"Roma" Nepaldagi qutqaruv operaciyasini qo'llab-quvvatlash uchun maxsus libosda maydonga tushadi

Sherzod Nurmatov
10 sen 2026, 19:45
“Footy Headlines” tarqatgan xabarga ko'ra, "Roma" bugun Chempionlar Ligasi doirasidagi "Fenerbaxche"ga qarshi uchrashuvda Jahon oziq-ovqat dasturining (WFP) Nepaldagi insonparvarlik harakatlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida maxsus libosda harakat qiladi.

"Roma"ning odatiy bosh homiysi bo'lmish Eurobet.live o'rniga, mazkur bahsda klubning uy libosi ko'krak qismida BMT Jahon oziq-ovqat dasturi logotipi, shuningdek, "Nepal uchun birgamiz" yozuvi va Nepal bayrog'i aks ettiriladi.

2.jpg

Bunday almashtirish Turkiyadagi qatiy reklama qoidalari bilan bog'liq. Mahalliy qonunchilik qimor va bukmekerlik brendlarining reklamasini joylashtirishni taqiqlaydi, shu sababli "Roma" o'z liboslarida odatiy homiy logotipidan foydalana olmaydi.

Formaning ko'krak qismini bo'sh qoldirish o'rniga, "Roma" Nepaldagi gumanitar inqirozga e'tibor qaratish uchun Jahon oziq-ovqat dasturi bilan hamkorlik qilmoqda. Yaqinda sodir bo'lgan kuchli suv toshqinlari va ko'chkilar oqibatida taxminan 43 000 kishi o'ta muhtoj ahvolda qolgan.

O'yindan so'ng "Roma" ushbu uchrashuvdagi 2026/27 yilgi mavsum liboslarini kimoshdi savdosiga qo'yadi va tushgan barcha mablag' Jahon oziq-ovqat dasturining shoshilinch yordam ko'rsatish say-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga yo'naltiriladi.

Bundan tashqari, muxlislar yordam ishlarini bevosita qo'llab-quvvatlash uchun BMTning ShareTheMeal ilovasi orqali maxsus yo'lga qo'yilgan mablag' yig'ish kampaniyasida ishtirok etishlari mumkin.

“Fenerbaxche” – “Roma” bahsi Toshkent vaqti bilan 21:45 da boshlanadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Footy Headlines