Bobir Abdixoliqov: "Bizga chiroyli gol emas, natija kerak"

17 iyul 2026, 00:45
Superliga 12-turi doirasida "Bunyodkor" maydonidagi g'alabadan keyin "Nasaf" hujumchisi, uchrashuvda dubl qayd etgan Bobir Abdixoliqov o'z fikrlarini bildirdi.

"Bugun muhim o'yinda g'alaba qozondik. Tanaffusdan so'ng birinchi bahsni yutuq bilan boshlab olishimiz shart edi. Xudoga shukur, uch ochkoni qo'lga kiritdik. Ushbu g'alabani muxlislarimizga bag'ishlaymiz", - deydi Bobir Abdixoliqov.

- Ikki principial raqibning oxirgi uchrashuvlarida faqat durang qayd etib kelinayotgandi. Bugun ushbu ananaga chek qo'yildi...
- Har qanday seriyaning yakuni bo'ladi. Bu anana ham qachondir tugashi kerak edi va bugun bunga chek qo'ydik.

- Tanaffusda murabbiy jamoaga nima dedi, qanday ko'rsatmalar berdi?
- Faqat g'alaba qozonish haqida gapirildi va ikkinchi bo'limda tempni yanada oshirishimiz kerakligi tushuntirildi.

- Bilol Toshmirzaevning urgan goliga munosabatingiz qanday?
- Juda chiroyli gol bo'ldi. Lekin oldinda hali o'yinlar ko'p. Biz uchun hozir chiroyli gol emas, eng muhimi - g'alaba va natija edi.

- Sizni yana to'purarlar poygasida ko'ramizmi?
- Men har doim to'purar bo'lishga harakat qilaman. To'g'ri, mavsumni biroz omadsiz boshladim, lekin hozir asta-sekin optimal formamga kirib boryapman.

- Jamoa OCHLda ishtirok etadi. Bu borada klubdagi vaziyat va tarkib yanada kuchayishi kutilyaptimi?
- Hammasi yaxshi bo'lishi kerak. Oldinda muhim bahslar kutib turibdi. Kuchayish esa jamoaga faqat va faqat foyda keltiradi.

- JCH finalida kim g'olib chiqadi deb o'ylaysiz?
- Men muxlislik qilgan terma jamoa allaqachon musobaqani tark etdi. Fikrimcha, Ispaniya chempion bo'lsa kerak. Ularda jamoaviy o'yin juda yaxshi shakllangan. Argentina esa o'ziga xos xarakter namoyish etmoqda. Har qanday holatda ham juda qiziqarli final guvohiga aylanamiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia