

– Bugungi o'yin haqidagi fikrlaringiz...
– Nima deyishim mumkin? Tayyorgarlik jarayonida FarDUning kuchli tomonlariga va oxirgi o'yinlarda ko'p g'alaba qozonayotganiga e'tibor qaratib tayyorgarlik ko'rgan edik. Birinchi bo'limda hisobda oldinga chiqdik. FarDUning uzun paslari va hujumlari bizga hech qanday xavfli holat yaratayotgani yo'q edi. Lekin ikkinchi bo'limda futbolchilarga 15–20 daqiqa bu hushyorlikni yo'qotmaslik, ularning hujumlariga, uzun uzatmalariga, havodagi kurashlarga yutqazmaslik hamda bir-birini qo'llab-quvvatlash kerakligini uqtirdik.
Lekin yo'q joydan himoyachimizning xatosi 11 metrlik jarima zarbasi belgilanishiga sabab bo'ldi. U yerda hech qanday xavfli holat yo'q edi. FarDU yarim himoyachisi darvozamizga orqasini o'girib turgan holatda edi, unga nisbatan qo'pollik ishlatish shart emas edi. Bu vaziyat raqibga imkoniyat yaratib berdi. Shundan so'ng qancha harakat qilmaylik, himoyachilarimizning yana bir qo'pol xatosi tufayli oddiy holatda gol o'tkazib yubordik.
Ushbu turda "Kattaqo'rg'on" ham, "Aral" jamoasi ham ochko yo'qotdi. Biz bu o'yinga boshqacharoq yondashishimiz kerak edi. Afsuski, ko'rib turganingizdek, futbolchilarimiz, xususan, himoya chizig'imiz oldiga katta vazifa qo'yilgan jamoalarga mos o'yin ko'rsatmadi. Shuning uchun ham bugun mag'lubiyatga uchradik.
– Legioner futbolchi Yuriy Klochkovni birinchi bo'limdayoq majburiy almashtirishga qaror qildingiz. Futbolchining holati haqida ma'lumot bersangiz.
– Unga nisbatan qo'pollik ishlatildi, oyog'iga zarba berilgan va shilingan edi. Shuning uchun ham u o'yinni davom ettira olmay qoldi. Oqibatda majburiy o'zgarish qildik.
– Uning holati keyingi o'yinga tushishga imkon beradimi?
– U o'yinni davom ettirishda og'riq his qildi va o'ynay olmasligini aytdi. O'ylaymanki, keyingi bellashuvgacha tiklana oladi va yana safga qaytadi.
– Yana bir savolim legioner futbolchilar haqida. Tarkibda Levan Barabadze va yana bir legioner futbolchi (Raman Viaxera – tahririyat) bor. Ikkalasini ham bugun zaxirada qoldirdingiz va umuman foydalanmadingiz. Buning sababi nima bo'ldi?
– Ikki legioner futbolchimiz ham himoya chizig'i vakillari hisoblanadi. Biz taxminan 15 daqiqa hisobni ushlab turgandan so'ng taktik o'zgarish qilmoqchi edik. Lekin 11 metrlik jarima zarbasi barcha rejalarni o'zgartirib yubordi va biz hujumga zo'r berishimizga to'g'ri keldi. Shu sababli hujum chizig'i va yarim himoyadagi futbolchilarimiz ancha ter to'kib, charchab qolishdi.
Bugun barchasini mana shu 11 metrlik jarima zarbasi o'zgartirdi. Ungacha hech qanday xavfli holat yo'q edi, FarDU jamoasi bizga qiyinchilik yoki xavfli hujumlar yaratayotgani yo'q edi. Oddiy vaziyatdagi penalti hamma narsani o'zgartirib yubordi, desam to'g'ri bo'ladi. Himoyachilarni maydonga tushirish esa bu vaziyatni qutqarib qolishda yordam bera olmas edi, shuning uchun ularni o'yinga qo'shmadik.
– 16-tur yetakchilar uchun noxush keldi. "Sho'rtan", "Aral", "Kattaqo'rg'on" – barcha jamoalar ochko yo'qotdi. Bunga munosabatingiz qanday?
– Boshqa jamoalarni muhokama qilmaymiz. Bugungi o'yindagi ochkolar o'zimiz uchun juda zarur edi. Buni futbolchilarga ham uqtirgandik. Lekin biz juda yomon natija qayd etdik. Bu "Sho'rtan" klubi, muxlislari va rahbariyati uchun juda alamli. Raqibning holatini va o'yin borishini hisobga olganda, bugun bunday futbol o'ynamasligimiz kerak edi. Ayniqsa, ikkinchi bo'limda himoya chizig'ida bunday xatolarga yo'l qo'yish mumkin emasdi.
Futbolni ko'rdingiz, raqib jamoasi hujum qilishga u qadar katta bosim o'tkazayotgani yo'q edi, o'yin asosan maydon o'rtasida kechayotgandi. Hech qanday qiyin vaziyat yo'q edi. Bu yerda himoyachilarning xatolari bizga qimmatga tushdi. Shuning uchun bugungi mag'lubiyatga ikkinchi bo'limdagi himoya chizig'imizning o'yini sabab bo'ldi, desam yanglishmayman.
– O'zbek futbolining tajribali mutaxassislaridan biri sifatida maydon holatiga qanday baho bergan bo'lardingiz?
– Maydon ko'rinib turibdi, bu yerda to'p yurishi sekinlashadi va chim biroz yumshoqroq. Kecha mashg'ulotda ham ko'rdik, havodan uzatilgan to'plar erga tushgandan so'ng baland sapchimaydi. Shuning uchun ham uzun to'plarga oxirigacha harakat qilish kerak, chunki maydon to'p tezligini sekinlashtiradi.
Proliga andozasidan kelib chiqib qaraydigan bo'lsak, maydonning holati yomon emas, yaxshi maydon. To'g'ri, bu kichkina muammo keltirib chiqarishi mumkin, ammo futbolchilar bunga tez ko'nikishi kerak. Umuman olganda, maydon holati yaxshi.
– "Sho'rtan" jamoasi birinchi bo'limda FarDUga deyarli hujum qilishga imkoniyat bermayotgan edi. Ikkinchi bo'limga kelib esa "Sho'rtan" juda ko'p bo'shliqlarni yuzaga keltirdi. Bunga asosiy sabab taktik sxemami yoki futbolchilarning jismoniy holatimi?
– FarDU ikkinchi davrada yaxshi futbolchilarni tarkibga jalb qildi. Ularning himoya chizig'ida o'ynayotgan futbolchilari Proligada anchadan beri harakat qilib kelishyapti. Biz ularga ko'p bo'shliq va o'ylash uchun vaqt bermaslikni maqsad qilgan edik. To'g'ri ta'kidladingiz, birinchi bo'limda biz ularning hujum qilishiga deyarli imkoniyat bermayotgan edik.
Bularning barchasi 11 metrlik jarima zarbasi belgilangunga qadar davom etdi. Ungacha FarDU bizga hech qanday muammo tug'dira olayotgani yo'q edi. Aynan shu penalti bugungi o'yinda hamma narsani o'zgartirdi. Shundan so'ng shoshilib qoldik, hujumga o'tishda darvozabonimiz ham ayrim vaziyatlarda shoshma-shosharlikka yo'l qo'ydi.
– Ikkinchi bo'limga kelib jamoa hujumlarini juda ham kamaytirib yubordi. Bunga sabab hisobni ushlab qolish ko'rsatmasi bo'lganmi yoki futbolchilarning o'zi shunday qarorga keldimi? Deyarli hujum qilinmadi.
– Ko'rdingiz, bugun shijoat va xarakter tomonidan FarDU ikkinchi bo'limda gol urganidan keyin bizdan ustunlik qildi. Har bir to'p uchun ular o'zlarini ham, raqibni ham ayashmadi. Ular chuqur himoyalanib, bizga bosim uyushtirishdi va uzun to'plarimizni FarDU himoyachilari ikkinchi qavatda ko'proq yutib chiqishdi. Birga-bir vaziyatlarga chiqdik, agar shulardan foydalanganimizda o'yinda burilish yasalishi mumkin edi. Lekin, afsuski, hujumchilarimiz gol ura olishmadi. Hisob 1:1 payti bizga gol juda kerak edi, shunda o'yin taqdiri boshqacha bo'lishi ham mumkin edi.
– Asror Aliqulov jamoalarni Proligadan Superligaga olib chiqish bo'yicha tajribaga ega mutaxassis. Joriy mavsum jamoangizning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
– Ko'ryapsiz, futbolchilarning professionalizmi va xarakter ko'rsatishi borasida biz o'z ko'rsatmalarimizni beramiz, lekin bazida bu etarli bo'lmay qoladi. Ayrim futbolchilar bilan biz birinchi yil ishlayapmiz. Shuning uchun ham har bir o'yinga alohida tayyorgarlik ko'rib, raqibni o'rganishga va o'z kamchiliklarimizni yaxshilashga harakat qilyapmiz.
Lekin ko'p narsa maydondagi burilishlar va holatga qarab to'g'ri qaror qabul qilishga ham bog'liq. Ko'rib turganingizdek, maydondagi kichik xatolar ham o'yin taqdirini hal qilib yuboryapti.



