

– O'yin haqida fikrlaringiz...
– Juda qiyin uchrashuv bo'ldi. Biz asosan qarshi hujumlarga tayangan holda himoyaviy o'yin namoyish etdik. "Navbahor"ning qanday harakat qilishini bilardik va bunga jiddiy tayyorgarlik ko'rgan edik. Umuman olganda, jamoam o'yinidan qoniqdim. Bazi vaziyatlarni hisobga olmaganda, natija va harakatlardan xursandman, yo'l qo'yilgan xatolarni esa albatta tahlil qilamiz. Birinchi navbatda, yigitlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman – ular maydonda oxirigacha kurashishdi, bu juda qiyin bo'ldi. Nima bo'lganda ham, ularga katta rahmat. Shuningdek, bizni qo'llab-quvvatlash uchun stadionga kelgan muxlislarimizga ham tashakkur aytmoqchiman.
Mavsum endi qizg'in pallaga kirmoqda. Shu sababli har bir o'yin qiyin kechadi. Turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalarni kuzatsangiz, ular ham jon saqlash uchun so'nggi soniyalargacha kurash olib borishmoqda. Oson o'yinlarning o'zi qolmadi. Buni avval ham aytganman va yana qaytaraman: ikkinchi davra boshlandi, endi har bir jamoa har bir ochko uchun oxirigacha jang qiladi.
– FIFA kunlaridan keyingi ikkita o'yinda jamoa atigi bir ochko to'pladi. Yozgi yig'inlarni ham kuzatdik: jamoa to'rtta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazib, birortasida g'alaba qozona olmadi va o'z darvozasidan ko'p to'p olib chiqdi. Umuman olganda, yozgi yig'indan qanchalik ko'nglingiz to'ldi?
– Ha, bu transfer oynasi vaqtidagi tanaffus edi. Afsuski, bizda to'liq tarkib bilan tayyorgarlik ko'rish imkoni bo'lmadi. Deyarli ko'plab futbolchilarimiz jarohatlangan yoki betob edi. To'liq tarkibda yig'ilganimizga endigina ikkinchi o'yin bo'lyapti, jami 20-22 kishi bo'lib shug'ullanyapmiz. Bu natijalarga turli sabablar ta’sir qildi. Afsuski, tarkibni sezilarli darajada yangilashga majbur bo'ldik, yangi yigitlar kelib qo'shildi. Ularga jamoaga moslashish uchun ma'lum vaqt kerak bo'ladi. O'ylaymanki, ular o'yindan o'yinga kirishib borishadi va men talab qilayotgan taktikani maydonda to'liq namoyish etishadi.
– O'yin boshidayoq pozicion yoki individual xato tufayli tezkor gol o'tkazib yubordingiz. Undan keyin ham "Navbahor"da vaziyatlar bo'ldi, lekin gol ura olishmadi. Ochig'ini aytsam, "Qizilqum" umuman taslim bo'lgani yo'q. Keyinchalik o'zingizga kelib, hisobni tenglashtirdingiz va ikkinchi bo'limda hatto uch ochko olishingiz ham mumkin edi. Bu nimaning hisobiga amalga oshdi?
– Birinchi navbatda, biz "Navbahor" ilk daqiqalardanoq agressiv hujumga o'tishini bilardik. Ko'rib turganingizdek, tezkor gol o'tkazib yubordik. Bu vaziyatda himoyachilarimiz o'z poziciyasini egallashga ulgurmay qoldi, raqib uzatmani amalga oshirdi... Ikkinchi bo'limda esa taktikamizga biroz o'zgarishlar kiritdik. To'g'risi, birinchi bo'limda futbolchilarimizda biroz hayajon va tushunmovchilik kuzatildi. Ikkinchi bo'limda o'yinimizni qayta qurdik va ancha mazmunliroq harakat qildik. Ha, gol urish uchun qo'shimcha vaziyatlar bo'ldi, ammo, afsuski, ulardan foydalana olmadik. Hakamlar qaroriga kelsak, maydondagi vaziyatni aniq ko'ra olmadim. Yigitlarga esa hech qanday etirozim yo'q. Boshida 10-15 daqiqa bosim ostida qoldik va gol o'tkazib yubordik. Ammo javob to'pini kiritganimizdan so'ng, o'zimizga bo'lgan ishonch qaytdi, xotirjam tortdik va diqqatimizni ko'proq jamlay oldik.
– Biroz avval jarohatlar haqida gapirdingiz. Islom Kenjaboevning ham yakka tartibda shug'ullanayotgani haqida xabarlar chiqqan edi. U bugungi o'yinga tayyormidi? Chunki uning erta almashtirilishi sizdagi rejalarni buzib yuborgandir?
– Islom Kenjaboev deyarli barcha o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazib yubordi va mana shu o'yindan bir hafta oldingina umumiy tarkibga qo'shilgan edi. Uni birinchi bo'limdayoq almashtirganimning asosiy sababi shuki, u o'yinoldi chigalyozdi mashg'ulotidayoq jarohat olib, o'zida noqulaylik his qilgandi. Biz shifokorlar bilan maslahatlashib, kerakli muolajalarni qildik, ammo u o'yinni oxirigacha davom ettira olmadi. Ko'ramiz, Xudo xohlasa, keyingi o'yingacha tiklanib, maydonga tushadi. Uning jarohati darajasi haqida hozircha aniq bir narsa deya olmayman, buni vaqt ko'rsatadi. Malakali shifokorlarimiz bor, ular bu masala bilan jiddiy shug'ullanishadi.

– Bundan avval ham "Qizilqum"da faoliyat olib borgansiz va o'shanda "maqsadimiz – kuchli o'nlikga kirish" deb takidlagan edingiz. Turnir jadvalidagi hozirgi murakkab holatni inobatga olib, jamoaning hozirgi maqsadi ham avvalgisi singari o'zgarmaganmi?
– Bu mening "Qizilqum"ga ikkinchi bor kelishim. Agar jamoa bunday qiyin ahvolda bo'lmaganida, ehtimol, meni chaqirishmagan bo'lardi. O'zingiz tushunib turibsiz, ikkinchi davra – biz uchun jon saqlab qolish yo'lidagi kurashdan iborat. Taqvim juda zich joylashgan. Shuning uchun, bunday vaziyatda jamoani qabul qilib olgan har qanday murabbiyning birinchi galdagi vazifasi – jamoaning Superligadagi o'rnini saqlab qolishidir. Qolganini esa vaziyatga qarab, o'yindan o'yinga ko'rib boramiz. Yana bir bor qaytaraman, turnir jadvali zich: ikki-uchta ketma-ket g'alaba sizni mutlaqo boshqa o'ringa olib chiqishi mumkin. Har bir jamoa har bir ochko uchun oxirigacha kurashadi va bunga o'zingiz guvoh bo'lyapsiz. Jon saqlab qolish uchun kurash juda keskin kechadi.
– FIFA kunlaridan keyin yana tig'iz taqvim yuzaga keldi. Jamoalar to'rt-besh kunda bir maydonga tushishmoqda. "Navbahor"ga qarshi o'yinda ham ko'p kuch sarflandi. Keyingi raqib esa "Nasaf". Jamoa bu o'yinga jismoniy jihatdan qanchalik tayyor bo'la oladi?
– Albatta, imkon qadar tezroq tiklanishga harakat qilamiz. "Nasaf" o'z o'yinini bizdan bir kun oldin o'tkazdi, demak, ularda tiklanish uchun ko'proq vaqt bor. Ammo biz bor imkoniyatimizni ishga solib, keyingi turgacha "Nasaf"ga qarshi yaxshi sport formasida yetib borishga harakat qilamiz.
– O'tgan mavsumlar yakunlariga ko'ra, O'zbekistondagi eng boy kompaniyalardan biri Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) hisoblanadi. Ikkinchi o'rinda esa Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) turadi. OKMK so'nggi 3-4 mavsum davomida doim medallar uchun kurashyapti. Lekin nima uchun NKMK byudjeti bo'yicha OKMKdan qolishmasa-da, Navoiy jamoasi doim faqat jon saqlash uchun kurashadi?
– Men sizga nima deyishim mumkin? Bu savol haqiqatan ham menga tegishli emas. Jamoa rahbariyati bor, buni ulardan so'rash kerak. Bu yerda men ochiqlay olmaydigan bazi nozik jihatlar bor.
– G'iyosjon Rizaqulov haqida so'ramoqchi edim. U o'ng qanotda juda iliq taassurot qoldirdi...
– Rizaqulov – yosh va kelajagi porloq istiqbolli yigit. Ha, u himoya markazida va o'ng qanotda yaxshi harakat qiladi. Eng muhimi, u har bir o'yinda o'z ustida ishlamoqda va biz kutgan umidlarni oqlamoqda.



