FIFAdan kutilmagan qaror: Kaysedo va Otamendi Jahon chempionatining 1-turida maydonga tusha oladi

Iskandarov Abdulaziz
9 may 2026, 10:45
Ular mundialda o'ynaydi.

Ekvador terma jamoasi yarim himoyachisi Moyses Kaysedo, Argentina himoyachisi Nikolas Otamendi va Qatar vakili Tariq Salmon JCH-2026 guruh bosqichining ilk turida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi. Bu haqda ESPN nashri xabar bermoqda.

Eslatib o'tamiz, o'tgan yilning sentyabr oyida JCH-2026 saralashi doirasidagi Ekvador - Argentina (1:0) uchrashuvida Kaysedo va Otamendi maydondan chetlatilgan edi. Qoidaga ko'ra, ular jazo muddatini Jahon chempionati final bosqichining 1-turida o'tab berishlari kerak edi.

Shuningdek, oktyabr oyida BAAga qarshi bahsda (2:1) raqibga nisbatan noaxloqiy xatti-harakatlari va hakamga tashlangani uchun diskvalifikaciya qilingan Qatar terma jamoasi himoyachisi Tariq Salmonga nisbatan ham xuddi shunday cheklov mavjud edi.

FIFA byurosi nega bunday qarorga keldi?

Manbaning xabariga ko'ra, prezident Janni Infantino va oltita qita futbol tashkilotlari prezidentlaridan iborat FIFA byurosi barcha jamoalar uchun teng sharoit yaratish hamda musobaqada eng kuchli tarkiblar ishtirokini taminlash maqsadida bir o'yinlik diskvalifikaciyalarni Jahon chempionatiga ko'chirmaslikka qaror qilgan.

Qiziqarli jihati shundaki, futbolchilar o'z jazolarini bekor qilmaydilar. Ular Jahon chempionati yakunlanganidan keyingi ilk rasmiy xalqaro uchrashuvda o'zlarining tegishli diskvalifikaciyalarini o'tab berishlari shart bo'ladi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: FIFA