

– O'yin haqidagi fikrlaringiz qanday?
– O'yin, ehtimol, barchaga manzur bo'ldi. Yaxshi uchrashuv o'tkazildi. Eng asosiysi – biz bugun g'alaba qozondik, o'z xarakterimizni va mustahkam irodamizni namoyish eta oldik. Men, birinchi navbatda, yigitlarga o'zimning minnatdorchiligimni bildiraman. Ushbu uchrashuvga tashrif buyurgan barcha muxlislar, shubhasiz, o'yindan rozi bo'lishdi. Birinchi bo'limga to'xtaladigan bo'lsak, ha, biroz qiyinchilik tug'ildi. Ikkinchi bo'limga esa yuqori kayfiyat, kuchli ishtiyoq va fidoyilik bilan chiqdik hamda, eng asosiysi – maqsad qilingan natijaga erishdik.
– O'zingiz ta'kidlab o'tganingizdek, jamoaga birinchi bo'limda ham ikkinchi bo'limdagi kabi o'ynashga nima to'sqinlik qildi? Yoki ular buni uddalay olishmadimi?
– Bu vaziyatda o'zimizning ham xatolarimiz kuzatildi. Xususan, oldingi chiziqda to'p nazorati etarli darajada bo'lmadi. Biroq, umuman olganda, raqiblar hech qanday xavfli vaziyat yarata olishmadi. Biz hattoki o'zimizning xatomiz tufayli gol o'tkazib yubordik. Aks holda, ular birinchi bo'limda birorta ham xavfli vaziyat yarata olishmas edi. To'g'ri, ular to'pga ko'proq egalik qilishdi, lekin bu baribir asosiy ko'rsatkich emas. Biz shunchaki to'g'ri taktikani yo'lga qo'ydik va kerakli natijaga erishdik. Yana bir bor takidlayman, birinchi navbatda, yigitlardan minnatdorman.
– Navbatdagi turga oid so'nggi savolim: Toshkentda "G'azalkent" jamoasiga qarshi kechadigan uchrashuvda qanday harakat qilmoqchisizlar?
– Biz har bir o'yinga, xuddi so'nggi uchrashuvdek, faqat g'alaba qozonish maqsadida maydonga tushamiz. Oldimizda boshqa hech qanday vazifa yo'q. Maqsadimiz – faqat g'alaba.



