga tajribali mutaxassis Sergey Lushchanning kelishi muborakliklarning qalbida umid uchqunini qayta yoqqandek bo'ldi. Quyida "Mashal"ning bugungi holati, murabbiylar almashinuvi va kelajakdagi rejalarini tahlil qilamiz.

1. Murabbiylar qo'nimsizligi


Muborakliklarni yangi mavsumga rossiyalik mutaxassis Igor Surov tayyorladi. U bunga qadar Qirg'izistonning "Bars" (9 o'yin, 9 g'alaba) va Tojikistonning "Esxata" (55 o'yin, 25 g'alaba, 11 durang, 19 mag'lubiyat) jamoalarida yomon bo'lmagan natijalarni qayd etgan edi. Biroq, O'zbekiston Superligasining saviyasi qo'shni chempionatlardan sezilarli darajada yuqori ekanligini unutmaslik lozim. Surov boshqaruvidagi "Mashal" 4 ta o'yin o'tkazib, barchasida mag'lubiyatga uchradi. Eng achinarlisi, jamoa birorta ham gol ura olmadi va o'z darvozasidan 9 ta to'p olib chiqdi. Tabiiy savol tug'iladi: rahbariyat jamoa rulini unga topshirayotganda qaysi mezonlarga tayangan edi?

photo_2026-07-25_09-20-33.jpg

Shundan so'ng estafeta 2025 yilda jamoani Superligada olib qolish missiyasida ishtirok etgan Otabek Narzullaevga topshirildi. Unga ham ko'p vaqt berilmadi: 5 ta o'yindagi 5 ta mag'lubiyatdan so'ng u asosiy jamoadan o'rinbosarlar safiga o'tkazildi. To'g'ri, Narzullaev qo'l ostida jamoa o'yin tomonlama sharmandali yoki o'ta nochor ko'rinmadi. Ammo futbolda barchasini natija belgilaydi va bu qatiy haqiqatdir.

photo_2026-07-25_09-21-14.jpg


Narzullaevdan keyin tajribali Ildar Sakaevga imkoniyat berildi (Superligada 2 ta va O'zbekiston Kubogida 3 ta o'yin). Biroq vaziyat tubdan o'zgarmadi. Natijada, Sergey Lushchan muborakliklar uchun bir mavsumning o'zida tayinlangan to'rtinchi bosh murabbiyga aylandi.

2. Olov ichiga kelgan Sergey Lushchan


"Mashal"ning turnir jadvalidagi joylashuvi (so'nggi o'rin) va ayni paytdagi hisobidagi bor-yo'g'i 4 ochko - bu shunchaki quruq statistika emas, balki mavsum boshidan beri yo'l qo'yilgan tizimli xatolarning mahsulidir. Biroq, e'tiborli jihati shundaki, jamoa shu vaqtgacha yig'a olmagan 4 ochkoni aynan Sergey Lushchan boshqaruvidagi dastlabki ikki o'yindayoq qo'lga kiritdi. Bu nimani anglatadi? Qisqa fursatda mo'jiza ro'y bermagan bo'lsa-da, jamoada "shok terapiyasi" boshlangan. Lushchan tezlik bilan psixologik inqirozni hal qilishga harakat qilmoqda. Murabbiy tom manoda "yong'in ichida qolgan uy"ga kirib bordi va yong'inni o'chirishni boshladi.

Raqamlar nima deydi? Agar vaziyatga real va matematik nuqtayi nazardan yondashsak, holat hamon o'ta murakkab. Superligada to'g'ridan-to'g'ri jon saqlab qolish hududi bilan o'rtadagi 11 ochkolik tafovut - autsayder jamoa uchun katta jarlik deganidir. Bu farqni yo'qqa chiqarish uchun "Mashal" kamida 3-4 ta o'yinda g'alaba qozonishi va ayni paytda raqobatchilarning xato qilishini kutishi kerak bo'ladi. Endi maydonda har bir qarich er uchun jang qiladigan temir intizom va natijaga yo'naltirilgan keskin o'yin talab etiladi.

photo_2026-07-25_09-24-12.jpg



Tarixiy parallellar va taqdir hazili Lushchan uchun bunday "qaynoq nuqta"larda ishlash va jamoani botqoqdan tortib chiqarish begona emas. 2018 yilgi mavsumni yodga olaylik: o'shanda u "So'g'diyona"ni ketma-ket 5 ta g'alabasiz o'yindan so'ng, chuqur psixologik chuqurlikda qabul qilib olgan edi. Ammo ikki vaziyat o'rtasida bitta fundamental farq bor - Jizzaxda mavsum endigina boshlangan, xatolarni to'g'irlash va yo'qotilgan ochkolar o'rnini qoplash uchun etarlicha masofa bor edi. Muborakda esa xato qilishga limit allaqachon tugab bo'lgan.
Eng qiziqarli va o'ziga xos taqdir hazili shundaki, Lushchan o'sha 2018 yilgi mavsum yakunida o'tish o'yinida (pley-offda) aynan "Mashal"ni mag'lubiyatga uchratib, "So'g'diyona"ni elitada olib qolgan edi. Bugun esa tarix g'ildiragi teskari aylandi: qachonlardir o'zi quyi ligaga ravona qilgan jamoaning najoti endi aynan Lushchanning qo'lida.

photo_2026-07-25_09-25-06.jpg

3. Oldindagi chigal taqvim va omon qolish missiyasi

"Mashal" hozir raqib tanlaydigan yoki kimnidir mensimaydigan holatda emas. Jamoaning so'nggi turlarda "Qo'qon-1912" va "Nasaf" kabi jiddiy raqiblarga qarshi o'yinlarda muhim ochkolarni ishlab olgani ijobiy signaldir. Ammo bu hali dengizdan tomichi, xolos.
Oldinda jamoani o'ta tig'iz va mas'uliyatli taqvim kutib turibdi:

27 iyul: OKMK (safarda) 4-o'rin
2 avgust: "So'g'diyona" (uyda) 14-o'rin
7 avgust: "Xorazm" (safarda) 12-o'rin
14 avgust: "Qizilqum" (safarda) 13-o'rin

Ko'rinib turibdiki, navbatdagi turlarda jamoa asosan turnir jadvalining ikkinchi yarmida borayotgan va o'zi kabi jon saqlash uchun kurashayotgan, bir-biriga yaqin turgan klublar bilan to'qnash keladi. Moliyaviy muammolar fonida Sergey Lushchan mo'jiza yaratib, "Mashal"ni Superligada olib qolsa, bu nafaqat murabbiylik karerasidagi yorqin sahifa bo'ladi, balki uning keyingi mavsum uchun ham o'z o'rnini kafolatlashiga zamin yaratadi.

photo_2026-07-25_09-26-34.jpg



4. Transferlar oynasi: kelajak emas, bugun uchun harakat


Ikkinchi davra oldidan jamoa tarkibida sezilarli tozalash va kuchaytirish ishlari olib borildi. Asosiy e'tibor uzoq muddatli loyihalarga emas, balki aynan bugungi kun muammolarini hal qila oladigan "tez yordam" vazifasini o'taydigan futbolchilarga qaratilgan.

Yozgi transferlar oynasida jamoaga kelib qo'shilgan yangi nomlar:
Darvozabon: Vladislav Rusanov
Himoyachilar: Straxinya Boshnyak, Drago Bumbar, Tohir To'xtasinov, Farruh Ibragimov
Yarim himoyachilar: Bobirjon Asqarov, Doniyor Narzullaev, Komil Tojiddinov
Hujumchi: Izzatillo Abdulhaqov

Bu ro'yxatdan yaqqol ko'rinib turibdiki, rahbariyat va murabbiylar shtabi qisqa fursat ichida barcha chiziqlarni yangilashga qaror qilgan. Kelajak haqida o'ylashga vaqt yo'q - "Mashal"ga natija shu bugunoq kerak.

Sergey Lushchan o'zining boy tajribasi, taktik bilimlari va yangi jalb etilgan futbolchilar bilan birgalikda Muborak muxlislarining ishonchini oqlay oladimi? Bu savolga faqatgina yaqinlashib kelayotgan tur o'yinlari javob beradi. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia