"Qo'qon-1912" bosh murabbiyining iste'fo so'roviga klub rahbariyati qanday munosabat bildirdi?

Оқил Абдубарноев
22 avg 2026, 21:05
"Qo'qon-1912" bosh murabbiyi Andrey Shipilov "Surxon"ga qarshi mag'lubiyatdan so'ng iste'fo so'ragach, klub rahbariyati bilan muzokaralarni ochiqladi.

"Bo'lib o'tgan muloqot yuzasidan shuni takidlashim mumkinki: murabbiy biror jamoani qabul qilib olgach, kutilgan natija qayd etilmasa hamda unda mas'uliyat hissi bo'lsa, jamoaning inqirozga yuz tutishini istamagan holda, o'z xohishi bilan iste'foga chiqadi. Bu hissiyotlarga berilish emas – balki mutlaqo mantiqiy va tabiiy fikrlar edi.

To'rtta uchrashuvda birorta ham ochko qo'lga kiritilmagani sababli, natijalar qoniqarsiz ekanligini inobatga olib, rahbariyat zarur deb topgan taqdirda tegishli qarorni qabul qilishga tayyor ekanligimni bildirdim. Shu bois, vaziyatni o'nglash uchun yangicha yondashuv va o'zgarishlar talab etilishini to'la anglab etdim. Mening tomonimdan barchasi xolis va obektiv baholandi.

Rahbariyatning munosabatiga kelsak – ular tomonidan ishonch saqlanib qoldi. Ular zudlik bilan munosabat bildirib, barchasi odatiy ish rejimida davom etishini ma'lum qilishdi. Agar hozir shu yerda faoliyatimni davom ettirayotgan bo'lsam va mazkur holatdan so'ng yana uchta uchrashuv o'tkazgan bo'lsak – demak, menga va olib borayotgan ishimga nisbatan rahbariyatning ishonchi hamon mavjud.

Ma'lumki, murabbiylik faoliyatining o'ziga xos xususiyati shunda. Ertami-kechmi har qanday darajadagi, malaka va toifadan qati nazar, eng tajribali murabbiy ham o'z lavozimini tark etishi mumkin. Buni barcha mutaxassislar yaxshi tushunadi. Murabbiylik kurslarida tahsil olish jarayonida eng avvalo mazkur qoida o'rgatiladi. Kamida mening tajribamda shunday talim berilgan.

Natija qayd etilmagan taqdirda, albatta, qandaydir choralar ko'rilishi lozim. Bazi mutaxassislar dastlabki uchrashuvdan so'ngoq iste'foga chiqariladi. Boshqalarga esa 15 tur davomida imkoniyat beriladi – jamoa g'alaba qozonmay quyi ligaga tushib ketsa ham, hech qanday o'zgarish yuz bermaydi.

Shuningdek, o'z kasbiga xolis va jiddiy yondashadigan, nafaqat o'z manfaati yoki shartnoma shartlarini, balki jamoa taqdirini ham o'ylaydigan murabbiylar mavjud. Mening ushbu vaziyatdagi nuqtayi nazarim ham aynan shunga asoslangan edi. Oldinda bizni ko'plab uchrashuvlar kutib turibdi va biz natijalarimiz hamda ko'rsatkichlarimizni yaxshilash yo'lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz", dedi 55 yoshli mutaxassis.

Eslatib o'tamiz, shundan so'ng vodiyliklar uch o'yinda 7 ochko jamg'ardi. Ortda qolgan 18 turdan so'ng "Qo'qon-1912" 18 ochko bilan turnir jadvalida 15-o'rinda bormoqda.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia