

Shu tanaffus va boshqa mavzularda "Yaypan Farg'ona" bosh murabbiyi Rashid G'ofurov bilan suhbatlashdik.
- Rashid aka, Proligada bir oydan ko'proq tanaffus bo'ldi. Shu tanaffusdan jamoa qanday foydalandi? Shu haqda gapirib bersangiz.
- Tanaffusdan biz juda unumli foydalanishga harakat qildik. Kam-ko'stsiz bo'lmaydigan narsaning o'zi yo'q. Kam-ko'stsiz bajarsa ham bo'ladigan yig'in o'tkazdik. Hech qanday muammo bo'lmadi bizda. Ikkita bosqichga bo'lingan holda chiroyli, yaxshi, o'zimizga mos va xos o'quv-yig'in mashg'ulotlarini o'tkazib oldik. Menimcha, yigitlarning jismoniy holati yomon emas, yaxshi. Faqat bitta narsadan ko'nglim to'lmadi. Biz o'zimiz chiqarib yuborgan 6–7 nafar o'yinchimizning o'rnini to'ldiradigan futbolchilarni jalb qila olmadik. Umuman olganda, yig'indan ko'nglim to'ldi. Yaxshi o'tdi, yomon emas.
- O'rtoqlik o'yinlari haqida ham gapirib bersangiz. Raqiblardan ko'nglingiz to'ldimi?
- O'rtoqlik o'yinlari haqida to'g'ri aytyapsiz. Yig'in paytida ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun o'rtoqlik uchrashuvlarini tashkil qildik. Birinchi liga vakili "Havokand", "Andijon"ning aralash va asosiy tarkibi, "Neftchi"ning asosiy tarkibi hamda Tojikistonning "Istiqlol" jamoasi bilan o'ynadik.
Xullas, oxirgi o'yinimiz - Tojikiston chempioni "Istiqlol" jamoasiga qarshi bahs haqida juda ijobiy fikr bildiraman. Sababi, o'quv-yig'in mashg'ulotlarimiz qanday o'tganini aynan shu o'yin orqali baholab oldik. Kuchli jamoaga qarshi yigitlarimiz juda chiroyli o'yin namoyish etishdi. Sababi, kuchli raqibga qarshi uchrashuvda ham jismoniy, ham texnik tomondan yutqazganimiz yo'q. Hech qaysi jihatdan ortda qolmadik.
Shundan so'ng yig'in yakunlanishi bilan "Kattaqo'rg'on"ga qarshi o'yinni boshladik. Uchrashuvni 2:1 hisobida yutqazgan bo'lsak ham, 90 daqiqa bo'lmasa-da, taxminan 70 daqiqa davomida o'yinni biz boshqardik. Yigitlarimizga omad yetishmadi. Zaxirada gol uradigan hujumchimiz yo'q. Qayerdadir nimadir yetishmayapti. Lekin o'yinni to'liq biz nazorat qilib bordik. Natija asta-sekin bo'ladi, xudo xohlasa.
- Jamoaga yangi kelgan futbolchilar haqida nima deysiz? Ular tezda jamoaga moslashib keta oladimi?
- Albatta. Biz bularni oldin ham ko'rganmiz. Ko'rib-bilganimiz uchun bizga moslashib ketadigan, bizning o'yin uslubimizga mos tushadigan o'yinchilar bo'lgani uchun ularni jamoaga taklif qildik. O'yinchilar ko'p, lekin biz ularni hozir jamoamizga qabul qilaman desak, o'yin uslubimizga tushmasligi mumkin yoki biz ularga tushmasligimiz mumkin. Shuning uchun ikkala tomon bir-biriga mos kelsagina jamoaga qabul qilsa bo'ladi.
Qandaydir yaxshi, zo'r natija qiladigan o'yinchi bo'lishi mumkin, lekin bizning o'yinimizga tushmasligi ham mumkin. Shuning uchun biz buni o'yinchilarni tanlash, yani podbor igrokov deymiz. Biz o'yin uslubimizga mos tushadigan futbolchilarni qidirishda davom etyapmiz. Transfer oynasi yopilguncha topsak, ketgan futbolchilar o'rnini qoplab olsak, mavsum davomida qiynalmasdik.
Mana, kecha "Kattaqo'rg'on" bilan o'yinda markaziy himoyachimiz qizil kartochka oldi. Yana ikki-uch nafar futbolchimizda jarohat bor. Muslim Habibullaev, Bekzod G'afurjonov va Firdavs Umaraliev ham jarohatda. Bularni sog'ayib tezda safimizga qaytishini xohlaymiz. To'rtta asosiy o'yinchimiz yo'qligi sababli tayanch yarim himoyachisini markaziy himoyaga qo'yishga majbur bo'ldik. To'rtta asosiy futbolchisiz "Kattaqo'rg'on"ga qarshi o'ynadik. Shularning o'rnini to'ldiradigan futbolchilarni topganimizda, menimcha, bunchalik qiynalmasdik.
- Jarohat olgan futbolchilar qachon tarkibga qaytadi?
- Jarohatdagi futbolchilarimizning, xudo xohlasa, tezroq qaytishini biz ham juda xohlardik. Sababi, ular jamoaga moslashgan, jamoaga o'rganib qolgan va jamoaga foydasi tegadigan futbolchilar. Ularning o'rnini to'ldirish, yangi kelgan futbolchilarni ular singari bizning o'yin uslubimizga moslashtirish qiyinchilik tug'diradi. Ular biz uchun allaqachon tayyor o'yinchilar edi. Endi bu futbol. Futbolda jarohatlarsiz, yo'qotishlarsiz o'yin bo'lmaydi.
- Mavsumning ikkinchi yarmida jamoaning maqsadi qanday? Rahbariyat nechanchidir o'rinni olish vazifasini qo'ydimi?
- Bizning maqsadimiz ikkinchi davrada emas, birinchi davrada ham hech qanday aniq o'rin egallash bo'lmagan. Maqsadimiz - shu o'yinchilarni yaxshi jamoalarga etkazib berish. Chiroyli o'yin namoyish qilib, ularga o'yin amaliyoti berish, futbolchilarni reklama qilib, bizdan yuqori darajadagi jamoalarga etkazib berish.
Hozir futbolchilarimizni "Mashal", "Surxon" va boshqa jamoalar taklif qilyapti. Biz esa ularni mamnuniyat bilan beramiz. Sababi, ularni Superliga jamoalari so'rayapti. Asl maqsadimiz ham shu edi.
Lekin bizga "falon o'rinni olasizlar", "uchinchi bo'lasizlar" yoki "ikkinchi bo'lasizlar" degan vazifa qo'yilmagan. Bizning vazifamiz - yigitlarni tarbiyalab, yaxshi futbolchilarni etkazib berish. Ularning



