"O'shanda Mo'g'uliston juda va juda ojiz raqib edi, lekin mening qo'l ostimda ham ajoyib tarkib yig'ilgandi." - Veyga da Silva (2020 yilgi intervyudan)

Iskandarov Abdulaziz
10 sen 2026, 17:10
2020 yil karantinda Veyga da Silvaga "Feysbuk" orqali shunchaki yozgan edim.

Uni muxlislar 1998 yil "Paxtakor"ni chempion qilgani va Osiyo o'yinlariga olib borgani orqali yaxshi tanishadi.

O'shanda u murojaatimni o'qigan va savollarimga javob qaytargandi. Veyga da Silva bugun oramizda yo'q, lekin u bilan tashkillashtirilgan 6 yil oldingi intervyu shaxsiy arxivimda saqlanib qolingan ekan. 1998 yilgi Osiyo o'yinlarini yodga olish bahonasida braziliyalik murabbiy bilan kichik suhbatni e'tiboringizga havola qilamiz.

- Janob murabbiy, O'zbekistonda ishlagan davringizni qanday eslaysiz?

- Xotiralarim juda yaxshi. Har holda "Paxtakor"da muvaffaqiyatli natijaga erishdim. Fikrimcha, terma jamoadagi faoliyatim ham yomon kechmagan.

- Futbolchilarni aytishicha, mashg'ulotlarga yangilik olib kirgan ekansiz...

- Ha, bu to'g'ri. Mashg'ulotlarni rezina to'p bilan ishlashdan boshlardik. Shundan so'ng odatiy to'pga o'tilardi. Mirjalol Qosimovda texnika ajoyib edi. U barcha talablarga javob berardi. Igor Shkvirin ham juda zo'r ijrochi sifatida yodda qolgan.

- O'zbekiston terma jamoasida ko'proq imkoniyat olmaganman deb hisoblaysizmi?

- To'g'risi, yo'q. O'shanda nega iste'foga chiqarilganimni aytishmagan. O'zim ham qiziqish bildirmaganman. Meni "Paxtakor"ga taklif qilganlar ishimni kuzatishgandi, qanday murabbiyligimni bilishardi.

- Mo'g'iliston bilan 15:0 o'yin haqida gapirmasak bo'lmaydi...

- Hammasi oddiy. Raqib juda va juda kuchsiz edi, xolos. Bunga alohida jiddiy to'xtalish kerak emas.

- O'zbekistonda sizni xayron qoldira olgan 3 nafar futbolchini ayta olasizmi?

- 3 nafar juda kam. Qo'l ostimda Bugalo, Fyodorov, Shirshov,, Qosimov, Shkvirin kabi ajoyib nomlar bor edi.

- O'shanda JCH-1998 saralash bahslarining oxirida terma jamoani qabul qilgandingiz. Ertaroq kelganingizda natija qanday bo'lardi?

- Kech tayinlanishim o'zimga bog'liq emasdi.

Ma'lumot uchun, Ubiraja Veyga da Silva O'zbekiston milliy terma jamoasini jami 9ta rasmiy, 2ta o'rtoqlik o'yinida maydonga boshlab tushgan: 5ta g'alaba, 4ta durang va 2ta mag'lubiyat qayd etgan.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia