

Bunda "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Andijonda doim yaxshi futbol muhiti hukm surgan va buni ko'p bora aytganmiz. Bugun ham shunday bo'ldi, ikkala jamoa chiroyli o'yin ko'rsatishga harakat qildi. Har ikki jamoa Kubokda guruhdan birinchi o'rin bilan chiqishni maqsad qilgan. O'yin kurashlarga boy kechdi, ishtiyoq yuqoriligi ko'rinib turdi. Yigitlarimizga katta rahmat aytib qolaman. "Andijon" tarkibidan kelib chiqqan holda ikkinchi raqam bilan o'ynashni lozim topdik. Himoyada yaxshi o'yin ko'rsatdik deb o'ylayman. Durang natija ham yomon emas.
- Goldan keyin jamoangiz durangni ushlab qolishga harakat qilgandek ko'rindi.
- To'g'ri aytdingiz, biz shunday o'ynadik. Bugungi holatimiz va tarkibimiz bilan "Andijon" jamoasiga tenglashish qiyin. Buni juda yaxshi tushunib turibmiz. Raqib safida mahoratli futbolchilar ko'p. Shu bois durang bizni qoniqtirdi. Futbolchilar joylashuviga o'zgartirish kiritganimiz raqibda noqulaylik tug'dirdi va bundan foydalanib gol urdik. Tarkibimizda yoshlar ko'p, ular o'z tajribasini orttirib borsa bu jamoamiz yutug'i bo'ladi.



