

TASS agentligining xabar berishicha, Fransiyaning “Monako” klubi futbolchisi jarohati tufayli Rossiya milliy terma jamoasining noyabr oyidagi yig'iniga qo'shilmaydi.
“Golovin milliy terma jamoaga kelmaydi. Uning o'ng boldir mushagida jarohat bor”, – dedi agentlik manbasi.
Futbolchining agenti Aleksandr Klyuev ham ushbu ma'lumotni tasdiqladi.
“Sashada jarohat bor. U milliy terma jamoaning noyabr oyidagi yig'inini o'tkazib yuboradi. Tiklanish muddati bo'yicha ‘Monako’ tibbiy shtabidan ma'lumot kutyapmiz”, – dedi Klyuev.
Eslatib o'tamiz, 30 yoshli futbolchi 8 noyabr kuni Fransiya chempionatining “Le-Man”ga qarshi uchrashuvida (1:1) jarohat olib, 54-daqiqada almashtirilgan edi.
Golovin Rossiya terma jamoasining O'zbekiston va Venesuelaga qarshi uchrashuvlar uchun e'lon qilingan tarkibidan joy olgandi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston – Rossiya o'rtoqlik uchrashuvi 12 noyabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” markaziy stadionida soat 20:00 da boshlanadi.



