

"Maydonda jang bo'ldi. Ikki jamoa ham sifatli o'yin namoyish etishga intildi. Stadionga kelgan muxlislarni gol bilan xursand qila olmadik, ammo jamoalar etarlicha vaziyatlar yaratishdi. Besh nafar asosiy tarkib futbolchimiz yo'q edi. Raqib ham ancha jiddiy edi. Shu sababli bizda xavotir bor edi. "Navbahor" jamoasi ko'p rotaciya qiladigan jamoalardan biri. Zaxira o'rindig'i ham juda kuchli. Shuning uchun ikkinchi bo'lim so'ngida ko'proq himoyalanishga e'tibor qaratdik. Yosh yigitlar maydonga chiqishdi. Ulardan faol o'yin kutib qolamiz. Durang adolatli natija bo'ldi", - deya gap boshladi Ro'ziqul Berdiev.
- Muxlislar har bir o'yinga tashrif buyurmoqda va jamoani yolg'izlatib qo'ymayapti...
- O'z uyimizda o'ynashni sog'indik. Keyingi uchrashuvlarni Qarshida o'tkazamiz degan umiddaman. Har bir uchrashuvni safarda o'tkazyapmiz, muxlislarimiz esa har doim biz bilan birga. Ularni ko'proq g'alabalar bilan xursand qilishimiz kerak.
- Ikkinchi bo'limdagi "Nasaf"dan qanchalik ko'nglingiz to'ldi? "Nasaf" birinchi bo'limdagidek o'ynashda davom etganida g'alaba qozonib ketishi mumkinmidi?
- O'z holatimizdan kelib chiqib shunday qaror qildik. Zaxiradan maydonga tushib, o'yinni kuchaytira oladigan futbolchilarimiz yo'q edi. Shuning uchun tashabbusni raqibga berib qo'ydik. Lekin qarshi hujumlarimiz xavfli tus oldi. Ulardan to'g'ri foydalanganimizda rejamiz amalga oshardi.
- Aprel oyi boshida boshlangan zich taqvimli bosqich ortda qoldi. Ushbu davr mobaynida "Nasaf" bir marotaba g'alaba qozonib, to'rtta o'yinda durang va ikkita bahsda mag'lub bo'ldi. Jamoangiz ushbu davr mobaynida necha ochko to'plashni reja qilgan edi?
- Rejamizga qarasak, 7-8 ochko yo'qotdik. Kuchli jamoalar bilan ham o'ynadik, ammo "Lokomotiv" va "Surxon" jamoalariga qarshi o'z darajamizdan past o'yin namoyish etdik. Bazi bir o'yinlarni yetakchilarga qarshi o'tkazdik. Hozirgi tarkibimiz bilan esa "grand"larga qarshi o'ynash biroz qiyinchilik tug'dirmoqda.
- Ko'plab jamoalarning bosh murabbiylari klublardagi moliyaviy muammolar haqida gapirib o'tishmoqda. "Nasaf"dagi hozirgi holat qanday? Hokimiyat 100 milliard so'm miqdoridagi mablag' ajratishni vada berdi degan gap-so'zlar qanchalik rost?
- Bu haqda eshitmadim. Sizlarda ham bu haqda ma'lumot bor. Qarzdorliklarimiz bor, ammo rahbariyatga ishonamiz. Bu masalani matbuot bilan muhokama qilmoqchi emasman. Rahbariyat bilan bu haqda kelishib olamiz.
- Moliyaviy holat noma'lum bo'lib turganida futbolchilarni o'yinga tayyorlash qanchalik qiyin kechmoqda? Baribir moliyaviy muammoga o'z ta’sirini o'tkazmay qolmaydi. Jamoani ruhlantirish qiyin bo'lmayaptimi? Ayniqsa "Paxtakor" yoki "Navbahor" kabi kuchli jamoalarga qarshi o'yinlarda...
- Hozirgi tarkibimizni "Navbahor" tarkibi bilan taqqoslab bo'lmaydi. Bizda yoshlar ko'p. Asosiy vazifamiz yoshlarning tajribasini orttirish. Bilasiz, mavsumni yaxshi boshladik, ammo o'rtada Davronov jarohat oldi. Keyin esa keraksiz qizil kartochkalar. Bularning barchasi natijamizga ta’sir o'tkazdi. O'yinimiz himoyaga asoslangan, agar to'liq asosiy tarkib bilan o'ynab turganimizda holatimiz yaxshiroq bo'lar edi.
- Himoyaga asoslangan o'yin namoyish etamiz deyapsiz. Umar Eshmurodov katta ehtimol bilan MTJga yo'l oladi. Kubok bahslariga himoya chizig'i yanada zaiflashib qolmaydimi?
- Oldindagi tanaffus bizga yordam beradi degan umiddamiz. Yigitlarga dam berdik. Jarohatlarni ham davolab olamiz.




