Otamendi: “Bolaligimdan Argentina terma jamoasi libosini kiyishni orzu qilardim. Oxirgi o'yinim Jahon chempionati finaliga to'g'ri keldi”

Sherzod Nurmatov
24 iyul 2026, 13:38
Himoyachi Nikolas Otamendi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi.

“Bolaligimdan Argentina terma jamoasi libosini kiyishni orzu qilardim. Bu futbol menga taqdim etgan eng buyuk sharaf bo'ldi. Men uni butun qalbim bilan, faxr va millionlab argentinaliklar uchun nimani anglatishini his qilgan holda, katta mas'uliyat bilan himoya qildim.

Taqdir shuni ravo ko'rdiki, mening oxirgi o'yinim Jahon chempionati finaliga to'g'ri keldi. Natija biz kutgandek bo'lmadi, ammo men boshimni baland ko'targan holda ketmoqdaman, chunki bu jamoa oxirgi soniyagacha bor kuchini berganini bilaman.

2.jpg

Maydonda bor-budimni qoldirganimdan qoniqish hissi bilan xayrlashmoqdaman. Men hech qachon o'zimni ayamadim, ishonishdan to'xtamadim va bu libosni hayotimdagi eng buyuk sharaf sifatida his qilishdan hech qachon chekinmadim…

Bugun Argentina milliy terma jamoasi bilan xayrlashmoqdaman, ammo o'z mamlakatim sharafini himoya qilganimdan cheksiz faxrlanaman. Chunki sovrinlar - bu tarixning bir qismi, ammo bu ranglarga bo'lgan muhabbat bir umr saqlanib qoladi…”, – dedi futbolchi.

Otamendi milliy terma jamoada 2009 yilda debyut qilgan. O'shandan beri himoyachi “albiseleste” tarkibida 139 o'yin o'tkazib, 8 ta gol urgan. Uning so'nggi bahsi 2026 yilgi Jahon chempionatining Ispaniyaga qarshi final o'yini (0:1) bo'ldi.

38 yoshli futbolchi Argentina terma jamoasi tarkibida 2022 yilgi Jahon chempioni hisoblanadi. Shuningdek, Nikolas “albiseleste” bilan ikki marta Amerika Kubogida zafar quchgan va JCH-2026 finalchisiga aylangan.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Reuters