Ro'ziqul Berdiev: "Keyingi mundialga chiqa olmaslik biz uchun falokat hisoblanadi"

Оқил Абдубарноев
17 iyul 2026, 00:20
Superliganing 12-turi doirasida "Bunyodkor"ga qarshi o'yindan so'ng (3:1) "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqida...

– O'yinning dastlabki 10–15 daqiqasini yomon boshladik, ustiga-ustak gol o'tkazib yubordik. Goldan keyin, balki, vaziyatni o'nglash uchun yigitlarimiz o'zida kuch topa oldi va sifatli o'ynashni boshladi. To'p nazoratiga kelsak, albatta, bu issiqda to'pni nazorat qilish juda ham muhim edi. Yaxshi nazorat qildik, o'yinda yaratilgan vaziyatlardan ham unumli foydalandik. Bu bizga, albatta, g'alaba keltirdi.

Albatta, bugungi raqibimiz oddiy jamoa emas edi. Biz yaxshi jamoani mag'lubiyatga uchratib, 3 ochkoni qo'lga kiritdik. Balki, o'yin tempi juda ham yuqori bo'lmagandir, chunki bunday issiqda temp yuqori bo'lishi qiyin. Shunga qaramasdan, yigitlarimiz maydonda sifatli o'yin ko'rsatishga harakat qilishdi.

– Uzoq kutilgan g'alaba bilan tabriklayman. Biroq “Nasaf”ning hozirgi turgan o'rni – turnir jadvalidagi o'rni o'ziga yarashadigan holatda emas. Qolaversa, yozgi transfer oynasida ham hozircha “Nasaf”dan yangilik kutmayapmiz. 10 yildan ortiq jamoaga rahbarlik qilayotgan davringizdagi eng qiyin holat deb aytsak bo'ladimi?

– Albatta, bu mavsum biz uchun og'ir bo'lishini bilardik. Bilasizlar, o'n nafar eng yaxshi, yetakchi o'yinchilarimiz jamoani tark etganida, bu har qanday jamoaga qattiq ta’sir qiladi. Shunga qaramasdan, vaziyatni o'nglab, ichki zaxiramizdan foydalanib, yoshlarga imkoniyat beryapmiz. Bor imkoniyatdan, bor resursdan foydalanib o'yinimizni qurishga harakat qilyapmiz.

Albatta, jamoani kuchaytirish maqsadimiz bor, chunki ikkinchi davrada o'yinlarimiz juda ham ko'p bo'ladi. Biz xalqaro o'yinlarda qatnashishimiz kerak, shuning uchun rahbariyat bilan bu masalada suhbatlashyapmiz. Shunday og'ir moliyaviy vaziyatda ham imkoniyat yaratib, ma'lum poziciyalarga 2–3 nafar o'yinchi kerak bo'lishini ta'kidladik. Rahbariyat bunga yordam bermoqchi va bu, albatta, amalga oshadi.

O'zingiz ko'rdingiz, tarkibimiz bor, ammo hozir zaxirada o'tirganlarning deyarli barchasi yosh o'yinchilar. Yana shuni bilamizki, ikkinchi davra o'rtalarida Olimpiya terma jamoasining yig'inlari va o'yinlari boshlanadi. Shuning uchun transfer masalasida yangi o'yinchilarni tarkibga qo'shish biz uchun juda muhim. Buni, albatta, amalga oshirishga harakat qilamiz.

– Tayyorgarlik jarayonlarida guvoh bo'ldim, bugungi o'yinda maydonga tushgan Shala va Sakari qaydnomada ham yo'q edi. Shala qaytdi, Sakarining shartnomasi tugashiga hali bir oy bor edi, u bilan shartnoma bekor qilinganga o'xshaydi. Shu ikkisi bo'yicha izoh bersangiz.

– Qaydnomada yo'qmi, demak, kelishuv amalga oshirilgan. Aslida uning shartnomasi tugashiga bir oy qolgan edi. Shuning uchun biz uning bilan shartnomani bekor qildik. Bilasizlar, jarohati tufayli baribir o'zini tiklay olmadi, shu sababli biz uni mashg'ulotlarga ham qatnashtirmadik.

Shalaga kelsak, u oxirgi nazorat o'yinlarimizda qatnashmadi, unda ham engil jarohat bor edi. Hozir ko'pchilik yigitlarimizning holati yaxshi – to'liq o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazgan yigitlarning formasi juda yaxshi. Yig'inni zo'r o'tkazdik, lekin Shala, G'olib va Umarda o'yin amaliyoti yo'qligi biroz sezilyapti.

1000137751.jpeg

– Umuman olganda, qandaydir legionerlar olish rejasi bormi? Chunki baribir “Nasaf” xalqaro maydonda O'zbekiston nomidan ishtirok etadi...

– Hozirgina bu savolga javob berib o'tdim. Biz rahbariyat bilan bu haqida gaplashyapmiz, albatta, buni amalga oshirishimiz kerak bo'ladi.

– Ob-havoga qaramay, o'yin tempi yaxshi bo'ldi, menga yoqdi. Endi savolim bugungi o'yinga emas, Jahon chempionatiga tegishli. Bilamizki, murabbiylar asosan boshqa mutaxassislarni kuzatishadi. Klublar miqyosidagi taktikalar ko'pincha Chempionlar ligasidan o'rganiladi. Terma jamoalar o'yinida esa, masalan, Desham kabi murabbiylarning taktikasi tahlil qilinadi. Ayting-chi, ushbu Jahon chempionatida ishtirok etayotgan murabbiylardan o'zingiz uchun nimadir olyapsizmi yoki faqat top-ligalar va UEFAdagi turnirlarni kuzatasizmi?

– Albatta, barcha o'yinlarni imkon qadar kuzatishga harakat qilyapman. Lekin bitta tendenciya o'zgarishsiz qolyapti: qaysi jamoaning o'yini yaxshi shakllangan bo'lsa, o'sha jamoa natija ko'rsatyapti. Undan tashqari, oxirgi yillardagi futbolda aksariyat jamoalar himoyaga qattiq e'tibor qaratib, qarshi hujumlarga tayanib harakat qilayotganini ko'rdik. Lekin men Ispaniya va Fransiya o'rtasidagi oxirgi o'yinni kuzatib, shunga amin bo'ldimki, baribir tartibli o'yin, to'pni to'liq nazorat qilish va jamoaviy harakatlar bilan raqibning individual o'yinchilarini yopib qo'yish albatta natija berar ekan. Buni Ispaniya misolida ko'rdim.

Albatta, ko'plab murabbiylar bor, ular har xil taktika tanlashdi. Lekin e'tibor bergan bo'lsangiz, maydondagi joylashuvlarda ko'p narsa o'zgarmadi. Shunday bo'lsa-da, qaysidir manoda, jamoalarning chempionatga ruhiy jihatdan tayyorlanishi, menimcha, birinchi o'ringa chiqyapti.

O'zingiz ko'ryapsiz, Argentina jamoasining ruhiy tayyorgarligi, har bir o'yinga bo'lgan ishtiyoqi va kayfiyati hammadan yuqori ekani sezilyapti. Kecha bunga yana bir bor amin bo'ldik: ular oxirigacha kurashadigan jamoa ekanligini yana isbotlashdi. Shuning uchun ham jamoani ruhiy tarafdan yaxshi tayyorlash muhimligiga va murabbiylar aynan shunga e'tibor qaratayotganiga ishonch hosil qilyapman.

Biz Marokash, Shveytsariya va Norvegiya kabi jamoalarni ham ko'rdik. Menimcha, ulardagi futbolchilarning darajasi nisbatan pastroq bo'lsa ham, ruhiy tarafdan tayyorgarligi, o'ziga bo'lgan ishonchi va hech kimdan qo'rqmasligi natija berdi. Ular har bir raqibga munosib qarshilik ko'rsatib, maydonda ular uchun obro'-e'tiborli raqib tushunchasi yo'qligini ruhan namoyish etishdi. Shuning hisobiga ular bemalol kuchli sakkizlikka kirib, jiddiy raqiblarga qarshilik ko'rsata olishdi.

Umuman olganda, sportda, xususan, futbolda ruhiy tayyorgarlik ko'p narsani hal qiladi. Shu chempionat orqali shunga amin bo'lyapmanki, jamoalar va murabbiylar bu jihatga juda katta e'tibor qaratmoqda.

– Jahon chempionatida joriy etilgan "kuling-brek" qanchalik kerak?

– Bugungi o'yinda judayam kerak edi, sababi havo judayam issiq edi. Amerikada havo qanday edi, bilmayman, lekin buni ustida mutaxassislar puxta o'ylashgan bo'lsa kerak.

– Men ham Jahon chempionati haqida so'ramoqchiman. Mutaxassis sifatida Fabio Kannavaroga qanday baho berasiz? "Nasaf" futbolchilarigachi? Ne'matovda bosim yo'qmi? Tarkibdagi 26 o'yinchidan 23 nafari o'ynagan bo'lsa ham, terma jaamoadagi faoliyatini yakunlash arafasida bo'lgan Umar Eshmurodovga imkon berilmadi. Shular haqda fikringiz qanday?

– Bilmadim, endi futbolchilarning holati qanday bo'lgan, yigitlarning imkoniyati va sport formasi qay darajada ekanligini bizdan ko'ra Kannavaroning o'zi yaxshi biladi. Abduvohidda ham xatolar bo'ldi. O'zi bilan bu haqda suhbatlashdim. Eng asosiysi – u bunday vaziyatni engishi va unutishi kerak. Qiyinchiliklarni enga olish kuchli insonga xos jihat.

Maqsadimiz Jahon chempionatida ishtirok etish edi va bunga erishdik. Xato va kamchiliklar dars bo'ldi, buni tuzatish kerak. Endilikda Jahon chempionatida muntazam qatnashishimiz kerak. Keyingi mundial chiqa olmaslik biz uchun falokat hisoblanadi. Hammasi yaxshi bo'ladi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia