Qora kunlar intihosi

admin
29 may 2026, 19:25
Kuni kecha Fabricio Romano tomonidan e'lon qilingan Entoni Gordon transferi ko'pchilik futbol muxlislarini hayratga soldi.

Qizig'i shundaki, "Barsa" bu bilan to'xtab qolmoqchi emas. Klubning short-listida Xulian Alvares, Markos Senesi, Bernardu Silva kabi futbolchilar ham bor.

4.jpg

Kataloniyaliklar hatto Xulian uchun 90 million va bonuslarni o'z ichiga olgan birinchi taklifni ham yuborib ulgurdi. Mavsum yakuniga yetib, mundialga 1 oydan kam qolgan paytda "Barsa"ning transfer oynasida faollashishi mantiqiy, chunki futbolchilar JCH paytida diqqatini faqat musobaqaga qaratgani bois transfer bozori sustlashadi va muzokaralardagi samaradorlik pasayadi.

Lekin savol boshqa yerda: yillar davomida transfer bozoridagi eng kamtarona jamoalardan biriga aylangan "Barsa" qanday qilib birdaniga “quturib ketdi”? Kataloniyaliklar transferlarga qayerdan pul topyapti? Quyida shularni tushuntirishga harakat qilamiz.

Klub katta transferlarga qanday qaytganini tushunishimiz uchun, avvalo, ular qanday qilib cheklovlarga duchor bo'lganidan boxabar bo'lishimiz kerak.

5.jpg

Gap shundaki, Ispaniya Qirolligi futbol federatsiyasi va La Liga har bir jamoaning yillik daromadidan xabardor bo'lib turadi, yani La Ligada o'ynaydigan har qanday jamoa har 6 oyda o'zining chiqim va foydalari hisobotini topshirishga majbur. Federatsiya klubning iqtisodiy holatini o'rganib, har bir klub uchun ma'lum miqdorda limit belgilaydi. Bu limit o'z ichiga futbolchilar, murabbiylar, skautlar, akademiya va yoshlar jamoasi, xullas, deyarli barcha shartnoma asosida ishlaydigan xodimlarning maoshi va soliqlarini oladi. Limit - klubning yillik xarajatlari uchun qo'yilgan cheklov bo'lib, klublar undan ortiq chiqim qilishlari mumkin emas. Agar klub bu miqdordan chiqib ketadigan bo'lsa, unga yangi transfer qilishni ma'lum miqdorda taqiqlash va yana shunga o'xshash jazolar qo'llanishi mumkin. Federatsiya tomonidan klublar bankrot bo'lib ketmasligi uchun joriy etilgan bu qonun, amalda "Barselona"ning bo'yniga tushgan sirtmoqqa aylandi.

2018-2019 yilgi mavsumning oxirida klub bir milliardga yaqin daromad ko'rdi. Shunga binoan, federatsiya klubga 671 million evrolik limit qo'ydi, chunki klub topayotgan daromadni o'sha paytda Ispaniyadagi birorta jamoa topa olmas edi.

Foydaning katta qismi chiptalar, translyatsiya ulushi, homiylar va transferlar evaziga keldi. Bunday katta foyda ko'rayotgan klub tabiiyki yanada yashnab ketishi kerak edi. Ammo buning o'rniga kataloniyaliklar 2 yildan keyin katta qarzlarga botib qoldi. Bunga sabab Xosep Bartomeu va uning rahbariyati iqtisodiy taraflama ulkan xatolarga yo'l qo'yganidir. Avvalo, Neymar sotib yuborilgach, klub katta pullar evaziga Dembele, Koutino, Grizmann kabi narxi va maoshi o'ta baland bo'lgan futbolchilarni sotib oldi. Tarkibdagi Messi, Alba, Buskets, Pike va Umtiti kabi o'yinchilar bilan shartnomani uzaytirish paytida haddan tashqari yuqori maoshlar belgilandi. Yillar davomida to'langan katta maoshlar va pala-partish transfer siyosati "Barsa"ni tom manoda qulatdi.

6.jpg

Pandemiya boshlangach, stadionlar yopildi. Tabiiyki, unga tobe bo'lgan klub muzeyi, do'konlar va boshqa kichik daromad keltiruvchi manbalar faoliyati ham to'xtadi. Homiylardan keladigan mablag' ham bir muncha pasaydi. Lekin klub har qanday holatda ham qo'l ostidagi o'yinchilarining maoshini to'liq berishi shart edi. O'sha paytda klub banklardan qisqa muddatli va o'ta katta foiz evaziga qarzlar ola boshladi. Birgina klubdagi futbolchilarning maoshi 600 milliondan ortib ketdi. Buning ustiga sotib olingan futbolchilarning transfer summasi ham to'laligicha berilmagani uchun "Barsa" boshqa klublardan ham qarzdor edi. Rahbariyat ichki xarajatlarni qoplash uchun olgan millionlab dollarlik qarzlar asta-sekin klubning bo'ynidagi sirtmoqni mahkamlab bordi.

2021 yili Joan Laporta prezidentlikka kelganida "Barselona"ning futbolchilardan (kechiktirilgan maoshlar), transferlar va banklardan olgan qarzlari 1,35 milliard dollarga etgandi.

Jamoaning qarzi ko'paygani bois limiti keskin kichraytirildi va katta maoshli futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazishda klub jiddiy muammolarga duch kela boshladi. Laporta va uning jamoasi asta-sekin katta maoshli futbolchilar bilan xayrlashishga majbur bo'ldi, chunki klubning ichki xarajati uning kirimidan ko'payib ketgandi.

Shunday qilib, Messi va boshqa faxriy o'yinchilar klubdan ketdi. Garchi ular o'z o'yinlari bilan olgan pullarini oqlagan bo'lsa-da, inqirozdagi klub uchun ularning maoshi juda og'irlik qilardi. Pike va bazi o'yinchilar esa maoshlarining ma'lum qismidan kechdilar. Klub "La Masiya"ga tayandi va kam xarajatli kichik transferlarni amalga oshira boshladi. Maoshlar tartibga keltirildi, muxlislar stadionga qaytdi, homiylar faollashdi. Biroq bu ham klubning ulkan qarzini tezda yopishga etmas edi.

Laportaning inqirozdan chiqish uchun qilgan ikkinchi yurishi - "Kamp Nou"ni qayta ta'mirlash (Espai Barça loyihasi) bo'ldi. Inqiroz holatida bo'lsa ham "Barsa" bu ishga qo'l urdi, chunki klub stadioni zamonaviy talablarga javob bermaydigan holatga kelib qolgan va rahbariyat xavfsizlik choralari tufayli jarima to'lashga yaqin edi. Bundan tashqari, yangi stadionda VIP o'rindiqlar ko'payishi, u uchrashuvlardan tashqari koncertlar va boshqa tadbirlar uchun ham ijaraga berilishi kelajakda klubga ulkan foyda keltiradi.

Uchinchi yurish esa sotish mumkin bo'lgan barcha narsadan foydalanish va iqtisodiy richaglarni ishga solish bo'ldi. Stadion nomining o'zgartirilishi, "Nike” bilan imzolangan yangi tarixiy bitim, stadion chimi va o'rindiqlarini esdalik sifatida sotish kabi omillar klubga yordam berdi.

7.jpg

Eng asosiysi, o'tgan mavsum yakunida Robert Levandovski kabi katta maoshli yulduz bilan xayrlashish hamda klub aktivlarining ma'lum ulushlarini sotish orqali qarzlar yopildi. Federatsiya avval 671 million bo'lgan limitni inqiroz paytida 382 milliongacha tushirib yuborgandi, yani agar o'yinchilarning umumiy maoshi bu limitga sig'masa, La Liga yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazishga ruxsat bermasdi. Va nihoyat, "Barselona" qarzlarining katta qismidan qutulib, balansni tikladi va "1:1" qoidasiga qaytdi. Bu esa klubga boshqa grandlar singari erkin transferlarni amalga oshirish va yangi yulduzlarni cheklovlarsiz ro'yxatdan o'tkazish huquqini taqdim etdi. Entoni Gordon orqali muxlislarini xursand etgan “Barselona” shu kunlarda yana bir necha katta transferlarni ko'zlab turgani, albatta Laporta va sheriklarining yillar davomidagi iqtisodiy yurishlari mevasidir…

Avazbek Mirsaitov tayyorladi

O'xshash yangiliklar


adminMuallif
Manba: Championat.asia